O‘zbekiston | 20:38 / 18.05.2024
18923
18 daqiqa o‘qiladi

Ortayotgan tengsizlik, xandaqqa qulagan uy va To‘qayevning bayonoti - hafta dayjesti

Sobiq bosh prokurorning o‘g‘li Dubayda millioner ekani ma’lum bo‘ldi. Boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq kattalashyapti. XVJ hukumatdan amaldorlar qachon mol-mulklari haqida “otchyot” berishini so‘radi. Ayrim tashqi kuchlar Markaziy Osiyo davlatlarini bir-biriga qarshi gijgijlayapti. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Iqtisodiy tengsizlik ortib bormoqda

O‘zbekiston aholisi orasida daromadlar bo‘yicha tabaqalanish darajasi ortib boryapti. Oddiyroq aytganda, boylar va kambag‘allarning topish-tutishi o‘rtasidagi farq kattalashyapti. Bu holatga Jahon banki ekspertlari O‘zbekistondagi kambag‘allik darajasiga doir sharhida e’tibor qaratdi.

Tashkilotning qayd etishicha, O‘zbekistonda 2015–2022 yillarda xalqaro standartlar asosida o‘lchangan kambag‘allik darajasi 2 barobarga qisqarib, 36 foizdan 17 foizga tushgan. Bu – mintaqadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri. Lekin, boshqa tarafdan, oxirgi paytlarda daromadlarning o‘sishi asosan badavlat qatlamga mansub kishilar orasida yuz beryapti. Raqamlarga qaraganda, 2022-2023 yillarda aholining eng badavlat 10 foizlik qismining daromadi 30 foizdan ko‘proqqa oshgan, eng kambag‘al 10 foizlik qatlamning daromadi esa atigi 6 foizga o‘sgan. Xalqaro ekspertlarning aytishicha, bunday iqtisodiy tengsizlikning chuqurlashishi oqibatida mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish qiyinlashib boryapti.

Iqtisodiy tengsizlik ortayotganini hukumatning rasmiy statistikasi ham tasdiqlaydi. Masalan, 2020 yilda Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatidagi o‘rtacha oylik maoshlar o‘rtasida farq 74 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu salkam 2,5 barobarga yetgan. Sohalar kesimida esa, 2019-2023 yillar oralig‘ida ta’lim va tibbiyotdagi oylik maoshlar moliya sohasidagi oylik maoshlarga qaraganda 2,5 barobarga sekinroq o‘sgan.

Iqtisodiy tengsizlikni kuchaytiradigan omillardan biri – inflatsiya. Shu hafta Markaziy bank e’lon qilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aprel oyida aholiga sezilgan yillik inflatsiya darajasi 13,7 foiz, Toshkentda esa 17,4 foiz bo‘lgan. Poytaxtda yashovchi har uchta respondentdan birining fikricha, oxirgi bir yilda narx-navolar 21 foizdan ko‘proqqa oshgan.

So‘rovda ko‘plab o‘zbekistonliklar ayniqsa davolanish xarajatlari oshganini aytgan. Bu – 1 apreldan boshlab dori vositalari va tibbiy xizmatlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz bekor qilingani bilan bog‘liq. O‘tkir budjet defitsiti sharoitida qabul qilingan bu qarorni mas’ullar “QQS zanjirining uzluksizligini ta’minlash” maqsadi bilan izohlagan edi. Lekin e’tiborlisi, ko‘p o‘tmay QQS zanjiri uziladigan boshqa bir soha paydo bo‘ldi: dushanba kuni imzolangan qonun bilan, zargarlik sohasi uchun qimmatbaho toshlarni olib kirish QQSdan ozod qilindi. Bu o‘rinda, boy-u kambag‘alga birdek zarur dori-darmon va tibbiy xizmatlardan farqli ravishda, zargarlik buyumlaridan o‘rtahol va o‘ziga to‘q qatlam foydalanishini ta’kidlab o‘tish maqsadga muvofiq.

XVJ: Qachon o‘zbek amaldorlari mol-mulkini ochiqlaydi?

Bu hafta Xalqaro valuta jamg‘armasi ham O‘zbekistondagi iqtisodiy holat bo‘yicha o‘z sharhini e’lon qildi. Jamg‘arma rasmiylarining Toshkentga 2024 yilgi tashrifi xulosalarida aytilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun istiqbollar “umuman olganda ijobiy, lekin ichki va tashqi xatarlar saqlanib qolyapti”. Tashqi xatarlar sifatida Ukrainadagi urushning avj olishi, tovarlar narxining o‘zgaruvchanligi va jahon iqtisodiyotida stagnatsiya boshlanishi bilan bog‘liq ehtimollar sanab o‘tilgan. Davlatning ortiqcha xarajatlarni qisqartirishni paysalga solishi, davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat-xususiy sheriklik bitimlari bo‘yicha majburiyatlar yuzaga kelishi mumkinligi esa ichki xatarlarni tashkil etadi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumati uchun o‘z tavsiyalarini ham bergan. Monetar omillar qatorida qattiq pul-kredit siyosatini saqlash qolish, energiya narxlari tufayli kerak bo‘lsa asosiy stavkani ko‘tarish, Markaziy bankning mustaqilligini oshirish, tijorat banklarini xususiylashtirish, direktiv kreditlashni qisqartirish zarurati ko‘rsatilgan. Shuningdek, almashuv kursini boshqarishdan voz kechish tavsiya etilyapti. Kursning egiluvchan bo‘lishi ehtimoliy shoklarni yengilroq qabul qilishga va zaxiralarni saqlashga yordam beradi, degan iqtisodchilar. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fevral va mart oylarida jahonda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lgan.

Yuqoridagilardan tashqari, XVJ O‘zbekiston rasmiylarini anchadan beri va’da qilinayotgan tarkibiy islohotlarni ortiq cho‘zmaslikka chaqirdi. Rasmiy bayonotda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish, sud tizimining mustaqilligini oshirish, davlat xizmatchilarining aktivlarini deklaratsiyalash va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlarni tezroq qabul qilish tavsiya etilgan. Eslatib o‘tamiz, davlat amaldorlarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash tizimi 2022 yil 1 yanvardan ishga tushishi kerak edi. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun esa Senat tomonidan ma’qullanganiga 1 iyun kuni roppa-rosa bir yil bo‘ladi.

Sobiq bosh prokurorning o‘g‘li – Dubayda millioner

O‘zbekiston sobiq bosh prokurorining o‘g‘li Dubayda millionlab dollarlik ko‘chmas mulklarga egalik qiladi. Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlar tarmog‘iga ko‘ra, bu yerda gap Rashid Qodirovning o‘g‘li Alisher Qodirov haqida ketyapti. Keng miqyosli xalqaro surishtiruv xulosalarida aytilishicha, Dubaydagi Marina Plaza nomli osmono‘par binoda Alisher Qodirovning to‘rtta ofisi bor. Har birining qiymati qariyb 2 mln dollarga baholangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashid Qodirov 2018 yilda qamoqqa olinganidan ko‘p o‘tmay, uning o‘g‘li Alisher Qodirov qidiruvga berilgan edi. U juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik va firibgarlik moddalari bilan ayblangan. Qidiruvning hozirgi holati ma’lum emas – Ichki ishlar vazirligi saytidan qidiruvdagi shaxslar haqida anchadan beri ma’lumot olib bo‘lmay qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2019 yilda bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilib, 69 yoshida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2023 yil yanvarida u muddatidan avval shartli ozodlikka chiqarilgani ma’lum bo‘lgandi.

Samarqandlik tadbirkor xandaq qazib, qo‘shnisining uyini qulatdi

14 may kuni Samarqand viloyatida Juma shahrida ro‘y bergan voqea butun O‘zbekistonga ovoz bo‘ldi. Bu yerda qurilish qilish uchun xandaq noto‘g‘ri qazilgani oqibatida, qo‘shni uy qulab tushdi. Internetda tarqalgan videoda ikki qavatli uyning qulashi tasodifan emas, kutilgan holda ro‘y bergani, holatni ko‘chada odamlar tomosha qilib turganini ko‘rish mumkin. Uydagi odamlar qasir-qusur ovozlardan keyin uyni tark etishga ulgurgan. Hech kim jabrlanmagan.

Voqea joyida bo‘lgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qulab tushgan uyning oldida avval eski uy bo‘lgan. Uni tadbirkorlar sotib olib, o‘rniga kattaroq do‘kon qurishni maqsadida xandaq qazigan. Kerakli hujjatlar rasmiylashtirilib, qurilish qilishga ruxsat olingani, lekin texnologik jarayon noto‘g‘ri bo‘lgani aytilyapti.

Qulagan uy egasining aytishicha, u quruvchilardan bir necha marta qazish ishlarini to‘xtatishni talab qilgan, aks holda uyi qulab tushishini aytgan, lekin quruvchilar qazish ishlarini davom ettiravergan. Mulkdor o‘ziga yetkazilgan moddiy zararni 300 ming dollarga baholagan, shuningdek, qo‘shnisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ariza bergan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Markaziy Osiyodagi hamjihatlikni ko‘rolmayotganlar bor

Ayrim tashqi kuchlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tarqoqlikni keltirib chiqarishga urinyapti. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bayonot berdi. U beshta respublikani bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish va mintaqada tarqoqlikni yuzaga keltirishga urinayotgan tashqi kuchlar borligini aytib, mintaqa davlatlarini bunday kuchlarga bahamjihat qarshi turishga chaqirdi.

“Biz bunday yondashuvlar va urinishlarni qat’iyan rad etamiz. Umuman olganda, mamlakatlarimiz o‘rtasida biz o‘zaro maqbul yechim topa olmaydigan masalalar yo‘q va bo‘lmasligi ham kerak”, – dedi To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblari bilan uchrashuvda.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning shu hafta Xitoyga tashrifi vaqtida odatga ko‘ra Markaziy Osiyo haqida ham muhokamalar bo‘lgan. Putin va Si Jinping o‘zaro muzokaralardan keyin e’lon qilgan qo‘shma bayonotida Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishi qayd etib o‘tilgan. Shuningdek, bayonotda AQSh nafaqat Afg‘onistonga, balki unga qo‘shni bo‘lgan mintaqaga ham o‘z harbiy infratuzilmasini joylashtirishga urinmasligi kerakligi ta’kidlangan.

Rossiyada huquqbuzarlik qilganlar Qozog‘istonda qo‘lga olinmoqda

Qozog‘istondagi huquq organlari Rossiyada huquqbuzarlik sodir etishda gumonlanayotgan chet el fuqarolari, xususan o‘zbekistonliklarni ham hibsga ola boshladi. Bu – Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga oid bitim kuchga kirgani bilan bog‘liq. Shunga asosan, oxirgi paytlarda Rossiya hududida huquqbuzarlik sodir etgan O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tish vaqtida hibsga olinayotgan holatlar kuzatilyapti.

Bu haqda xabar bergan Migratsiya agentligiga ko‘ra, hibsga olingan shaxslar Rossiya tomoni mazkur huquqbuzarliklar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilguniga qadar jazoni ijro etish muassasalarida saqlanyapti. Shu sababli Rossiya hududida huquqbuzarlik sodir etib, O‘zbekistonga kelgan fuqarolarga Qozog‘istonga bormaslik tavsiya etilyapti.

Migratsiya agentligi, shuningdek, boshqa bir bayonoti bilan Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi. Ogohlantirish so‘nggi vaqtlarda ko‘payib qolgan norasmiy kur’yerlik xizmatlari bilan bog‘liq. Bunday xizmatlarga yollanib, narkotik yoki boshqa taqiqlangan moddalar solingan buyurtmalarni yetkazib berayotganlar qo‘lga olinib, jinoiy javobgarlikka tortilyapti. Bu holda migrantning qamoqdan keyingi manzili urush maydoni bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonliklar uchun Koreya qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlash imkoniyati tiklanmoqda

O‘zbekiston fuqarolari yana Janubiy Koreyaga qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlar uchun borishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, kollej yo texnikumni tugatgan yoshlar ham oliy ma’lumotga ega bo‘lmay turib Koreyada ishlashi mumkin bo‘ladi. Bandlik vazirligining xabar berishicha, vazir Behzod Musayevning Seulga safari davomida koreys tomoni bilan shunday kelishuvga erishilgan.

Ma’lumot uchun, pandemiyadan keyin, 2021 yilda Koreya o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishlarga yana jalb qila boshlagan, lekin ishlashga borgan o‘zbeklarning ko‘pi mehnat shartnomasini buzib, belgilangan vaqtda ortga qaytmagani uchun jarayon to‘xtab qolgandi. Endilikda, Bandlik vazirligidan ma’lum qilishlaricha, Koreya Adliya vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Koreya tomoni o‘zbekistonliklarga ishchi vizalar berishni kengaytirishga rozi bo‘lgan, lekin buning uchun o‘zbekistonlik ishchilar Koreyaning mehnat qonunchiligini buzmasligi, nolegal faoliyatga o‘tmasligi, o‘z ish joyini asossiz tashlab ketmasligi kerak bo‘ladi.

Zo‘ravonlar reyestri tuzilmoqda

O‘zbekistonda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qonunchilik bazasini takomillashtirish ishlari davom etyapti. O‘tgan yili oiladagi zo‘ravonlik rasman jinoyat deb e’tirof etilib, zo‘ravonlarga qo‘l kelgan qonunlardagi ayrim “lazeyka”lar yopilgandi. Kuni kecha imzolangan prezident qarori bilan bu boradagi qo‘shimcha choralar belgilandi.

Muhim choralardan biri – 2025 yil 1 yanvardan boshlab zo‘ravonlar reyestri yuritiladi. Ichki ishlar organlari bu reyestrga biror-bir shaxsga tazyiq o‘tkazgan, zo‘ravonlik qilgan yoki zo‘ravonlik qilishga moyilligi bor shaxslarni kiritadi. Reyestrga kiritilgan shaxslarning xulq-atvorini tuzatish ishlariga Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ham jalb etiladi.

Qaror bilan, 1 iyundan boshlab zo‘ravonlikka uchraganlarga “Inson” markazlarida ijtimoiy, psixologik va yuridik yordamlar ko‘rsatiladi. Agar jabrlanuvchilar ancha og‘ir ruhiy holatga tushib qolgan bo‘lsa, tez yordam bo‘limlarida yangi tashkil etilayotgan, tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalarida 3 kungacha olib qolinib, psixoterapevtik yordam ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining hududiy markazlarida vaqtinchalik boshpana – shelterlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Jabrlanuvchilar tez yordam bo‘limida bir necha kun psixoterapevt nazoratida bo‘lganidan keyin, zarurat bo‘lsa ana shu shelterlarga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Mehnat kodeksiga kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, ish joyida boshqa xodimga tazyiq yo zo‘ravonlik qilish xodimni ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘ladi. Himoya orderi berilgan xodimlar o‘zining ruhiy-emotsional holatini tiklashi uchun asosiy mehnat ta’tilidan tashqari ish haqi saqlangan holda 10 kunlik qo‘shimcha ta’til olishi mumkin bo‘ladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyo kubogi finalida Yaponiya bilan kechgan o‘yindan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. “11 metrni urolmaganidan keyin uch kun uxlamay chiqdim (kuladi). Uning o‘rnida o‘zim bo‘lsam deyman-da, bittagina to‘p-a... Mahorat ko‘rsatishdi, ularning ko‘pi bilan gaplashdim, telegramma yubordim. Biz ham darrov chempion bo‘lamiz deymiz-da. Birinchi marta jamoaviy komandamiz Olimpiadaga chiqdi, buyam katta yutuq”, dedi davlat rahbari kino sohasi vakillari bilan muloqotda.

Avtomobillar bozorida faollik ketma-ket uch oydan beri pasayyapti. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, aprel oyida avtomobillar savdosidagi pasayish sur’ati tezlashib, avtotransport vositalarining umumiy savdosi 19 foizga kamaygan. Bu avtokreditlash qisqargani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayni paytda, bozordagi bunday pasayish elektromobillar segmentiga taalluqli emas. Aprel oyida oldi-sotdi qilingan elektrokarlar soni 2900 taga yetgan, bu mart oyidagi ko‘rsatkichdan 23 foizga ko‘p.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatadi. “O‘zbekneftgaz” raisi o‘rinbosari Odil Temirovning ma’lum qilishicha, hozir zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 85 foizini AI-80 benzini tashkil etadi. Shu yil noyabrdan boshlab AI-91 va undan yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish, 2025 yil boshidan esa AI-80 ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatish rejalashtirilgan.

Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi qishloqlardan biriga ayiq bostirib keldi. Jannatmakon mahallasida kutilmaganda paydo bo‘lib qolgan yirtqich hayvon odamlarning hovlilariga va maktab hududiga ham kirib, o‘quvchilar hayotiga xavf tug‘dirgan, natijada uni otib o‘ldirishga majbur bo‘lingan. Bu jarayonda ichki ishlar xodimi jarohatlanib, tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Shunga o‘xshash holat o‘tgan oyda Jizzaxdagi Chakan qishlog‘ida ham ro‘y bergan, tog‘dan tushgan ayiq hech kimga hujum qilmay, o‘rmonga kirib ketgandi.

Hukumat tadbirkorlarning eksportdan tushumlarni yashirishiga qarshi kurash boshladi. Bunda hukumat qarori bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari, elektr jihozlari va meva-sabzavotlarga minimal eksport narxlari joriy etilyapti. Minimal narxlar rejimi buzilgan taqdirda, tadbirkor foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozdan mahrum bo‘ladi, uning faoliyatini Soliq qo‘mitasi va prokuratura departamenti tekshira boshlaydi. Ma’lumot uchun, mahsulot narxini hujjatlarda pasaytirib ko‘rsatish tadbirkorga eksportdan tushumning bir qismini chet elda qoldirish imkonini beradi.

Mavzuga oid