Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
SARS va MERS’dan o‘zib ketgan koronavirus yana 100ga yaqin kishini hayotdan olib ketdi. So‘nggi ma'lumotlar
Yakshanba kuni Xitoyda yana 97 kishi koronovirus tufayli vafot etdi - bu eng ko‘p qurbon berilgan kun bo‘ldi. Koronavirusning jami qurbonlari soni allaqachon 2003 yilgi atipik pnevmoniya epidemiyasi (SARS) qurbonlari sonidan oshib ketgan, 2012 yilda boshlangan Yaqin Sharq respirator sindromidan (MERS-CoV) qurbonlari sonini ham ortda qoldirgan.
Shu bilan birgalikda, infeksiyadan zararlanish holatlari sekinlashgan, ammo ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, epidemiya o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetib ortga qaytayotgani haqida gapirishga hali erta.
Epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Xubey provinsiyasida halok bo‘lganlar soni 780 kishiga yetgan.
Jami o‘limlar soni esa 910 nafarni tashkil qilmoqda. Ikki o‘limdan tashqari (Filippin va Hongkong) barcha o‘limlar Xitoyning materikdagi qismida qayd etilgan.
2003 yilda 20dan ortiq davlatda SARS epidemiyasi (og‘ir o‘tkir respirator sindromi) oqibatida halok bo‘lganlar soni 774 nafarni tashkil etgan.
Shuningdek, yangi koronavirus bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromidan (MERS-CoV) vafot etganlardan ko‘proq odam hayotdan olib ketdi.
MERS koronavirusi ilk bor 2012 yilda Saudiya Arabistonida aniqlangan. 2012 sentyabrdan dunyoning 27 davlatida MERS bilan 2494ta kasallanish holati qayd etilgan, undan 858 kishi vafot etgan.
Vaqtinchalik NCP nomini olgan yangi turdagi koronavirus 40171 kishida aniqlangan. 190 mingdan ortiq xitoylik tibbiyotchilar nazorati ostida.
«Yangi turdagi kasallikka vaqtincha «yangi turdagi koronavirus keltirib chiqaruvchi zotiljam» nomini berishga qaror qilindi. Uning ingliz tilidagi nomlanishi Novel Coronavirus Pneumonia bo‘lib, qisqartmasi NCP shaklida», deyiladi Xitoy sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi bayonotida.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida hozircha unga xalqaro nom berilmagan. JSST yanvar oyi oxirida koronavirus tarqalishini jahon miqyosidagi favqulodda holat deb e'lon qilgandi.
So‘nggi ma'lumotlar
Xubey provinsiyasida shanba kuni 81 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi, yakshanba kuni yana 97 kishi vafot etdi. Shu tariqa, ushbu hududning o‘zida qurbonlar soni 877 nafarni tashkil etdi.
Xitoyning materik qismida qayd etilgan o‘limlarning jami soni 908taga teng. Filippin va Hongkongda bittadan o‘lim.
Xitoy hukumati ma'lumotiga ko‘ra, 3300 nafardan ortiq bemor sog‘ayib ketgan va ularga shifoxonadan javob berilgan.
Yangi 2019-nCov koronavirusi ilk marta Uxan shahrida aniqlangan, ko‘p o‘tmay bu shaharda qat'iy karantin holati joriy etilib, shaharga kirish va undan chiqish yopib qo‘yilgan.
JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus shanba kuni epidemiya asosan Xubey provinsiyasi hududida qolayotgani va so‘nggi to‘rt kunda virusdan zararlanganlar soni barqarorligicha qolganini qayd etgan.
Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, epidemiya o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetib bo‘lgani haqida xulosa qilishga hali erta, chunki bunday epidemiyalar sekinlashgach, yana yangi kuch bilan tarqalishni boshlashi mumkin.
Yakshanba kuni Xitoy hukumati Xubeydagi maktablar birinchi martga qadar ochilmasligini ma'lum qildi.
Yokogama portida karantinga olingan «Daymond Prinsess» kruiz laynerida yana olti kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ayni vaqtga kelib Yaponiyada virusdan zararlanganlar soni 96 nafarga yetgan va shundan 70 kishi mazkur kemada virus yuqtirib olgan.
Hongkongdagi «Vorld Drim» kruiz layneri ham portda tutib turilgandi, undagi yo‘lovchilarda hamda ekipaj a'zolarida virus aniqlanmadi va kemaga portni tark etishga ruxsat berildi. Kemaning sobiq yo‘lovchilaridan sakkiz nafarida koronavirus aniqlangani tufayli ular izolyatsiya qilingandi.
Hongkong hukumati Xitoyning materikdagi hududida bo‘lgan barchaga ikki haftalik karantin joriy etgan. Karantin tartiblarini buzganlik uchun katta miqdordagi jarima va qamoq jazosi tahdid soladi. Hongkongda 26 nafar bemor aniqlangan.
Payshanba kuni Uxanda 60 yoshli amerikalik vafot etgan, bu xorijliklar orasidagi ilk o‘lim holati bo‘ldi.
Shanba kuni Fransiyada besh kishi, jumladan 9 yoshli bola virusdan zararlangani tasdiqlandi, ularning barchasi Britaniya fuqarolari bo‘lib, ular yaqinda Singapurdan qaytgan britaniyalik bilan birga yashashgan. Fransiyada koronavirusdan zararlanganlar soni 11 nafarni tashkil etmoqda.
Yangi virus haqida nimalar ma'lum?
- 2019-nCoV virusi - koronavirusning shu vaqtga qadar odamzodga yuqmagan variantidir.
- Koronaviruslar - viruslar oilasi bo‘lib, 38 turdagi viruslarni ichiga oladi, faqat 6tasi (yangi virus bilan - yetti) insonga yuqadi.
- Tadqiqotchilarning hisoblashicha, virus odamga hayvondan yuqqan, ammo u odamdan odamga ham yuqishi mumkin.
- Zararlanish simptomlari: harorat ko‘tarilishi, yo‘tal, nafas olish qiyinlashishi.
- Odamlarga jonivorlarga yaqinlashmaslik, yaxshi qaynatilmagan yoki yaxshi qovurilmagan go‘shtlarni yoki tuxumlarni iste'mol qilmaslik, shuningdek, shamollash yoki gripp kasalliklari belgilari mavjud bo‘lgan odamlar bilan aloqa qilmaslik tavsiya etilmoqda.
Mavzuga oid
18:37 / 21.09.2025
COVID-19 pandemiyasi boshlanishini yoritgan xitoylik jurnalist 4 yilga qamaldi
15:47 / 06.08.2025
AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi mRNK-vaksinalari uchun mablag‘ni qaytarib oldi
21:02 / 24.07.2025
Olimlar COVID-19 pandemiyasi odamlarning miyasini qaritganini aniqladi
17:18 / 05.07.2025