O‘zbekiston | 23:52 / 11.06.2020
12290
5 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar davlat xizmatchilariga nisbatan ko‘zda tutilgan majburiyatlardan tashqarida qolishadimi? Vazir o‘rinbosari izoh berdi

Oliy Majlis Senati a'zolari, deputatlar, sudyalarga “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yilgan. Hokimlarning aksariyati senator yoki deputat, bunday vaziyatda qonunchilikda davlat xizmatchilariga nisbatan ko‘zda tutilgan majburiyatlar ularga nisbatan qo‘llanilmaydimi? Adliya vaziri o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov 11 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu masalaga oydinlik kiritdi.

“To‘g‘ri, hozirgi vaqtda hokim mahalliy kengash deputati va senator. Hokim bo‘yicha alohida moddalarimiz bor. Bitta narsaki, hokimning senator sifatida maqomi bor, lekin hokim sifatidagi maqomi ham bor. Hozir ishlayapti-ku. Buni inkor qilolmaymiz. Masalan, hokim sifatida vakolatini bajarib, senator sifatida bajarmayapti demayapmiz-ku.

Bahrom Qo‘chqorov

Qonunda uning senator va hokim sifatidagi vakolatlari belgilangan. Deputat sifatida uning huquq va majburiyatlari bor. Shuning uchun hokim nuqtai nazaridan funksiya bajaradi. Har doim ham funksiyasini senator sifatida bajarmaydi-ku. Mana shu nuqtai nazardan birinchi qismida Senat a'zosi sifatida ko‘rib chiqilyapti.

Keyingi qismida hokim sifatida bo‘lgan hokim maqomi bor. Hokim maqomiga “Mahalliy davlat organlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan qoida tatbiq qilinadi va u qismda tartibga solinmagan masalalar hokim sifatida mana bu qonunda tartibga solinadi.

Boshqa davlatlar tajribasini oladigan bo‘lsak, hukumatdan boshlab vakillik organlari va saylanadigan organlar, mahalliy hokimliklar hokimlari – siyosiy davlat xizmatchisi kategoriyasida ko‘rib chiqiladi. Davlat fuqarolik xizmati tushunchasi shundayki, u professional xizmatchi. Ya'ni ishga kirdi, karera o‘sishi bo‘ladi, meritokratiya, tanlov, attestatsiya – doimiy ravishda bularga qo‘llanilib kelingan masalalar.

Lekin bu yerda xalqaro tajribani oladigan bo‘lsak, bular siyosiy. Ya'ni saylangan, deputatlar orasidan saylangan, senator sifatida saylangan. Mana shu nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsa, aslida bu siyosiy davlat xizmatchisi. Shunga ham qaramasdan, mana shu qonunda ularga nisbatan ayrim normalar tatbiq qilinishi belgilanyapti.

Hokimga nisbatan hammasini qamrab olish qiyin bo‘ladi. Hokimning lavozimi aslida fuqarolik xizmati emas. Hokimiyat apparatidagilar hammasi fuqarolik xizmatchilari. Hokimni tayinlash, ishdan olish tartibi boshqacha. Buni mazkur qonun bilan tartibga solib bo‘lmaydi. Hokimni doim attestatsiyadan o‘tkazadigan bo‘lsak, u oddiy fuqarolik xizmatchisi bo‘lib qoladi. Shuning uchun huquq amaliyotidan kelib chiqib, bu yerda ana shu narsalar belgilangan”, deya Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Adliya vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi jamoatchilikda bu borada ko‘plab savollar borligi, ayni paytda loyihada barcha masalalarga javob topilmaganini ta'kidladi.

“To‘g‘ri, ayrim masalalar bo‘yicha muhokama qilishimiz kerak. Sizning savolingiz ham o‘rinli bo‘lishi, savol tug‘dirishi mumkin. Biz buni aniq yozib berishimiz kerak. Shuning uchun ham bu xalq muhokamasiga chiqarilgan. Prezidentimiz topshiriqlari ham shunday bo‘lgan. Qo‘llash bo‘yicha savollar juda ko‘p.  

Xalqda qancha ko‘p savol bo‘lsa, biz uni shuncha ko‘p hisobga olamiz. Ertaga amaliyotda qo‘llanilishi kerak, savol chiqmasligi kerak. Biz davlat xizmatchisining fuqaro sifatidagi huquq erkinliklarini ham, davlat xizmatchisi sifatidagi maqomi muvozanatini saqlab berishimiz kerak.

Agar muvozanatni ushlamasak, unisi yoki bunisi o‘tib ketib qolsa, unga yoki davlatga zarar bo‘ladi. Mana shu davlat manfaatini, davlat xizmatchisining manfaatini qonunda balans qilib ushlab turishimiz kerak”, deydi u.

Avvalroq Bahrom Qo‘chqorov “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida bosh vazir, hukumat a'zolari, deputatlar va boshqa yuqori mansabli davlat xizmatchilariga nisbatan nima uchun istisnolar belgilanganiga to‘xtalib o‘tgan edi.

Mavzuga oid