14:20 / 28.07.2020
35490

Bekobodda yosh tadbirkor sindirilmoqda. Yetimlikda o‘sgan yigitning onlayn auksionda sotib olgan mulki prokurorning “tashabbusi” bilan buzilmoqda

Ota-onasidan 6 yoshida yetim qolgan G‘aybulla 30 yoshga kiribdi hamki uylanmagan. Bunga uning sharoiti yo‘q. “Farzandlarim men ko‘rgan azoblarni ko‘rmasin, qorni to‘q va usti but bo‘lib ulg‘aysin”, degan yaxshi niyatlar bilan tadbirkorlik qilishga, buning ortidan uch-to‘rt so‘m jamg‘arib, turmushini yaxshilashga bel bog‘lagan. Yetimlikda o‘sgan yosh tadbirkorning bu orzulari davlat vakolat berib qo‘ygan amaldorlarning mantiqsiz harakatlari, ta'bir joiz bo‘lsa vijdonsizligi sabab yo‘qqa chiqmoqda.

Foto: KUN.UZ

Olis Bekobod tumanining “Qo‘rg‘on” deya atalmish chekka bir qishlog‘i. Oddiy o‘zbek qishloqlaridan ko‘p ham farq qilmaydigan aholi yashash punkti – kichik-kichik do‘konlar va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari. Odamni o‘ziga tortuvchi ko‘rkam va zamonaviy binolardan xoli oddiygina qishloq. Bugungi hikoyamiz qahramoni, yosh tadbirkor G‘aybulla Xudoyberdiyev mana shu qishloqning qoq markazida zamonaviy tipdagi savdo do‘koni va tikuv fabrikasini ochmoqchi edi. Biroq...

Tahririyat bilan bog‘langan G‘aybulla Xudoyberdiyevning murojaatini tinglar ekanmiz, toki ko‘zimiz bilan ko‘rib, qulog‘imiz bilan eshitmaguncha prokuratura, sud va hokimlikning unga nisbatan bu qadar tuturiqsiz va adolatsiz ish tutganligiga ishongimiz kelmadi.

Ijodiy jamoa murojaat ortidan Bekobod tumanida bo‘lib, hokimlik, prokuratura va sud idoralarining adolatsizligi qurboniga aylangan yosh tadbirkorning qanday qilib sindirilayotganini o‘rgandi.

Prokuratura, sud va hokimlik uchburchagi – tadbirkorning eng katta dushmani

G‘.Xudoyberdiyev Bekobod tuman hokimining 2018 yil 30 noyabrdagi 2479-sonli qarori bilan MIB qoshidagi (o‘sha vaqtdagi) “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” orqali sotuvga qo‘yilgan «Ilg‘or» mahalla fuqarolar yig‘inidagi 0,02 ga bo‘sh yer maydonini ochiq auksion savdolarida investitsiya shartlari asosida sotib oladi.  

Investitsiya majburiyatlariga ko‘ra, yosh tadbirkor 1 yil muddat ichida jami 250 mln so‘m mablag‘ kiritish orqali mazkur bo‘sh yerda savdo do‘koni binosini qurish va mahalliy aholi uchun 2 ta doimiy ish o‘rni yaratishni o‘z zimmasiga oladi.

Shundan so‘ng, Bekobod tuman hokimining 2018 yil 21 dekabrdagi 2635-sonli qarori bilan auksion g‘olibi G‘. Xudoyberdiyevga o‘zi yutib olgan 0,02 ga yer maydoni savdo do‘koni qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi.

Tadbirkor investitsiya majburiyatlarini bajarish maqsadida tegishli tashkilotlarning roziligini olib qurilish ishlarini boshlab yuboradi.

Biroq, oradan roppa rosa bir yil o‘tib tadbirkorning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadi. Tuman prokurori fuqaro Ikrom Suvonqulovning (!) manfaatida ma'muriy sudga ariza kiritib, tuman hokimining 2018 yil 21 dekabrdagi 2635-sonli qarori (!) va elektron-onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi YU 1003-000005-sonli bayonnomani (!) haqiqiy emas deb topishni so‘raydi.

Bekobod tuman Ma'muriy sud sudyasi M.Qobilov ishni ko‘rib chiqib, 2020 yil 29 yanvar kuni prokuror xohlaganidan-da ziyodroq qilib (!) hal qiluv qarori chiqardi. Sudyaning bu qarori tadbirkorning shikoyatiga asosan viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ham ko‘rib chiqildi va aynan “kutilganidek” o‘zgarishsiz qoldirildi.

Prokuror kim tarafda: qonunmi yoki qonunsizlik?

Endi shaxsan tuman prokurori tomonidan ma'muriy sudga ariza kiritilishiga sabab va asos bo‘lgan holatlarga to‘xtalsak.

Arizadan ko‘rinishicha prokuratura shikoyatni fuqaro I.Suvonqulovning manfaatlarida kiritgan. Biroq I.Suvonqulovning aynan qaysi manfaatlari himoya qilinayotganligi ko‘rsatilmagan. Kun.uz o‘z surishtiruvlari davomida ushbu fuqaroning aynan qanday manfaatlari himoya qilinganligi bilan qiziqdi.

Ma'lum bo‘lishicha, G‘.Xudoyberdiyev bunyod etayotgan binoning orqa tomonida, taxminan 7-8 metr masofa bilan I.Suvonqulov va yana bir nechta fuqarolarga tegishli bo‘lgan bir qavatli binolar mavjud. Yangi qurilayotgan bu bino ularning old tomonidan ko‘cha yuzini to‘sib qo‘ymoqda. Garchand arizada bu haqida aynan bayon etilmagan bo‘lsa-da mana shu holat I.Suvonqulovning “manfaat”lariga putur yetkazmoqda, deb baholangan.

Masalaning ushbu jihatini o‘rganish maqsadida Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Bekobod tuman filialida bo‘lib, filial rahbari Abdumannon Hoshimov bilan suhbatlashdik.

Abdumannon Hoshimov

A.Hoshimov G‘.Xudoyberdiyev onlayn auksionda sotib olgan yer ustida qurilayotgan bino bo‘yicha sud materiallarida aytilganidan ortiq ma'lumot taqdim etmadi. Biroq, undan surishtiruvga daxldor eng qimmatli ma'lumotlarni olishga muvaffaq bo‘ldik. Ma'lum bo‘lishicha, prokuratura manfaatlarini himoya qilayotgan I.Suvonqulovga tegishli 30 kv/m bo‘lgan yer maydoni unga “Guliston” qishloq fuqarolar yig‘ini raisining 2007 yil 8 sentyabrdagi 44-sonli qarori bilan ajratib berilgan va ushbu qarorda uni tasdiqlab berish tuman hokimdan so‘ralishi ko‘rsatilgan. Biroq, hujjatlar orasida yerni ajratib berish to‘g‘risida hokim qarori mavjud emas.

Vaholanki, 1998 yildan buyon amalda bo‘lib kelayotgan Yer kodeksining 23-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra yer uchastkalarini ajratib berish tuman hokimlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

I.Suvonqulovga tegishli kadastr yig‘ma jildining qonuniy ekanligiga eng ko‘p shubha tug‘diradigan joyi shundaki mazkur hujjatlar 2018 yilda rasmiylashtirilgan. Unda tegishli mansabdor shaxslarning imzolari ham yetarli emas. I.Suvonqulovning turmush o‘rtog‘i Zamira Jo‘rayeva biz bilan suhbatda bu joyga 2011 yildan buyon egalik qilib kelayotganligini aytgani bu shubhalarni ikki karra oshirmoqda.

Z.Jo‘rayeva mulkka egalikni tasdiqlovchi barcha hujjatlar mavjudligini va ularni bizga elektron tarzda yuborishi mumkinligini ma'lum qildi. Biroq, bog‘lanish uchun qoldirib kelgan telefon raqamimizga telegram tarmog‘i orqali mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar emas, faqatgina sud qarorlari tashlab berildi.

Zamira Jo‘rayeva

I.Suvonqulovga yondosh bino egasi Latofat Jo‘rayevaga tegishli kadastr hujjatlarida ham aynan shu holatni ko‘rish mumkin. O‘sha qatorda joylashgan boshqa mulk egalarining hujjatlarini ko‘rish imkoni bo‘lmadi. Kadastr xizmati rahbari ularni bor yoki yo‘qligi haqida aniq javob ayta olmadi.

Endi o‘ylab ko‘raylik: mulkka egalikni tasdiqlovchi hujjati shubhali bo‘lgan shaxs qonun oldida ko‘proq manfaatlimi yoki yerni davlat o‘zi belgilagan shartlarni to‘la ado etgan holda qo‘lga kiritgan shaxsmi?

Eng og‘riqli savol shundan kelib chiqmoqda: janob prokuror I.Suvonqulovning “manfaat”ini himoya qilishdan avval uning manfaatdorligi chegarasi qayergacha ekanligini nima uchun tekshirib ko‘rmagan?

Qonundan bexabar prokuror va uni aybini yopgan sud

I.Suvonqulovning “manfaati” haqidagi gaplarni bir chetga surib, sudga kiritilgan ariza mazmuniga to‘xtalsak.

Arizada hokim qarori va auksion bayonnomasini bekor qilishga birgina - Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-sonli qarori bilan tasdiqlangan avtomobil yo‘llari mintaqasida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish qoidalari 22-bandi sabab sifatida keltiriladi.

Ya'ni, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari uchun xavfsizlik mintaqasi (qizil chiziqqacha bo‘lgan masofa) yo‘llarning toifalari bo‘yicha qurilish uchun ajratilgan yer tasmasi chegarasidan (4 va 5 — toifadagi avtomobil yo‘llarida) 15 metr belgilanishi inobatga olinib, G‘. Xudoyberdiyev auksionda yutib olgan 0,02 ga yer maydonini auksionga chiqarilishi xato, deb hisoblangan.

Prokuratura ushbu asosga tayanishda bir holatga umuman e'tibor qaratmagan. Yo‘l yoqasida qurilish qilgan birgina G‘aybulla Xudoyberdiyev emas. Ayni shu ko‘cha bo‘ylab bunyod etilgan yuzlab qurilmalar, jumladan aholi xonadonlari, savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining barchasi bir chiziqda joylashgan. Hatto G‘.Xudoyberdiyev bunyod etayotgan savdo do‘koni boshqalarnikiga nisbatan biroz ichkarida joylashgan.

Qonun barcha uchun barobar, deb hisoblansa, nima uchun yo‘lning muhofaza chizig‘i ustiga qurilgan boshqa yuzlab bino-inshootlar buzilmasligi kerak?!  

Tuman prokurorining arizasidagi yana bir jiddiy xatoga e'tibor qaratsak. Ma'muriy suddan 2018 yil 21 dekabrdagi 2635-sonli qarori (!) va elektron-onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi YU 1003-000005-sonli bayonnomani (!) haqiqiy emas deb topish so‘ralgan. Mana shuning o‘zi ham prokuratura tomonidan ish tafsilotlari chuqur o‘rganilmaganligini, masalaga yuzaki va bir tomonlama, ta'bir joiz bo‘lsa ko‘r-ko‘rona yondoshilganligini ko‘rsatmoqda.

Sababi, birinchidan, tuman hokimining yerni ajratib berish to‘g‘risida 2018 yil 21 dekabrdagi 2635-sonli qarorini auksion bayonnomasi kuchida bo‘la turib bekor qilish “ko‘zlangan natija”ni bermasligi haqida o‘ylab ham ko‘rilmagan. Ikkinchidan, auksion bayonnomasi ma'muriy organning qarori emasligi, u bitim hususiyatiga ega hujjat ekanligi, bitimlarning haqiqiy emasligiga oid nizolar esa ma'muriy sudlarda ko‘rilmasligiga ariza tashabbuskorlarining bilimi yetmagan ko‘rinadi.

Shunga qaramay, prokurorning “sazasi o‘lmasligi” uchun qolganini ma'muriy sud sudyasi M.Kobilovning o‘zi to‘g‘rilab yubordi. Arizada ta'kidlanmagan va suddan so‘ralmagan bo‘lsa-da ma'muriy sud o‘zining hal qiluv qarorida tuman hokimining yer uchastkasini auksionga chiqarish to‘g‘risidagi 2479-sonli qarorini ham haqiqiy emas, deb topdi.

Xatoni qilgan davlat, jabrini tortayotgan esa fuqaro

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyunda qabul qilingan 493-sonli qarori (qaror 21.12.2019 yilda kuchini yo‘qotgan) bilan tasdiqlangan nizomda Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman filiali yerni xatlovdan o‘tkazib, har bir yer uchastkasi bo‘yicha ro‘yxatini tegishli ilovalari bilan shakllantirishi, unda chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari ko‘rsatilgan vaziyat bilan bog‘liq sxemani chizishi lozim.

Bundan tashqari, kadastri korxonasi tuman hokimligi va tuman qurilish bo‘limi ijobiy qaror qabul qilgan taqdirda, bo‘sh yer uchastkalarini onlayn auksionga chiqarishdan oldin materiallarni xulosa olish va kelishish uchun qator tashkilotlarga yuboradi. G‘.Xudayberdiyev ishtirok etgan savdodagi yer uchastkasi ham aynan ushbu bosqichlardan o‘tib, so‘ngra onlayn auksionga chiqarilgan edi.

Nizomda xulosa olish va kelishish lozim bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatida prokurorning “qahri”ga sabab bo‘lgan xulosani bergan tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi keltirilmagan.  

Vazirlar Mahkamasining ushbu qarorida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga ajratish to‘g‘risida elektron auksion natijalari asosida qabul qilingan qarorlar faqat ikkita holatda bekor bo‘lishi mumkinligi belgilangan. Bular:

- elektron auksion g‘oliblari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etmaslik

- yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda olib qo‘yilishi.

Boshqa hollarda yer ajratish to‘g‘risida elektron auksion natijalari asosida qabul qilingan qarorlarni bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Guvohi bo‘lganingizdek, surishtiruvlarimizda aniqlangan har bir holatda qonunlar va mavjud vaziyat hikoyamiz qahramoni G‘aybullaning foydasiga ishlamoqda. Ammo qonunlarni aniq va bir hilda bajarilishini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan prokuror va adolat qo‘rg‘oni bo‘lmish sud bularni inkor etmoqda, xolos.

Prokuror ma'muriy sud qabul qilgan qaror ortidan fuqarolik sudiga ham da'vo ariza kiritdi. Da'vo ariza asosida ishni ko‘rib chiqqan fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudi tadbirkor qariyb 200 million sarflab bunyod etgan binoni uning hisobidan buzish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi. Fuqarolik sudlarida ham prokurorning “qo‘li baland” keldi - odamlarni ishli qilib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shaman degan tadbirkorni “tor-mor” keltirdi.

“O‘zing uchun o‘l yetim!” Yoxud umidlar intihoda o‘ladi

G‘aybulla haqiqat va adolat uchun kurashni yolg‘iz o‘zi davom ettirmoqda. Bunda unga oson bo‘lmasligi aniq, sababi uning qarshisida prokuror, hokim, sudyalar va manfaatlari mavhum bo‘lgan “mulkdor”lar turibdi. Oldinda arizalarini Oliy sudda nazorat tartibida ko‘rilishiga erishishdek murakkab jarayon kutmoqda uni. Chunki uning bunga qadar yo‘llagan arizalariga ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqishga asoslar yetarli emasligi to‘g‘risida javoblar berilgan.

Yangi tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa'dullayev o‘z chiqishlaridan birida yoshlarni ish bilan ta'minlashdagi muammolar va ularning yechimlari haqida gapirgan edi. G‘.Xudayberdiyevning faoliyatiga aralashuv va to‘sqinlik bo‘lmaganida u shu vaqtgacha xech bo‘lmaganda 4 yoki 5 nafar qishloq aholisini doimiy ish bilan ta'minlagan, ozmi-ko‘pmi daromadli qilgan bo‘lar edi.

Kun.uz tahririyati Yoshlar ishlari agentligi va Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil yosh tadbirkorni bu mashaqqatli kurashlarda yolg‘izlatib qo‘ymasligiga, ishni Oliy sudda xolisona va adolatli ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berishiga umid bildirib qoladi.

Darvoqe, Bekobod tuman prokuraturasining yosh tadbirkorga nisbatan qilgan nohaqliklari hamda I.Suvonqulov va boshqalarning yerga egaligi qay darajada qonuniy ekanligi Bosh prokuratura tomonidan o‘rganib chiqilsa zarar qilmasdi.

Ushbu maqolaga rasmiylardan izoh kutib qolamiz. Mavzuga yana qaytamiz.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri
tasvirchi Mirvoxid Mirrahimov
​​​​

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top