O‘zbekiston | 14:17 / 22.12.2021
10711
4 daqiqa o‘qiladi

“Bir-ikkita idoralarning e’tirozlari bor” - Akmal Burhonov korrupsionerlar reyestri va davlat sirlariga doir qonun loyihalari haqida

Bir-ikkita idoralarning e’tirozlari borligi sababli, korrupsion jinoyat sodir etgan shaxslar ro‘yxatiga doir va “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini muhokamaga qo‘yish kechikmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ma’lum qildi.

“Haqiqatdan ham reyestr va “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari tayyor edi. Oxirgi kelishuv jarayoni bor. Qonunchilikdagi tartibga ko‘ra, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishdan avval barcha tegishli vazirlik-idoralar bilan kelishish kerak. Mana shu kelishish jarayoni cho‘zilib ketdi.

O‘ylaymanki, oxirgi nuqtasi qoldi. Adashmasam, bir yoki ikkita idoraning [qonun loyihalari bo‘yicha] e’tirozlari bor edi. Shularni bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh tuzganmiz. Shundan keyin albatta jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yamiz.

Davlat rahbari tomonidan korrupsion jinoyat sodir etganlar ro‘yxatini yuritish bo‘yicha talab va vazifa qo‘yilgan. Biz reyestrning texnik tomonlarini tayyorlayapmiz, ishchi guruh tuzilgan. Qonun qabul qilinishi yoki qilinmasligidan qat’iy nazar keyingi yildan reyestr yuritilishi, farmon ijrosi ta’minlanadi. Qonun qo‘shimcha tartiblarini ta’minlab beradi”, – dedi Akmal Burhonov 21 dekabr kuni Senatning ochiqlik qo‘mitasi yig‘ilishida Kun.uz muxbiri savoliga javoban.

Eslatib o‘tamiz, 20 oktyabrdagi tadbirda ham agentlik direktori korrupsionerlar reyestriga oid qonun loyihasi “keyingi hafta” ochiq muhokamaga chiqarilishi, davlat sirlariga doir qonun loyihasi ham “tez kunlarda” jamoatchilikka taqdim etilishini bildirgan edi.

2021 yil iyulida qabul qilingan ochiqlikka doir prezident farmonida “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida” qonun loyihasi 2021 yil avgustigacha ishlab chiqilishi lozimligi aytilgan.

Loyihada quyidagilar nazarda tutiladi:

  • cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxatiga kirmaydigan ma’lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash;
  • cheklab qo‘yilishi fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarning davlat sirlariga kiritilishini man etish;
  • fuqarolar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatchilari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishda foydalanishga ijozatni rasmiylashtirish shartlari va tartiblari;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilg‘or tendensiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish.

Shuningdek, farmonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishi ham nazarda tutilgan.

Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

  • davlat xizmatiga qabul qilinish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
  • saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod ko‘rsatish;
  • davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zoligiga kirish;
  • ularning tadbirkorligi davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi; davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok etishi;
  • davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.

Tegishli qonun loyihasini Prezident Administratsiyasiga kiritish muddati 2021 yil 1 oktabr etib belgilangan.

Mavzuga oid