O‘zbekiston | 13:00 / 18.01.2023
31060
5 daqiqa o‘qiladi

Temiryo‘l vokzallariga kirishdagi qiyinchiliklarga qachon nuqta qo‘yiladi?

Poytaxt, viloyat va tumanlardagi istalgan temiryo‘l vokzallariga bormang, hammasi xuddi chegaradek o‘rab olinganining guvohi bo‘lasiz. Yaqin yillarda ayrim hokimlik, prokuratura, hatto vazirliklar binolari oldidagi panjaralar olib tashlandi. Lekin islohotlar negadir vokzal to‘siqlaridan ichkariga “o‘ta olmayapti”. Kun.uz vokzallardagi temir to‘siqlar, ichkariga kirishdagi ortiqcha talablar, bu boradagi qiyinchilik va mantiqsizliklarga e’tibor qaratdi.

Toshkent aeroportida mehmonlarini kutib oluvchilar ayni sovuq kunlarda ham tashqarida qolayotgani haqida tayyorlagan reportajimizdan so‘ng aeroport ma’muriyati muammoga e’tibor qaratib, terminal hududida kutib oluvchilar uchun maxsus joylar tashkil etishga kirishdi.

Kuzatuvchilarimizning bunday muammo vokzallarda ham borligi, O‘zbekiston temiryo‘llari tizimidagi kamchiliklar haqidagi fikrlaridan kelib chiqib, shu mavzuga ham qo‘l urishga qaror qildik.

Poytaxt, viloyat va tumanlardagi istalgan temiryo‘l vokzallariga bormang, hammasi xuddi chegaradek tashqi dunyodan ikki tarafga bo‘lib qo‘yilgan. Hammayoq panjara, panjara, panjara! Markaziy temiryo‘l vokzallari binolariga kirib olish ham bir tashvish: ikkita nuqtada tekshiruvlardan o‘tasiz. Shunda ham qo‘lingizda hech bo‘lmaganda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi shart. Aks holda, har qanday zarurat bo‘lmasin, odamlar uchun xizmat qilishi kerak bo‘lgan maskan ostonasidan kira olmay, ortga qaytasiz.

Toshkentning janubiy va shimoliy vokzallaridagi tekshiruv punktlarida yuk saqlash bo‘limiga kirish uchun qilgan harakatlarimiz zoye ketdi. Pasportingiz yoningizda bo‘lgan taqdirda ham, agar qaytish chiptangiz bo‘lmasa, yuklaringizni ichkarida qoldira olmas ekansiz. Ya’ni siz boshqa shaharga qachon ketishingiz haqida hali aniq bir qarorga kelmagansiz. Yaqin kunlarda poyezd orqali qaytishingiz aniq. Lekin qo‘lingizdagi og‘ir yuk bilan shaharda yurolmaysiz. Dunyo tajribasidan kelib chiqsak, bunday sharoitda siz yuklaringizni temiryo‘l vokzallarining yuk saqlash bo‘limlarida ma’lum to‘lov evaziga qoldirishingiz mumkin. Bizda esa chiptangiz ham naqd bo‘lishi shart!  

Ha, mayli. Mavzudan chalg‘imaymiz. Shu o‘rinda ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan savollarni o‘rtaga qo‘ymoqchimiz:

  1. Vokzallarga panjaralar o‘zi nima maqsadda o‘rnatiladi?
  2. Panjarali vokzallar bilan nimaga erishamiz-u, ularsiz nima yo‘qotamiz?
  3. Nega vokzallarga kirishda yo‘lovchilar 2 marta tekshiruv chig‘irig‘idan o‘tkaziladi?
  4. Boshqa shaharga hali qachon ketishi noma’lum, ammo qo‘l yuki og‘ir yo‘lovchilar nega yuk saqlash xizmatidan foydalanish uchun ham chipta olgan bo‘lishi kerak? Mantiq bormi shu tartibda?
  5. Gap xavfsizlik masalasida bo‘lsa: hujjatli, lekin xavfli, hujjatsiz, ammo xavfsiz shaxs bo‘lishi ham mumkin emasmi?
  6. Butun dunyoda temiryo‘llar xizmati mijozlar uchun qulay, oson xizmatlar taklif qilayotgan bir paytda shuncha eskicha va ortiqcha tekshiruvlar o‘zi nega kerak?

Kutib oluvchi yoki kuzatuvchi bo‘lsangiz ham kutish zaliga kirish uchun qo‘lingizda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatingiz bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, ichkariga kirishga ruxsat yo‘q.

Unchalikmasdir, boshqa davlatlarda ham bu taomil bordir” degan ehtimolni ham inobatga olib, dunyoning eng oldi, taraqqiy etgan davlatlari emas, qo‘shni davlatlarimizning temiryo‘l vokzallaridagi holatlar bilan qiziqib ko‘rdik.

Tojikiston, Dushanbe temiryo‘l vokzali
 Qirg‘iziston, Bishkek temiryo‘l vokzali
Turkmaniston, Ashxobod temiryo‘l vokzali
Qozog‘iston, Ostona temiryo‘l vokzali
Qozog‘iston, Olma-ota 1-temiryo‘l vokzali,
Qozog‘iston, Olma-ota 2-temiryo‘l vokzali
Qozog‘iston, Chimkent temiryo‘l vokzali

Istalgan davlatning temiryo‘l vokzalini ko‘rishingiz mumkinki, birortasi panjara bilan to‘silmagan. Qaytanga yo‘lovchilar kirib-chiqishi, avtomobillar to‘xtashi uchun keng maydonlar tashkil qilingan.

Bizning temiryo‘l vokzallarimizda esa xizmat ko‘rsatish darajasi juda past. Vokzal ichida sanoqligina oziq-ovqat do‘konlari, ovqatlanish maskanlari bor. Narxlari karrasiga qimmat. Vokzallar oldidagi keng maydonlarni to‘siqlar bilan shunchaki o‘rab olgandan ko‘ra, aholi, temiryo‘l xizmatidan foydalanuvchilar, yo‘lovchilar ehtiyojlarini qondiradigan, ularning qulayligi uchun xizmat qiladigan, eng muhimi, ko‘proq va hamyonbop do‘kon va shoxobchalar qurilsa, foydaliroq bo‘larmidi...

Hurmatli, “O‘zbekiston temiryo‘llari” rahbariyati! Faqat bizning O‘zbekiston vokzallaridagina uchraydigan to‘siqlarni olib tashlash vaqti allaqachon kelgan. Bu faqat bizning xohishimiz emas. Bu haqli xalqning irodasi, istagi va talabidir. Sizlardan sifatli, qulay va bizdan ajratib qo‘yilmagan xizmatlarni kutib qolamiz.

Sardorbek Usmoniy, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid