O‘zbekiston | 22:55 / 16.06.2021
48506
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi Rossiyadan kelgan delegatsiyaning birgina kechki ovqati uchun budjetdan 27 mln so‘m xarajat qilgan

Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi vakillari o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar hisobidan shohona mehmon qilindi. Delegatsiya O‘zbekistonda 4 kun qolib, Toshkentdagi «City palace» mehmonxonasiga, ularni olib kelgan samolyot ekipaji esa «Wyndham» oteliga joylashgan. Mehmondorchilikdagi ichimliklar va boshqa mahsulotlar bozor narxidan karrasiga qimmatga tushgan.

Toshkent shahar hokimligi Rossiya Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasi raisi Vladimir Shamanov boshchiligidagi Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi jamoat tashkilotining 28 kishidan iborat delegatsiyasini qabul qilib, ular uchun 27,6 mln so‘mlik mehmondorchilik tashkil etgan.

Bu – Toshkentda birgina bir martalik kechki ovqat uchun sarf bo‘lgan budjet mablag‘lari. Delegatsiya esa faqat Toshkentda emas, bir nechta viloyatlarda ham bo‘lgan, hokimliklar ular uchun dasturxon yozishgan.

Jizzax viloyatining Gagarin shahri. Delegatsiya Yuriy Gagarin haykali poyiga gul qo‘ymoqda / Foto: "Postda"

Toshkentdagi mehmondorchilik shahar hokimligi va «First Class» MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, 2021 yil 24 aprel kuni «Crystal garden» restoranida kechki ovqat tarzida bo‘lib o‘tgan.

Foto: Crystal garden
Foto: Crystal garden

Kechki ovqatda iste’mol qilingan taomlar ro‘yxatini qimmatligi bo‘yicha assorti va dengiz mahsulotlaridan assorti 720 ming so‘m bilan boshqarib turibdi. Bu taomlarning har biridan ikkitadan buyurtma berilgan.

Shuningdek, mehmonlar uchun Chivas 12 viskisidan tayyorlangan, stakani 62 ming so‘mlik limonaddan jami 20ta, 385 ming so‘mlik «Royal Elite» arog‘idan 6 dona buyurtma berilgan.

Restorandagi birgina kechki ovqat uchun shartnomaga asosan jami 27 mln 601 ming so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari ishlatilgan.

Shunisi e’tiborga molikki, restorandagi mahsulotlar bozor narxidan ancha qimmatga taqdim etilgan.

Jumladan, 15 dona «import» Coca-Cola ichimligi 33 ming so‘mdan olingan. Bozorda ushbu ichimlikning donasi qariyb 5500 so‘mdan taklif etiladi.

Restoranda 80 ming so‘mdan olingan Tarxun ichimligining 0,5 litrlisini bozorda 13 ming so‘mdan, 1 litrlisini 16 ming so‘mdan topish mumkin.

Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan "Royal Elite" arog‘i Rossiyada turiga qarab 209 mingdan 285 ming so‘mgacha sotilishi ma’lum bo‘ldi. Restoranda bu ichimlikdan 6 dona olingan bo‘lib, buning uchun soliq to‘lovchilarning jami 2 mln 310 ming so‘m puli sarflangan.

Mehmondorchilik «Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi» delegatsiyasini qabul qilish bo‘yicha 21 aprel kungi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan o‘tkazilgan. Farmoyishda tashrif uchun xarajatlarga davlat budjetidan pul ajratilishi ko‘rsatilgan.

Delegatsiya O‘zbekistonda 4 kun davomida (22-25 aprel) mehmon bo‘lib, Toshkentdagi «City palace» mehmonxonasiga, ularni olib kelgan samolyot ekipaji esa «Wyndham» mehmonxonasiga joylashgan.

Delegatsiya tashrifining ilk kunida mehmonlar uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi nomidan «Versal» restoranida kechki ovqat tashkil etilgan.

Darvoqe, kasaba uyushmalari federatsiyasining ham puli o‘ziniki emas – bu pullar mehnatkash xodimlarning ish haqidan ushlab qolinadigan pullardir.

Shuningdek, delegatsiya Toshkent shahridan tashqari Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlariga ham tashrif buyurgan va mehmonlar uchun ushbu viloyat hokimliklari nomidan kechki ovqat va tushliklar tashkil etilgan.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev delegatsiyani “Chehra” restoran–majmuasida kutib olgan.
Foto: Sirdaryo tuman hokimligi axborot xizmati
Foto: Sirdaryo tumani hokimligi axborot xizmati

So‘nggi vaqtlarda davlat tashkilotlari tomonidan hashamatli xarajatlar jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, Mudofaa vazirligi tomonidan tilla ruchkalar xaridi, sud raislari va boshqa mansabdorlar uchun qimmatbaho xizmat avtomobillarining sotib olinishi budjetdan yoki budjetdan tashqari manbalardan amalga oshirilishidan qat’i nazar, jamoatchilik tomonidan keskin qoralanmoqda va xaridlarda kamtarlikka chaqirilmoqda.

Mavzuga doir:

Mavzuga oid