“3 yildan beri ko‘rishmagan do‘stimni kutib olish uchun O‘zbekistonga kelgandim. Juda sovuq ekan. Muzlab qoldim. Ichkariga ruxsat berishsa, yaxshi bo‘lardi. Bizda kutib oluvchilar mehmonlarini aeroport ichkarisida kutib olishadi. Eng muhimi, issiqqina”, – deydi Qozog‘istonning Chimkent shahridan kelgan mehmon.

Yana bir ona esa Moskvadan kelayotgan o‘g‘lini kutayotgani, hamma yaqinlarini shunday sovuq sharoitda, muz ustida kutishga majbur bo‘layotgani haqida gapirib, mas’ullardan sharoit qilib berishlarini so‘raydi.

Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali u qadar eski emas. 2018 yil foydalanishga topshirilgan. 5 yil oldin shu aeroport binosi qurilayotganda kutib oluvchilar uchun alohidami, terminal ichidami maxsus yopiq bino tashkil qilish haqida hech kim o‘ylab ko‘rmaganmi?

Siyosatchi Kamoliddin Rabbimov Toshkent xalqaro aeroporti haqida o‘z fikrlarini bildirar ekan, bu O‘zbekistonning reputatsiyasi bilan bog‘liq masala ekanini ta’kidlab o‘tgan.

Siyosatchi aeroportdan chiqayotganda ham qo‘l yuklarini skanerdan o‘tkazish, tashqarida mehmonini 3 soatlab kutib, sovuqda qaltirayotganlar, kuralmagan qorlar holati haqida fikr bildirib, bu holatlar aeroport ma’muriyatini qiziqtirmasligini tanqid ostiga olgan.
“Butun dunyoda odamlar aeroportlarning ichida, chiroyli kutish zallarida o‘tirib, yaqinlarini kuzatishadi va kutib olishadi. Lekin faqat O‘zbekistonda emas. Insonlarni qadrsizlash – aeroportda boshlanadi va aeroportda tugaydi. Har qanday davlat to‘g‘risidagi birinchi taassurot – aeroportdan boshlanadi”, – deb yozadi u.







