O‘zbekiston | 21:33 / 22.01.2026
8042
4 daqiqa o‘qiladi

Ozodlikka chiqqan “zamhokim” va o‘zgaradigan avtoraqamlar – mahalliy dayjest

Onlayn firibgarlikka qarshi yangi talablar belgilandi, og‘ir yuk mashinalari va yuridik shaxslarga tegishli taksilar uchun yangi avtoraqamlar joriy etiladi, Andijon viloyati hokimining 7 yilga qamalgan sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyev ozodlikka chiqdi. Shu va boshqa mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Shaxsga doir ma’lumotlarga sun’iy intellekt yordamida noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilandi

Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish uchun javobgarlik belgilandi.

Endi bunday qilmish BHM 50 baravaridan 100 baravarigacha (41 mln 200 ming so‘mgacha) jarima solinishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli ham musodara qilinadi. Qonun allaqachon kuchga kirdi.

Onlayn firibgarlikka qarshi yangi talablar belgilandi

Yangi nizomga ko‘ra, kredit tashkilotlari mijozlar onlayn firibgarlik holatlari bo‘yicha tezkor murojaat qilishi uchun bank kartasining orqa tomonida 24 soat ishlaydigan aloqa raqamini joylashtirishi shart.

Shu bilan birga, bank kartasi rasmiylashtirilganda yoki boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilganda tuziladigan shartnomalar va ommaviy ofertalarda qator muhim qoidalar aniq belgilanishi lozim. Xususan, foydalanuvchiga firibgarlik belgilari aniqlangani haqida ma’lumot berilishi nazarda tutiladi.

Eng og‘ir yuk mashinalari va yuridik shaxslarga tegishli taksilar uchun yangi avtoraqamlar joriy etiladi

Hukumat tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 fevraldan boshlab quyidagi yangiliklar joriy etiladi:

- umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, kon, shaxta va karerlarda qo‘llanadigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar, shuningdek, “antikvar” avtomototransportlar uchun alohida seriyali davlat raqam belgilari joriy etiladi;

- ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi, bunday transportlar davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Toshkentda chang avtobusda yo‘lovchilar tashilgan holat ortidan mas’ullar jazolandi

Toshkentda 121-son avtobusda tozalikka rioya qilinmaganiga oid Kun.uz xabaridan so‘ng, «Toshshahartransxizmat» AJ 18-avtobus saroyi tasarrufidagi ushbu avtobus korxonaga qaytarilgani, tozalanib, sanitar holati joyiga keltirilganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, avtobus ifloslangan holatda yo‘nalishga chiqishiga yo‘l qo‘ygani uchun mas’ul xodimlarga, ya’ni navbatchi mexanik va xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i, korxona rahbari o‘rinbosarining oylik maoshiga 20 foizdan jarima qo‘llangani qayd etildi. Rasmiylar keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.

Andijon viloyati hokimining 7 yilga qamalgan sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyev ozodlikka chiqdi

U 2024 yil 14 oktyabrda qamoqqa olingan hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatida aybli deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Kun.uz tanishgan sud ajrimida keltirilishicha, Botirjon Hamroyev bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida qariyb 30 kishi sudlangan. Ularning bir nechtasi Andijon viloyatidagi turli korxona vakillari bo‘lsa, aksariyati “Agrobank” ATB Andijon viloyat boshqarmasi mansabdorlari hisoblanadi.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 26 dekabrdagi ajrimiga asosan birinchi instansiya sudi hukmi bilan Botirjon Hamroyevga tayinlangan jazo jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirib borish sharti bilan 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga o‘zgartirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid