Jahon | 20:07 / 30.01.2026
6093
10 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya va Xitoy o‘zaro munosabatlarda «qayta tiklanish» davrini boshladi. Bu Trampga yoqmayapti

Iqtisodiy delegatsiya hamrohligida Pekinga kelgan Britaniya bosh vaziri Xitoy bilan savdo va xavfsizlikka doir muhim kelishuvlar imzoladi. Starmer Xitoyni «global maydondagi muhim o‘yinchi» sifatida ko‘rishini aytdi. AQSh prezidenti esa uni Pekin bilan biznes aloqalariga kirishishdan ogohlantirdi.

29 yanvar kuni Pekinda muzokaralar o‘tkazgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Xitoy raisi Si Jinping savdo, investitsiyalar va texnologiyalar sohasida o‘zaro manfaatli bo‘lgan kengroq hamkorlikni kuchaytirishga va’da berdi. Ular o‘zaro munosabatlarda «qayta tiklanish» boshlanganini e’lon qildi.

So‘nggi sakkiz yil ichida ilk bor Britaniya yetakchisini qabul qilgan Pekin esa britaniyaliklar uchun 30 kunlik vizasiz kirishni joriy etishga, shuningdek, Xitoyda viskiga qo‘yilgan bojlarni yarmiga qisqartirishga rozi bo‘ldi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaning farmatsevtika kompaniyasi AstraZeneca Xitoyga 15 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritishini e’lon qildi.

Reutersʼning yozishicha, Starmer Si bilan rasmiy sammit va tushlik doirasida qariyb uch soat suhbatlashdi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar savdo va xavfsizlik masalalari, Ukrainadagi urush, shuningdek futbol va Shekspir haqida ham gaplashgan.

Iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda qiynalayotgan Starmer hukumati dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bilan aloqalarni yaxshilashni ustuvor vazifaga aylantirgan.

«Xitoy global maydondagi muhim o‘yinchi. Biz hamkorlik qilish imkoniyatlarini aniqlay oladigan, shu bilan birga kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarda muloqot olib borishga imkon beradigan yanada murakkabroq munosabatlarni barpo etishimiz juda muhim», - dedi Starmer Si bilan uchrashuv boshida.

Foto: Reuters

Si esa munosabatlardagi «burilishlar va qiyinchiliklar»dan so‘ng Xitoy Buyuk Britaniya bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilmagan.

«Biz tarix sinoviga bardosh bera oladigan natijaga erisha olamiz», - dedi Si Pekindagi Xalq vakillari buyuk saroyida bo‘lib o‘tgan sammitda.

50 dan ortiq biznes yetakchilari hamrohligida kelgan Starmer Xitoy bilan munosabatlar hozir «mustahkam bosqichda» ekanini aytdi va Sini ish yuritish mumkin bo‘lgan shaxs sifatida ko‘rishini bildirdi.

U uchrashuvni iliq va konstruktiv deb ta’rifladi. Ular tushlik chog‘ida Xitoyda juda mashhur Angliya futboli va Shekspir haqida ham suhbatlashgan.

Qanday kelishuvlar imzolandi?

The Guardian'ning yozishicha, hozircha Kir erishgan kelishuvlarning moliyaviy qiymati e’lon qilinmagan. Xitoy-Buyuk Britaniya erishgan kelishuvlar quyidagilardan iborat:

Xitoyga vizasiz safar – bu safardan olingan eng katta yutuq bo‘lishi mumkin. Britaniya fuqarolari uchun Xitoyga 30 kungacha vizasiz borish imkoniyati ta’til va biznes safarlarini odatdagi byurokratik jarayonlarsiz amalga oshirishga yo‘l ochadi.

Xizmatlar sektori bo‘yicha hamkorlik va kelajakdagi savdo bitimiga ishora. Buyuk Britaniya xizmatlar sohasida yirik eksportchi bo‘lib, har yili Xitoyga 13 milliard funt sterlinglik xizmatlar ko‘rsatadi. Hozircha xizmatlar bo‘yicha erkin savdo bitimi yo‘q, biroq tomonlar bunday kelishuv imkoniyatlarini o‘rganish uchun «texnik-iqtisodiy asos» o‘tkazishga kelishib oldi.

Payshanba kuni Kir Starmer Pekindagi «Taqiqlangan shahar» majmuasiga bordi / Foto: Reuters

Uyushgan jinoyatchilik va noqonuniy migratsiya bo‘yicha razvedka ma’lumotlari almashuvi. Bu kelishuv hukumat uchun eng amaliy foyda keltiradigan bitim bo‘lishi mumkin. Chunki Starmer hukumati La-Mansh bo‘g‘ozi orqali kichik qayiqchalarda noqonuniy o‘tishlarni to‘xtatishga intilmoqda. Starmer va Si jinoiy guruhlar faoliyatini izdan chiqarish uchun ko‘proq axborot almashish haqida bitim imzoladi.

Hisobotlarga ko‘ra, o‘tgan yili ishlatilgan kichik qayiqcha dvigatellarining yarmidan ko‘pi Xitoyda ishlab chiqarilgan, boshqa ehtiyot qismlar ham o‘sha yerda tayyorlangan. Hamkorlik Xitoy hududidan kelayotgan "opioid" giyohvand moddalari kontrabandasiga qarshi kurashni ham ko‘zda tutadi. Starmerning aytishicha, bu bitim “qayiqlar yetkazib berilishini “manbasida” to‘xtatishga, ya’ni odamlar hayoti xavf ostiga qo‘yilmasdan turib o‘tishlarning oldini olishga” yordam beradi.

Standartlar bo‘yicha hamkorlik – Ular mahsulot standartlari, sog‘liqni saqlash, sport industriyasi, texnik ta’lim va kasbiy tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek hayvon va o‘simliklar karantini sohalarini qamrab oladi.

Buyuk Britaniyadan Xitoyga eksportni yengillashtirish – Starmerning aytishicha, britaniyalik kompaniyalar Xitoydagi ishtirokini kengaytirish uchun aniq qoidalar, yaxshiroq bozor ochiqligi va iste’molchi talabini qondirishga amaliy yordam so‘rab kelmoqda. Tuzilgan kelishuv britaniyalik bizneslarga u yerdan hamkor topishni osonlashtirishini, bozorlarni ochishga yordam beradigan kanallar yaratadi, britaniyalik mutaxassislarning kasbiy malakalari tan olinishi rag‘batlantiriladi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya–Xitoy qo‘shma iqtisodiy va savdo komissiyasi kuchaytiriladi. O‘tgan yili Buyuk Britaniya va Xitoy so‘nggi 7 yilda ilk bor savdo muzokaralarini o‘tkazib, iqtisodiy munosabatlar yumshayotganini ko‘rsatgan edi. Muzokaralar xizmatlar savdosini oshirish bo‘yicha kelishuvlar bilan yakunlangan. Hozir Xitoy bu muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirayotgandek.

Nega g‘arbliklar Xitoyga serqatnov bo‘lib qoldi?

Starmerning tashrifi – Trampning savdo bojlari bilan vaqti-vaqti bilan tahdid qilishi, Daniyaga qarashli avtonom hudud — Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish haqidagi va’dalari fonida amalga oshdi. Bu bayonotlar AQShning uzoq yillik ittifoqchilarini larzaga solmoqda.

Donald Trampning oldindan aytib bo‘lmas bunday harakatlari fonida G‘arb yetakchilari navbatma-navbat Xitoyga tashrif buyurmoqda.

Xususan, Starmerdan oldinroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Kanada bosh vaziri Mark Karni ham Pekinga kelib, muzokaralar o‘tkazib ketgandi.

Germaniya kansleri Fridrix Mersning ham yaqin orada Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda. Aslida Trampning o‘zi ham shu yil aprel oyida Xitoyga borishini aytgan.

Pekinga kelgan Kanada bosh vaziri Mark Karni Si Jinping bilan ko‘rishmoqda. 16 yanvar, 2026 yil / Foto: Reuters

Starmer Kanada bosh vaziri tashrifi chog‘ida tuzilgan bitimlar darajasidagi yirik savdo kelishuvlarini hozircha ta’minlay olmagan. Lekin, u avvalgi konservator hukumatlar davrida Xitoy bilan yomonlashgan aloqalarni tiklash yo‘lida muhim qadamlar tashladi.

O‘sha davrda Britaniya milliy xavfsizlikka oid xavotirlar sabab Xitoy sarmoyalarining bir qismini cheklagan va Hongkongdagi siyosiy erkinliklarga qarshi choralar yuzasidan xavotir bildirgan edi.

Britaniya maxsus xizmatlari Xitoy muntazam ravishda hukumatni josuslik bilan kuzatib borishini aytadi. Xitoy esa bu ayblovlarni rad etadi.

Uchrashuvdan keyin Starmer sobiq media magnat va Britaniya fuqarosi Jimmi Lay ishi yuzasidan Si bilan «hurmat doirasidagi suhbat» o‘tkazganini aytdi. U Xitoy nazoratidagi Hongkongda milliy xavfsizlikka oid jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topilgandi.

Bu safarlar Trampga yoqmayapti

30 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyani Pekin bilan biznes aloqalariga kirishishdan ogohlantirdi. Yaqinlashayotgan aloqalar haqidagi savollarga javoban Tramp shunday dedi: «Bu ular uchun juda xavfli». U Kennedi markazida jurnalistlarga shunday dedi, lekin izoh bermadi.

Tramp o‘tgan hafta Kanada Xitoy bilan iqtisodiy bitimlar tuzgach, ularga ham bojlar joriy etish bilan tahdid qilgandi. Starmerning o‘zi esa Pekinga uchishdan oldin «Trampni g‘azablantirmasdan turib ham Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda davom etishi mumkin», degandi. Shuningdek, Starmer Buyuk Britaniya AQSh yoki Xitoy bilan yaqinlashish o‘rtasida tanlov qilishga majbur emasligini aytgan.

Kennedi markazida jurnalistlar savollariga javob berayotgan Tramp / Foto: WireImage

Trampning payshanba kungi bayonotlaridan oldin AQSh savdo vaziri Xovard Lutnik Starmerning Xitoy bilan urinishlari samara berishiga ishonmasligini aytdi.

«Xitoyliklar eng yirik eksportchilardan va ularga mahsulot sotish juda-juda qiyin. Shuning uchun britaniyaliklar Xitoyga eksport qilishga urinayotgan bo‘lsa, omad… bu juda ehtimoldan yiroq», deya Lutnikning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Tramp Kanadaga qilgani kabi Britaniyani ham bojlar bilan qo‘rqitadimi, degan savolga Lutnik Kanada «biroz boshqacha» yo‘l tutganini aytdi.

«Ular dunyoda ikki kuch borligini va qaysi biri bilan savdo qilishni tanlashlarini aytishdi. Agar Buyuk Britaniya bosh vaziri AQShga qarshi chiqib, juda keskin bayonotlar qilmasa, menimcha, bunday bo‘lmaydi», - deya qo‘shimcha qildi Lutnik.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid