O‘zbekiston | 23:28 / 11.06.2020
26172
5 daqiqa o‘qiladi

“Yangi qonun loyihasi davlat xizmatchilari orasida korrupsiyani tag-tugi bilan yo‘q qilishga qaratilgan” – Svetlana Ortiqova

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi ortidan anchagina shov-shuvga va jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi davlat xizmatchilari orasida korrupsiyani tag-tugi bilan yo‘q qilishga qaratilganini ta'kidladi. U bu haqda Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘xtalib o‘tdi.

“Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham davlat xizmatchilari orasida korrupsiyani tag-tugi bilan yo‘q qilishga qaratilgan. Davlat fuqarolik xizmatchilari deklaratsiya qilishi kerakmi? Albatta qilishi kerak.

Lekin “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida, misol uchun, prokurorlar, sudyalarga istisnolar ko‘zda tutilgan. Alohida toifadagi davlat xizmatchilari faoliyati alohida qonun bilan belgilangan va ularning ish vaqti, unvon masalasi, ish tartibi kabi ularga bo‘lgan talab ham o‘zgacha. Shuni ham hisobga olish kerak.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari murojaatnomada ham, bu yilgi davlat dasturida ham korrupsiyaga qarshi kurashish, O‘zbekistonga alohida preventiv mexanizm kerak deb oldimizga katta vazifa qo‘ydilar. Shu vazifani amalga oshirish uchun xalqaro tajribani o‘rgangan, milliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda alohida hujjat loyihasi tayyorlandi.

Shahar bedarvoza emas. Bu ham tegishli tartibda, qonun bilan belgilangan tartib-qoidalarga itoat qilgan holda mutasaddi idoralar bilan kelishish jarayonlaridan o‘tyapti”, deya Svetlana Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Nodirjon Maksumovning aytishicha, qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgandan so‘ng 1100 dan ortiq taklif, qo‘shimcha va e'tirozlar kelib tushgan.

Nodirjon Maksumov

“Tarixga ozgina nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2017 yilning dekabr oyida muhtaram prezidentimiz Oliy Majlisga qilgan murojaatnomalarida ana shu masalaga qattiq urg‘u berganlar. Mana shuning natijasida 2019 yilning 3 oktyabrida ikkita juda katta, muhim hujjat qabul qilingan.

Birinchisi – «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezidentimizning 5843-sonli farmonlari qabul qilindi. Ikkinchisi – mana shu farmonning ijrosi bo‘yicha o‘sha muddatning o‘zida prezident qarori ham qabul qilingan.

“O‘zbekiston Respublikasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori asosida tashkil etilgan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hammaning xabari bor, bu qonun loyihasi regulation`da chiqdi. Ko‘plab taklif, e'tiroz, qo‘shimchalar berildi. Bularda jurnalistlar, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, oddiy fuqarolar ham ishtirok etishdi. Saytimizga kelib tushgan 1100 dan ortiq taklif va e'tirozlarni o‘rganish davomida guvohi bo‘ldikki, loyiha juda ham qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi.

Kelib tushayotgan taklif, munosabatlarni kengroq doirada mutaxassislar ishtirokida vazirlik, idoralardan malakali mutaxassislarni ham jalb qilgan holda yana bir marotaba uchrashib, muhokamalarimizni bo‘ladigan savollarga aniq javob berish va ularni keng yoritish, qonun loyihasiga yana qo‘shimchalarni kiritish davom etadi deb hisoblayman”, dedi Nodirjon Maksumov.

Mavzuga oid