Jahon | 14:48
6574
4 daqiqa o‘qiladi

FXX Alekseyevga suiqasdda gumonlanuvchilar aybiga iqror bo‘lganini ma’lum qildi

Maxsus xizmatlarga ko‘ra, generalni o‘ldirish bo‘yicha buyurtma Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan berilgan.

Foto: Videodan kadr

Moskvada GRU boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevga suiqasd uyushtirishda gumonlangan Lyubomir Korba hamda Viktor Vasin aybiga iqror bo‘lib, ko‘rsatma berdi, deya e’lon qildi RF Federal xavfsizlik xizmati Jamoatchilik bilan aloqalar markazi.

Rossiya maxsus xizmatlari versiyasiga ko‘ra, ular Ukraina xavfsizlik xizmati buyurtmasi bo‘yicha harakat qilishgan, jinoyatning bevosita ijrochisi – Lyubomir Korbani yollashda Polsha maxsus xizmatlari ishtirok etgan, bunda ular Korbaning 1998 yilda tug‘ilgan va Katovitse shahrida yashovchi o‘g‘li, Polsha fuqarosi Korba Lyuboshdan foydalanishgan.

Ma’lum qilinishicha, Lyubomir Korba 2025 yil avgustida yollanib, Kiyevdagi poligonda qurol ishlatishga o‘rgatilgan va Rossiyaga «Kiyev – Kishinyov – Tbilisi – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha yuborilgan».

FXX Jamoatchilik bilan aloqalar markazi bayonotida aytilishicha, general Alekseyevni o‘ldirish uchun Ukraina maxsus xizmatlari 30 ming dollar va’da qilishgan.

Moskvada Korba yuqori martabali harbiylar ortidan kuzatuv amalga oshirgan. FXX ma’lum qilishicha, Korba o‘z iqrornomasida 2025 yil dekabrida Alekseyevni o‘ldirishga ko‘rsatma olganini aytgan. U Moskva oblastidagi maxfiy joydan ovoz pasaytirgich o‘rnatilgan hamda o‘q-dorisi bo‘lgan Makarov to‘pponchasini olgan, unga Alekseyev yashaydigan uy pod’yezdiga kirish uchun elektron kalitni esa Zinaida Serebritskaya taqdim etgan. Ushbu ayol so‘nggi oylarda general bilan bitta uyda yashab kelgan va «Ukrainaga jo‘nab ketish»ga ulgurgan.

FXXga ko‘ra, ishdagi ikkinchi gumonlanuvchi Viktor Vasin Korba suiqasdga tayyorgarlik ko‘rayotganida u yashab turishi uchun kvartira ijaraga olgan, shuningdek, uni jamoat transportidan foydalanish uchun oylik chiptalar bilan ta’minlagan. Vasin «„Korrupsiyaga qarshi kurash fondi“ tarafdori ekani, Moskvadagi norozilik aksiyalarida qatnashgani, „Aqlli ovoz berish“ hamda „Navalniy shtabi“ saytlarida ro‘yxatdan o‘tgani, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda RF Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga qarshi hamda „So‘l front“ harakati rahbari, ekstremistik faoliyati uchun qamalgan Sergey Udalsovni qo‘llab-quvvatlovchi postlar joylashtirgani» ma’lum qilingan.

RF mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevga suiqasd 6 fevral kuni tongda amalga oshirilgandi. Generalga Moskvaning Volokolamskoye shossedagi uyi pod’yezdi oldida bir necha bor o‘q uzilgan. Alekseyev og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. 7 fevral kuni general operatsiyadan keyin o‘ziga kelgani xabar qilindi. 

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Alekseyevga uyushtirilgan suiqasd «Zelenskiy rejimining muzokaralar jarayonini buzishga qaratilgan doimiy provokatsiyalarga intilishini tasdiqlashi» haqida gapirdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Kiyevning suiqasdga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid