Iqtisodiyot | 19:48 / 19.09.2024
16417
4 daqiqa o‘qiladi

“10 kunda panel o‘rnatmasak, tokdan uzisharkan” - Tadbirkorlarni majburlash davom etmoqda

O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlarga quyosh panellarini o‘rnatish majburiyati qo‘yilmoqda. Panel o‘rnatmaganlar elektr tokidan uzilishi borasida HETK tomonidan ogohlantirilgan. Energetika vazirligi bunday harakatlarni noqonuniy deyishi bilan, bu noqonuniy harakatlar to‘xtab qolgani yo‘q.

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, Farg‘ona shahri va Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar murojaat qilib, quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanayotganini bildirdi.

Avvalroq bunday holat boshqa bir nechta hududlarda ham kuzatilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

“11 sentabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi tadbirkorlarga elektrosetdan ogohlantirish xati berib ketishdi. 10 kun muddat ichida quyosh paneli qo‘ymasak, [tokdan] uzib ketishar ekan, lekin yil boshida shartnoma qilganimizda unday shart bilan shartnoma qilmaganmiz. Elektroset rahbarlari “bizni hokimiyat majbur qilyapti”, deb aytishdi. O‘zi bu majburiymi yo majburiy emasmi? Bu xatni berishdan oldin 1oy davomida hokim kamida 8 marta bizni yig‘ib majlis o‘tkazdi. Biz 10 nafar tadbirkor sizlarga murojaat qilmoqchimiz, 2 kundan keyin bu vaqt tugaydi”, – deydi murojaatchi.

Farg‘ona shahrida faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkor ham shunday shikoyat yo‘llagan.

“Kanselyariya do‘konim bor. Meni va qo‘shni do‘konlarni Farg‘ona shahar elektr tarmoqlari korxonasidan kelib, quyosh paneli o‘rnatish majburiyligi, agar o‘rnatmasak, elektr tokidan uzishdan ogohlantirib ketishdi”, – deydi u.

Tadbirkorning aytishicha, ularga ogohlantirish xatlari Farg‘ona shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 10 avgustda yuborilgan. “Endi tokdan uzib ketisharkan, bugun aytib ketishdi”, – deydi YaTT.

Bu kabi holat Quvasoy shahrida ham kuzatilayotgani ma’lum. Shahardagi savdo do‘konlari va ishlab chiqarish sohasi tadbirkorlariga ogohlantirish berilgan.

Kun.uz avvalroq Oltinko‘l tumanida quyosh paneli o‘rnatmagan tadbirkorlik sub’yektlari yoppasiga elektrdan uzilgani haqida yozgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, Namangandagi tumanlarning birida metan-shoxobcha quyosh paneli o‘rnatmagani uchun gazdan uzilgan, natijada boshqa shoxobchada turnaqator navbatlar yuzaga kelgan.

Bunga javoban, Energetika vazirligi quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash holatlarini qoralab chiqdi. Vazirlik bunday majburlash qonunchilikka zid ekanini eslatgan, lekin bunaqa holatlar bo‘layotganini na tasdiqlagan, na rad etgan. Vaholanki, tadbirkorlarni svetdan uzib qo‘yayotgan tashkilotlar – HETKlar to‘g‘ridan to‘g‘ri vazirlik tizimiga kiradi.

Energetika vazirligining qayd etishicha, prezident qarorlari asosida quyosh panellari va quyosh suv kollektorlarini o‘rnatish imkoniyati bor tadbirkorlik sub’yektlari va aholi xonadonlari uchun bunday mahsulotlar targ‘ibotini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan. Lekin kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda esa uni tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish masalasi hech bir hujjatda yo‘q, deyiladi bayonotda.

Qalampir.uz'ning yozishicha, avgust oyi oxirida Toshkent shahar Olmazor tumanidagi ko‘plab tadbirkorlik sub’yektlariga, xususan nashr tahririyati ijarada bo‘lib turgan bino ma’muriyatiga ham tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Ravshan Mirsultonov tomonidan imzolangan ogohlantirish xatlari yuborilgan. Xatda tadbirkorlarga 10 kun muddat berib bo‘lib, shu muhlat ichida ulardan doimiy yashil muqobil energiyaga o‘tish va elektr energiyasini 20 foiz iqtisod qilish talab qilingan. Aks holda, tadbirkor hech qanday ogohlantirishsiz elektrdan uzilishi ta’kidlangan.

Joriy holat – respublika bo‘yicha quyosh panellarini majburiy o‘rnattirish bo‘yicha birinchi kampaniya emas. Bu hol shu yil boshida, fevral oyida ham kuzatilgandi.

Mavzuga oid