Jahon | 14:27 / 06.02.2026
13881
4 daqiqa o‘qiladi

Moskvada yana bir generalga suiqasd uyushtirildi

Uning holati va jarohatining og‘irlik darajasi haqida rasman xabar berilmayapti.

Foto: Russian Ministry of Defence

Noma’lum shaxs Rossiya mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevning hayotiga suiqasd uyushtirdi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Alekseyev Bosh shtab Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i, Ukraina va AQSh bilan uchtomonlama muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan admiral Igor Kostyukovning birinchi o‘rinbosari hisoblanadi. 2017 yilda unga Rossiya Qahramoni unvoni berilgan.

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, noma’lum shaxs Volokolamskoye shossedagi uyda Alekseyevga qarata bir necha bor o‘q uzgan va voqea joyidan yashiringan.

«Jabrlanuvchi shahar shifoxonalaridan biriga joylashtirilgan», – deya qo‘mita rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning so‘zlarini keltirmoqda «Interfaks» agentligi.

Kuchishlatar tuzilmalarga yaqin hisoblangan Mash telegram-kanali yozishicha, Alekseyevga mahalliy vaqt bilan ertalabki soat yettilar atrofida uyning lift joylashgan hollida ortdan turib o‘q uzilgan.

Alekseyevning holati va jarohatining og‘irlik darajasi haqida rasman xabar berilmayapti. Shot telegram-kanali yozishicha, generalning holati og‘ir deb baholanmoqda.

Hujum yuzasidan qotillikka urinish va o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Alekseyev 2023 yil iyunida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin isyon ko‘targanida RF mudofaa vaziri Yunus-Bek Yevkurov bilan birgalikda uni isyonni to‘xtatishga undagandi.

OAVda Alekseyev Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashayotgan rossiyalik «ko‘ngillilar» tuzilmalarining asosiy kuratorlaridan biri ekani yozilgan. Xususan, u «Vagner»ga muqobil tarzda tuzilgan «Redut» xususiy harbiy kompaniyasi faoliyatiga mas’ul bo‘lgan. Keyinroq ko‘plab vagnerchilar ushbu tuzilma tarkibiga qo‘shilgan. 

2016 yil dekabrida AQSh Alekseyevga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. Bunga AQSh prezidentlik saylovlari jarayoniga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan kiberhujumlar sabab bo‘lgan. 2019 yilda Britaniyaning Solsberi shahrida Skripallar oilasi a’zolari zaharlanishi bilan bog‘liq holat uchun unga nisbatan Yevropa Ittifoqi tomonidan ham sanksiya qo‘llangan.

Ukraina mudofaa vazirligi huzuridagi Bosh razvedka boshqarmasi Alekseyevni «Ukrainaga qarshi raketa va havo hujumlari uchun zarur ma’lumotlarni tayyorlash» ishlariga mas’ul shaxslardan biri, shuningdek, bosib olingan hududlarda soxta referendumlar o‘tkazish orqali «Rossiyaning mavjudligini qonuniylashtirish»ga javobgar deb hisoblaydi.

Bu birinchisi emas

Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan buyon rossiyalik yuqori martabali harbiy mulozimlarga qarshi uyushtirilgan navbatdagi suiqasd bo‘lmoqda.

2024 yil 24 iyulda Moskvadagi Sinyavinskaya ko‘chasida joylashgan uy hovlisida Toyota Land Cruiser Prado rusumli avtomobil portlatilgan, natijada avtomobil egasi – Rossiya mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi ofitseri hamda uning rafiqasi jabrlangandi. Ular bu hodisadan omon qolishgan, lekin harbiy oyoqsiz qolgandi, rasmiylar uning familiyasini keltirmagan.

2024 yil dekabrida general-leytenant Igor Kirillov hamda uning yordamchisi Ilya Polikarpov ko‘p qavatli turar joy pod’yezdidan chiqishda samokatga o‘rnatilgan portlovchi qurilma masofadan harakatga keltirilishi oqibatida halok bo‘lgandi.

2025 yil aprelida Moskva oblastidagi Balashixa shahridagi ko‘p qavatli uy hovlisida avtomobil portlashi oqibatida RF qurolli kuchlari bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalik o‘ldirilgandi.

2025 yil dekabrida esa Moskvada yengil avtomobilda ro‘y bergan portlash oqibatida Rossiya Bosh shtabida operativ tayyorgarlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan general Fanil Sarvarov og‘ir tan jarohatlari olgan va voqea joyida vafot etgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid