Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tartibga olinadigan chegirmalar, “shaffof” Haj navbati va “forma”dagi firibgarlar – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Chakana savdodagi aksiya va chegirmalar haqqoniy bo‘lishi kerak – hukumat qarori
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan chakana savdoda aksiya va chegirmalarni qo‘llash tartibi belgilandi va qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik kiritildi. Bundan maqsad – chakana savdodagi narxlash va reklama amaliyotini iste’molchi manfaatiga moslashtirish, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.
Qarorga ko‘ra, aksiyalar e’lon qilish va chegirma berishda iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan usullar cheklanadi. Jumladan:
- chegirma e’lon qilinganda ko‘rsatiladigan “avvalgi narx” so‘nggi 30 kun ichidagi eng past narx bo‘lishi shart (qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bu qoida tatbiq etilmaydi);
- narxnomada aksiyadagi narxni odatdagi narxdan kattaroq shriftda yozib vizual ustun qo‘yish orqali iste’molchini adashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- narxni sun’iy ko‘tarib, keyin “chegirma” sifatida tushirish orqali raqobatdoshlikni soxtalashtirish qat’iyan taqiqlanadi;
- aksiya/chegirma haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga 10 kun oldin taqdim etilishi lozim.
Sotuvchi chegirma e’lon qilishdan oldin tovar va narxlar hisobini yuritib, so‘nggi 30 kunda amalda bo‘lgan narxlarni qayd etishi va zarurat tug‘ilganda iste’molchiga taqdim qilishi shart.
Shuningdek, sotuvchi aksiya o‘tkazish shartlari, amal qilish muddati, sotib olish tartibi, aksiyaga qo‘yiladigan tovarlar nomi (turkumi), narxi, imtiyozlar hamda boshqa muhim ma’lumotlarni aniq va tushunarli shaklda e’lon qilishi kerak.
Aksiya davomida qo‘yilgan tovarlar yetarli zaxira bilan ta’minlanishi shart. Agar chegirma uchun shaxsiy ma’lumot talab etilsa, ularni qayta ishlash amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi va iste’molchiga maqsad hamda shartlar haqida axborot berilishi lozim.
Qoidalarni buzgan taqdirda, belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llanadi.
O‘zbekiston fuqarolari endi Haj va Umraga onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin
“Haj va Umraning yagona portali” servisi ishga tushirildi. U orqali tashkilotlarga shaxsan borish va qog‘oz hujjatlar rasmiylashtirishsiz ariza topshirish mumkin.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabariga ko‘ra, elektron navbatga ro‘yxatdan o‘tish ikki usulda amalga oshiriladi — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali www.my.gov.uz va www.haj-umra.gov.uz sayti orqali.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi “maxsus kiyimdagi” firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirmoqda
Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘zlarini davlat yong‘in nazorati organi, FVV xodimi sifatida tanishtirib, odamlardan pul yig‘ayotgan maxsus kiyim kiygan shaxslarning vazirlikka hech qanday aloqasi yo‘qligini, shu bilan birga yong‘inlarning oldini olish bilan bog‘liq tadbirlar uchun soha xodimlari tomonidan umuman pul undirilmasligini ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, maxsus kiyimli shunday shaxslar xonadonga kelsa, ulardan birinchi navbatda shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasini taqdim qilishni so‘rash kerak. Uni FVV xodimlarining namunaviy guvohnomasi bilan solishtirib ko‘rish kerak (montajda ko‘rsatiladi). Ularning faoliyat turi hamda qanday xizmatlar ko‘rsatishi va ishlarni bajarishlariga aniqlik kirituvchi savollar berish kerak.
Vazirlik bunday shaxslar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan biror ishni bajarmasdan, majburiy tartibda to‘lov talab qilgan holatlarda 95 772-10-50 ishonch telefon raqamiga murojaat yo‘llashni tavsiya qilmoqda.
Gaz tarmoqlariga “gaz nasosi” o‘rnatish taqiqlanadi: xatarlar haqida ogohlantirish berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tabiiy gaz bosimini sun’iy oshirish maqsadida «gaz nasosi» qurilmalarini o‘rnatish targ‘ib etilmoqda. Hukumat qarori bilan bunday qurilmalarni gaz tarmoqlariga ulash qat’iyan taqiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori (129-band) talablariga muvofiq, gaz quvurlari, gaz taqsimlash shoxobchalari va gaz taqsimlash tarmoqlarining texnologik ish rejimiga xalal beruvchi qurilmalar — jumladan, «gaz nasos»larini o‘rnatishga ruxsat yo‘q.
Mutaxassislar bunday qurilmalardan foydalanish yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzishi, portlash va boshqa baxtsiz hodisalarga olib kelishi ehtimolini qayd etmoqda.
Mavzuga oid
14:32
G‘azodagi boshpanaga hujum qilgan Isroil, Rossiya tankerini safdan chiqargan Ukraina va IShID obektlariga zarba bergan AQSh – kun dayjesti
20:59 / 19.12.2025
2026 yilgi soliq stavkalari va hududlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar – mahalliy dayjest
21:52 / 17.12.2025
Toshkentda yangi «siti»lar va XCM moliyaviy piramidasining qulashi – mahalliy dayjest
21:26 / 16.12.2025