Jahon | 20:00 / 13.08.2018
25972
10 daqiqa o‘qiladi

Turkiya-AQSh munosabatlari. Inqiroz qanday yakun topadi?

Agarda Vashington Turkiyaga qarshi bir tomonlama harakatlarini to‘xtatmasa, Anqara yangi ittifoqchilarni topadi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ana shunday bayonot berdi. U shuningdek, hamkorlari bilan savdoni milliy valyutalarda amalga oshirish niyatida ekanligini aytdi. Erdo‘g‘anning ta'biri bilan aytganda, bu "ayyorona siyosiy o‘yin" qanday yakun topadi?

Uzoq yillik sheriklar

Ekspertlar NATO bo‘yicha bu ikki ittifoqchi orasida darz ketayotgan munosabatlar Anqarani Rossiya va Xitoyga yanada yaqinlashtiradi, deb hisoblashmoqda. 

Prezident Erdo‘g‘an The New York Times gazetasida chop etilgan maqolasida agarda AQSh Turkiyaga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqmaydigan bo‘lsa, Anqara yangi do‘st va ittifoqchilarni topishga mumkinligi haqida ogohlantirdi.

U Turkiya-Amerika munosabatlari tarixiga to‘xtalar ekan, ikki davlat o‘nlab yillar davomida NATO bo‘yicha strategik sheriklar bo‘lganini eslatdi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Turkiya manfaatlariga nisbatan bir necha marta tushunmovchilik va hurmatsizlik bilan yondashdi, bu ayniqsa keyingi yillarda kuchaydi.

Foto: REUTERS

Erdo‘g‘an turk-amerika munosabatlaridagi ikki holatga alohida e'tibor qaratdi. 2016 yilda Turkiyada hukumatga qarshi kuchlar davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringanida AQSh respublikaning amaldagi hukumatini qo‘llab-quvvatlamadi, shunchaki «barqarorlik» o‘rnatishga chaqirish bilan cheklandi. Buning ustiga, Anqara bir necha bor so‘rov yuborishiga qaramasdan, Fathulloh Gulenni Turkiyaga bermayapti. Amalga oshmagan davlat to‘ntarishi ortida aynan Gulen turganiga Turkiya hukumatining ishonchi komil.

Qo‘shimchasiga, amerikaliklarning Suriyadagi kurd xalq mudofaasi otryadlari (YPG) bilan hamkorlik qilishlari Turkiyaning hafsalasini pir qilmoqda. Anqara YPG’ni Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi filiali deb hisoblaydi va uni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Erdo‘g‘an AQSh keyingi yillarda kurd otryadlariga minglab yuk mashinalarida qurol yetkazib berganini qayd etdi.

S-400 va pastor Branson

O‘z navbatida, Vashington Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit raketalari majmuini sotib olish niyatidan butkul norozi. Bu borada tegishli shartnoma o‘tgan yili imzolangandi. Turkiya Rossiyaning ZRMlarini sotib oladigan NATOdagi birinchi davlat bo‘ldi. Iyun oyida Amerika ma'muriyati turk tomonini Anqaraga nisbatan sanksiyalar kiritilishi haqida ogohlantirdi. 

Foto: TASS

Ammo, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Anqara okeanortidagi hamkorining cheklovlariga javob bera olishini bildirdi. AQSh kongressi Turkiyaga beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishni cheklaganidan so‘ng Erdo‘g‘an AQShni xalqaro arbitraj sudiga berishini aytdi.

Anqaraga Fathulloh Gulenni topshirishdan bosh tortayotgan Vashington o‘z navbatida amalga oshmagan davlat to‘ntarishidan so‘ng hibsga olingan amerikalik diplomatlar va pastor Endryu Bransonni ozod etishni talab qilmoqda. Turkiya amerikalik fuqarolarni isyonga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etganlikda ayblamoqda. Iyulda Anqara kichik yon bosishni amalga oshirdi – pastor qamoqxonadan uy qamog‘iga o‘tkazildi.

Endryu Branson
Foto: AFP

Ammo bu AQSh-Turkiya munosabatlari yomonlashishini to‘xtata olmadi. 1 avgust kuni AQSh moliya vazirligi Turkiya adliya vaziri Abdulhamit Gul va ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘yluga nisbatan sanksiya joriy etdi.

«Biz Branson qandaydir jinoyat sodir etganligi to‘g‘risida hech qanday dalil ko‘rmayapmiz va ishonchimiz komilki, u Turkiya hukumatining adolatsiz va noqonuniy munosabati qurboni bo‘ldi», — dedi o‘shanda AQSh davlat departamenti rasmiy vakili Sara Sanders.

Anqara javob tariqasida AQSh adliya va ichki ishlar vazirlarining barcha aktivlarini muzlatadigan bo‘ldi.

Tomonlar o‘zaro kelishmovchilikni diplomatik yo‘l bilan hal etishga urinishdi – 8 avgust kuni Vashingtonda AQSh davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Jon Sallivan bilan muzokara olib bordi. Bloomberg agentligining yozishicha, turk delegatsiyasi uchrashuv mobaynida Turkiyaning Halkbank banki bilan bog‘liq vaziyatdan tashvish bildirdi.  O‘tgan yili AQShning Eronga nisbatan joriy etgan saksiyalarini buzganlikda gumonlanib, ushbu bankning Amerikadagi aktivlari muzlatilgan, bundan tashqari, bank rahbarining o‘rinbosari – kelib chiqishi eronlik bo‘lgan turk biznesmeni Reza Zarrab hibsga olingandi.

Biroq, AQSh vakillari muzokara mobaynida toki Anqara Bransonni ozod etmas ekan, Halkbank’ga nisbatan choralar yumshatilmasligiga shama qildi. Anqara vakillari esa pastorning ozod etilishi bo‘yicha Vashingtonga biror va'da bermadi va muzokaralar samarasiz tugadi.

11 avgust kuni esa Erdo‘g‘an pastor ozod qilinmasligini ma'lum qildi.

Foto: RIA Novosti

«Biz terrorchilik tashkilotini deb 81 millionlik aholisi bo‘lgan mamlakat bilan sheriklik va ittifoqchilikni qurbon qiladiganlar bilan xayrlashamiz», — dedi u.

«Tariflar urushi»

Shu bilan bir vaqtda Turkiya va AQSh o‘rtasida tariflar urushi avj olmoqda – iyul oxirida Anqara Amerika importining 22 moddasiga nisbatan import bojlari to‘lovini oshirdi.

Anqaraning bu harakatini izohlar ekan, AQSh rivojlanayotgan davlatlar uchun savdo imtiyozlari berishni ko‘zda tutuvchi GSP dasturida Turkiyaning ishtiroki qayta ko‘rib chiqilishi rejalashtirilganini bildirdi.

10 avgust kuni Donald Tramp Turkiyadan keltiriladigan po‘lat va alyuminiyga nisbatan bojni ikki baravarga oshirishini ma'lum qildi.

«Hozirgina Turkiyadan keltiriladigan po‘lat va alyuminiyga nisbatan bojlarni ikki baravarga oshirishga ruxsat berdim. Ularning valyutasi, turk lirasi bizning judayam kuchli dollarimizga nisbatan jadallik bilan qulamoqda. Endi bojlar alyuminiy uchun 20%, po‘lat uchun 50% bo‘ladi. Hozirda Turkiya bilan munosabatlarimiz yaxshi emas!» — deb yozdi Tramp tvitterda.

Turkiya hukumati esa Vashington Tehronga qarshi kiritgan sanksiyalar sababli Eron bilan shartnomalarni bekor qilmasligini bildirdi.

Foto: RIA Novosti

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an 11 avgust kuni Riza shahrida bo‘lib o‘tgan mitingda hamkorlari bilan savdoni milliy valyutalarda olib borishga tayyorligini bildirdi.

«Biz ikki tomonlama savdo hajmi eng ko‘p ulushni tashkil etadigan Xitoy, Rossiya, Eron, Ukraina bilan milliy valyutalarda hisob-kitob qilishga tayyorlanmoqdamiz. Ammo agar Yevropa davlatlari dollar bosimidan ozod bo‘lishni istasa, ular bilan ham ana shunday tizimni yaratishga tayyormiz», - dedi u.

Eron rahbariyati ham qarz bo‘lib qolmadi – shanba kuni Tehron Turkiyani qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

«Trampning NATO bo‘yicha ittifoqchisi Turkiyaga nisbatan iqtisodiy qiyinchilik yaratayotganligini bayram qilishi sharmandalik. AQSh o‘zining sanksiyabozlik kasalligini davolashi zarur yoki butun dunyo ularni bunga majbur qilish uchun so‘z bilan qoralashdan tashqari birlashishi kerak. Biz qo‘shnilarimizni avval ham qo‘llab-quvvatlab kelganmiz va hozir ham qo‘llab-quvvatlaymiz», — deb yozdi Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif o‘zining Twitter-akkauntida.

Turkiya yangi ittifoqchilarni topadimi

Turkiya Shimoliy Atlantika alyansiga 1952 yilda o‘zining azaliy raqibi Gretsiya bilan bir vaqtda kirgan. Dastlab Amerika va Yevropa jamiyati Anqara bilan harbiy ittifoqchilik g‘oyasiga ishonqiramay qaragandi, biroq AQSh prezidenti Garri Trumen barchani ishontira oldi. O‘sha davrda Oq uydagilar Turkiyaning SSSR ta'siriga tushishidan xavotirda edi – ayniqsa, Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlarini aynan Anqara nazorat qilishi hisobga olinadigan bo‘lsa. 

Turkiya bir necha ming harbiylarini Koreya yarimorolidagi urushga jo‘natib o‘zining alyans a'zosi bo‘lishga tayyorligini isbotladi. Bu NATOga qabul qilinish uchun jiddiy isbot bo‘ldi.

Shu bilan birga, turk jamiyatida Amerikaga qarshi kayfiyat hali ham kuchli, ko‘pchilik Turkiya yerida AQSh harbiylarining bo‘lishidan norozi. Mart oyida prezident Erdo‘g‘an qayd etganidek, bu norozilik davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sababli yanada kuchaydi.

Ekspertlar hozirda Turkiya yangi do‘stlar deb birinchi navbatda Rossiya, Eron va Xitoyni nazarda tutmoqda degan fikrdalar.

Turkiya prezidenti shu yilning iyul oyi oxirida Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti davomida blokka kiruvchi davlat yetakchilaridan Turkiyaga BRIKSga qo‘shilishga ijozat berishni so‘radi.

“Men agar bizni alyansga qabul qilsangiz, u BRIKST deb atalishini aytdim”, deb ma'lum qildi Erdo‘g‘an jurnalistlarga va BRIKS a'zolari uning taklifini iliq qarshilashganini qo‘shimcha qildi.

Hozircha Turkiyada lira qadrsizlanishi davom etmoqda, AQSh bilan munosabatlar darz ketmoqda. Bu qarama-qarshilikda kim g‘olib chiqishi noma'lum. Lekin Erdo‘g‘an "dunyoda Turkiyaga nisbatan g‘animlarcha siyosat olib borib muvaffaqiyatga erishgan birorta siyosatchi va mamlakat yo‘qligini" eslatib o‘tdi hamda "turk xalqiga kimda-kim ozor beradigan bo‘lsa, buning uchun ertami-kechmi javob berishini" va'da qildi.

Aziz Qarshiyev

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid