O‘zbekiston | 18:59 / 30.10.2018
141340
7 daqiqa o‘qiladi

Shov-shuvli iste'fo. Zoyir Mirzayev ishi endi yopildimi?

Qaysidir bir kamchilik, kutilmagan holat yoki bir onlik ziddiyat tufayli iste'foga chiqishlar (yoki chiqarilishlar) haqida xorij xabarlarida eshitardik. Bu holat endi O‘zbekistonda ham kuzatila boshlandi. Oxirgi jiddiy iste'fo bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayevning o‘z vazifasidan chetlatilishi bo‘ldi.

Zoyir Mirzayev

Ta'kidlash kerak, jamiyat uyg‘onayotganining, ommaviy axborot vositalarining kechagidek o‘z qobig‘iga o‘ralib olmaganligining o‘ziga xos ramzi bo‘ldi bu holat. Olti kishining suvga tushirilishi va aybdorlarcha bosh egib turgani aks etgan surat tarqalishi bilan bu voqeaga aloqador mish-mishlar ham urchiy boshladi. Dastlab bu voqea vodiyda yuz bergani to‘g‘risida xabarlar berildi. Keyinchalik Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yuz bergani ma'lum bo‘lgach, oltovlonning qanday qilib suvga tushib olishgani masalasi qalqib chiqdi va biri-biridan kulgiliroq hamda aqlbovar qilmas ma'lumotlar tarqaldi.

Olti kishining o‘zaro bahs boylashib, suvga tushib olganlari to‘g‘risidagi bema'ni fikrdan keyin tuman hokimligi rasmiylari bir kishi ortidan qolganlar ham suvga tushganlari haqidagi gapga hammani ishontirishga urinishdi va aybdorlar jazolanganini bildirishdi.

Lekin hamma bu jazo yuqoridan, anchagina yuqoridan – hududni tekshirayotgan bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev tomonidan berilganligi va uning o‘zi jarayonni bevosita kuzatib turganlaridan boxabar bo‘lib ulgurgandi.

Bo‘lar ish bo‘ldi. Majburiy mehnatga qarshi davlat darajasida kurash ketayotgan bir paytda hamma prezident va hukumatning bu holatga munosabatini kuta boshladi.

Natija ko‘p kuttirmadi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 29 oktabr kuni imzolangan «Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida» farmon mazmunini keng jamoatchilik, xususan barcha hududiy rahbarlar, tashkilot, idora va tuzilma boshliqlariga yetkazish bo‘yicha videoselektor bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov Zoyir Mirzayevning ishdan olinganini e'lon qilib, bu holatga munosabat bildirdi.

«Men uchun bu yomon holat. Hukumat rahbari sifatida, o‘rinbosarimning ushbu ishda tomoshabin bo‘lishi yo ishtirokchi sifatida turishi yomon. Prezident topshirig‘i bilan 25 oktabrda bo‘lgan voqealar Bosh prokuratura tomonidan qat'iy o‘rganiladi», dedi A. Aripov.

Shu o‘rinda Zoyir Mirzayev shaxsiga to‘xtalib o‘tishni lozim deb topdik.

Yirik rahbar lavozimida o‘z faoliyatini 2008 yilda Samarqand shahar hokimi sifatida boshlagan Zoyir Toirovich Mirzayev 2010 yil 17 dekabrdan boshlab respublikaning eng katta viloyatlaridan biri Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tayinlanadi. Bu lavozimda u roppa-rosa olti yil – 2016 yil 15 dekabrgacha ishlaydi.

Ta'kidlash joiz, bir viloyat hokimi lavozimini uzluksiz egallab turish bo‘yicha olti yil ancha katta muddat hisoblanadi va faqat sanoqli hokimlargina bunga muvaffaq bo‘lishgan.

Qadimiy shaharda hokimligi, viloyat boshqaruvida ham Zoyir Mirzayev odamlar bilan til topishishga ustaligi, xalqchilligi bilan nom qozongan. Shuningdek ko‘pchilik samarqandliklar korrupsiya muammosi ham uning davrida keyin qayd etilganidek urchib ketmaganligini e'tirof etishadi. 

Z. Mirzayev viloyat hokimligidan nafaqat ishdan ketadi, balki yanada yuqori lavozimni egallaydi 2016 yildan boshlab bosh vazir o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari, 2018 yildan to iste'foga chiqarilguniga qadar bosh vazir o‘rinbosari - agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste'mol mollari majmuasi rahbari bo‘lib ishlab kelgan va bu sohada ham anchagina tajriba to‘plagan.

Ammo Zoyir Mirzayev talabchan va qat'iylik chegarasini oshirib yuborganini o‘zi ham sezmay qolganga o‘xshaydi. Oqqo‘rg‘onlik bir qator rahbarlar va fermerlarni suvga tushirib, tahqirlash ish talab qilib kamsitish borasidagi eskicha uslublarning oddiysi edi. Shu kunga qadar ham tuman va hatto viloyat rahbarlarining qo‘l ostidagi xodimlarini do‘pposlaganlari, turli xil shaklda tazyiq o‘tkazganlari haqida ma'lumotlar tarqalib turardi.

Ammo aynan mana shunday qilmishlar uchun yuqori lavozimli rahbarning egallab turgan lavozimidan chetlatilishi O‘zbekiston tarixida ilk bor yuz bermoqda va bu juda muhim signaldir.

Shu paytga qadar ham viloyat va respublika miqiyosidagi rahbarlarning kimnidir tahqirlaganlari tanqid qilingan, lekin bu holatlar ko‘proq ularning qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlari ortidan ishdan bo‘shatilayotgan paytlarida eslangan.

Zoyir Mirzayev esa bitta jiddiy kamchilik uchun bir maromda, ko‘tarilish sari ketayotgan kar'yerasi bilan javob berdi.

Bunday katta lavozimli, tajribali rahbarning ham ayab o‘tirmay jazolanishi esa hammasi jiddiyligini, prezident ham, hukumat ham bu borada qat'iy pozitsiyada ekanligini bildiradi.

Ko‘pchilik hozir Z. Mirzayevning keyingi taqdiri bilan qiziqmoqda. Bu borada bosh prokuratura ham maxsus tekshiruv o‘tkazishini ma'lum qilgan va hatto holatni indamay kuzatib turgan viloyat hokimi o‘rinbosari va prokuror o‘rinbosari ham ishdan bo‘shatilgani e'lon qilindi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) loyiha bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrup bugun hukumatning Bosh vazir A. Aripov boshchiligidagi selektor majlisida ishtirok etib, voqeaga munosabat bildirdi. U majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan hukumat darajasidagi amaldorga chora ko‘rilishiga umid bildirgan.

Ammo bu holatda jinoyat tarkibini topish va bosh vazirning sobiq o‘rinbosarini javobgarlikka tortish ehtimoli kam. Katta ehtimol bilan Zoyir Mirzayev bir muddat ishsiz yuradi va shundan keyingina biror tarmoq rahbarligiga tayinlanadi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid