Namanganda FES qurish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi tomonidan berilgan taklif qayta ko‘rib chiqiladi
Namanganda quvvati 150 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha Xitoyning GD Power – Powerchina kompaniyasi g‘olib deb topilgandi. Mazkur kompaniya har bir kilovatt-soat elektrni 4,828 sentdan yetkazib berish bo‘yicha taklif bildirgan. Energetika vazirligi taklifni juda qimmat deb hisoblamoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, narxlar oshishiga tender shakli va dizaynining o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari e’lon qilingandi. Xususan, Xitoyning GD Power – Powerchina konsorsiumi Namangan viloyatida 150 MVt quvvatga ega loyiha bo‘yicha g‘olib deb topildi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu quyosh fotoelektr stansiyasi uchun berilgan taklif qayta ko‘rib chiqiladi.
«Haqiqatan ham, Namangan viloyatida 150 MVt quvvatli loyiha uchun GD Power – Powerchina konsorsiumi (Xitoy) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSh sentida yetkazib berish taklifi qimmat hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Energetika vazirligi ushbu loyiha bo‘yicha tarifni optimallashtirish yuzasidan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur loyihani amalga oshirishda elektr energiyasi tarifini kamaytirish choralari ko‘riladi va stansiyaning qurilishida xavfsizlik tomonlariga alohida e’tibor beriladi», - deyiladi rasmiy munosabatda.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, 15 dekabr kuni e’lon qilingan tender natijalari avvalgilari bilan solishtirilganda, sezilarli darajada qimmatlashgan.
«Namanganda quvvati 150 MVt bo‘lgan quyosh stansiyasi qurish bo‘yicha Xitoyning GD Power – Powerchina kompaniyasining har bir kilovatt-soat elektrni 4,828 sentdan (yoki bugungi narxlarda 543 so‘m) yetkazib berish bo‘yicha taklifi g‘olib bo‘lgan.
Afsuski, boshqa yirik talabgor Abu Dhabi Future Energy Company– Masdar ushbu lotda taklif kiritmagan. Turkiyaning Alarko Holding AS kompaniyasi esa yutish niyati bo‘lmagan shekilli, 6,08 sentlik taklif bergan. Alarko Holding ASʼning boshqa, Xorazmdagi stansiyani qurish loti bo‘yicha ham taklifi (5,188 sent) iqtisodiy mantiqdan uzoq.
Xorazmdagi 100 MVt bo‘lgan quyosh stansiyasi qurish bo‘yicha Fransiyaning Voltalia kompaniyasi har bir kilovatt-soat elektrni 2,888 sentdan yetkazish taklifi bilan g‘olib bo‘lgan.
Solishtirish uchun, o‘tgan yillarda Abu Dhabi Future Energy Company– Masdar Xorazm, Samarqand va Jizzaxdagi stansiyalar bo‘yicha 2,68 sentdan taklif berib g‘olib bo‘lgan.
Xuddi shu konsorsium Sheroboddagi quyosh stansiyasini egallash uchun 1,80 sentlik taklif berib yutib chiqqan.
Buxorodagi 250 MVt bo‘lgan quyosh stansiyasini qurish bo‘yicha Abu Dhabi Future Energy Company– Masdar kompaniyasi har bir kilovatt-soat elektrni 3,044 sentdan yetkazish taklifi bilan g‘olib bo‘lgan».
Iqtisodchining qo‘shimcha qilishicha, narxlar qimmatlashishiga tender shakli va dizaynining o‘zgarishi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
«Yangi loyihalar bo‘yicha narxlar rosmana qimmatlagan. Bunga tender shakli va dizayni ham ta’sir ko‘rsatgan ko‘rinadi. Chunki birinchi marta 3ta stansiya qurish bo‘yicha 3ta lot tenderi bir vaqtda olib borildi. Bu uncha to‘g‘ri bo‘lmagan taktika, chunki quyosh stansiyasi qurish bo‘yicha busiz ham O‘zbekistonda 3-4 kompaniya ishlayapti xolos. Ular bir-biriga raqobat qilmasligi uchun bittadan lotni belgilab olgan bo‘lishlari ehtimoli ham yo‘q emas.
Namangandagi stansiya vodiydagi birinchi quyosh stansiyasi bo‘ladi, energiya ta’minotidagi eng katta disbalansga ega hududda «pochin»ni bunday boshlamaslik kerak», - deya yozadi Otabek Bakirov.
Mavzuga oid
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024