Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yakka tadbirkorlar uchun yangi soliq tizimi va aliment to‘lovchilarga chet elga chiqish imkoniyati – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
YaTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq to‘lash tartibi o‘zgaradi
2026 yil 1 yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq to‘lash tartibi o‘zgaradi.
Yillik aylanmasi bir milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar aylanmadan 1 foiz miqdorida soliq to‘laydi.
Shu munosabat bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash, shuningdek, soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi 100 million so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish tartibi bekor qilinadi.
Shu bilan birga, aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun soddalashtirilgan hisobot shakli joriy etiladi, qayta tiklanuvchi energiyadan foyda olayotgan tadbirkorlarga esa nol soliq stavkasi qo‘llanadi.
Aliment to‘lovchilar sug‘urta polisi orqali chet elga chiqishi mumkin bo‘ladi
Adliya vazirligi qarzdor jismoniy shaxslarning chet elga chiqishini cheklash tartibiga o‘zgartish kiritdi. Endi aliment to‘lash majburiyati bor shaxslar sug‘urta polisi orqali vaqtinchalik chiqish taqiqini to‘xtatib turishga erishishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, aliment to‘lash majburiyati yuklagan sud hujjati bo‘lgan shaxslar sug‘urta polisini ilova qilgan holda davlat ijrochisiga iltimosnoma bilan murojaat etsa, ularning chet davlatga chiqishi bo‘yicha qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov to‘xtatib turiladi.
Bunda tegishli sug‘urta turlari faqat maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan sug‘urtalovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Sug‘urta polisi aliment majburiyatlarini bajarishni kafolatlashga xizmat qiladi.
Daraxt ekish uchun ichimlik suvidan foydalanishga qo‘yilgan cheklov bahor va yozda bekor bo‘ladi
Prezident maslahatchisi Aziz Abduhakimov ma’lum qilganidek, daraxt ekish va parvarishlash uchun ichimlik suvidan foydalanishga qo‘yilgan cheklov kelgusi bahor va yoz oylarida bekor qilinadi.
«Endilikda aholiga daraxt ekish va parvarishlashda yanada qulaylik yaratish maqsadida ichimlik suvidan aynan ushbu maqsadda foydalanishga qo‘yilgan cheklov bahor va yoz davrida bekor qilinadi», dedi Aziz Abduhakimov.
Shuningdek, u tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etilishini qayd etdi. Mazkur chora-tadbirlar aholi uchun qulay sharoit yaratish, atmosfera havosini yaxshilash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani ta’kidlandi.
Jizzaxda IIB xodimi bedarak yo‘qoldi
Zafarobod tumani IIB xodimi oktyabr oyi oxirida ishga ketganicha uyiga qaytmagan. Olib borilayotgan qidiruv ishlariga qaramay u topilmayapti. Prokuratura xodimga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Mamayusuf Rahmatullayev 27 oktyabr, dushanba kuni ertalab ishga ketgan. U shundan keyin yashash uyiga qaytmagan. Xodimning qayerga ketgani hozircha ma’lum emas. Olib borilayotgan qidiruv ishlariga qaramay u hamon topilmagan.
Mamayusuf Rahmatullayevga nisbatan Zafarobod tumani prokuraturasi tomonidan 2025 yil 19 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Urgutda narkosavdogar hamshira 10 yilga qamaldi
Oilaviy poliklinika filialida patronaj hamshirasi bo‘lib ishlagan 38 yoshli ayol 5 gramm geroin hamda 1,2 kg opiy narkotik moddasi bilan qo‘lga olindi. U sudda opiyni o‘zi iste’mol qilishini, yonidan topilgan narkotik moddalarni sotish niyati bo‘lmaganini bildirdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan M.M. Urgut tumanidagi oilaviy poliklinikalardan birining filialida patronaj hamshira bo‘lib ishlagan. Unga 2021 yil fevral oyida ham shu turdagi jinoyat bilan 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo shartliga almashtirilib, 3 yil sinov muddati berilgan. Ammo hamshira bundan xulosa chiqarmagan.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026