O‘zbekiston | 13:24 / 14.10.2021
23201
7 daqiqa o‘qiladi

«Bu masalada yuz-xotirchilik ketmaydi. Kerak bo‘lsa shafqatsizroq bo‘lamiz» - vazir o‘rinbosari prezident hujjatlari ijrosi xususida

Adliya vaziri o‘rinbosari prezident topshiriqlari ijrosini ta'minlashdagi kamchiliklar uchun vazir o‘rinbosarlaridan 10 nafari ma'muriy javobgarlikka tortilgani, keyingi choralar yanada qat'iy bo‘lishi va bunday qoidabuzarlar ishdan olinishi ham mumkinligi haqida gapirdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev Kun.uz’ga bergan intervyusida prezident farmon, qaror va farmoyishlari, byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan hujjatlar, videoselektorlarda berilgan topshiriqlari ijrosini ta'minlashdagi sustkashlik uchun javobgarlik tashkiliy masalalargacha borib yetishi mumkinligini ma'lum qildi.

«Davlat rahbari topshiriqlari ijrosi nazorati IJRO.GOV tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 4 mingdan oshiq hujjatlar – prezidentning farmon, qaror va farmoyishlari, shuningdek, protokol topshiriqlari IJRO.GOV tizimida mavjud. Bu hujjatlarda 60634ta topshiriq mavjud. Ulardan 47 mingdan oshig‘i yoki 78 foizi bajarilgan. 12856tasi esa bajarish jarayonida turibdi.

Bu sohada yangi ishtirokchimiz. Davlatimiz rahbari joriy yilda parlamentga qilgan murojaatida bu masalaga to‘xtalib, aniq topshiriqlar bergandi. Ya'ni prezident hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini nazorat qilish Adliya vazirligiga yuklatildi. Bu borada maxsus prezident farmoni ham qabul qilindi. Nafaqat hukumat tarkibidagi tashkilotlar, balki hukumat tarkibiga kirmaydigan boshqa tashkilotlarda prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilmoqdamiz. Bu ishlarni Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bilan birgalikda amalga oshirib kelyapmiz.

Sohada jadal islohotlar ketayotgani, shuningdek, qabul qilinayotgan hujjatlar soni ko‘pligi uchun yechimini kutayotgan ayrim savol va masalalar bor. Oxirgi paytlarda qanday o‘zgarish bo‘ldi deb so‘raladigan bo‘lsa, biz Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari va tumanlardagi bo‘limlari orqali prezident hujjatlari joylarda qanday ijro etilayotganining nazoratini olib borishni yo‘lga qo‘ydik. Xodimlarimiz bu boradagi kamchiliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, qo‘llari bilan ushlagandan keyin bizga axborot berishmoqda. Ya'ni Adliya vazirligi qonunbuzilish holatlarini aniqlash bo‘yicha filtr vazifasini o‘tamoqda.

Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev

Boshida hukumat tarkibidagi boshqa tashkilotlarda prezident hujjatlari ijrosini ta'minlash vazifasi zimmamizga yuklatilganda hukumatdagilar bilan o‘rtamizda qandaydir savollar yuzaga kelishi mumkinligidan deb o‘ylagandik. Lekin buning aksi bo‘ldi. Hukumat rahbariyati, ijro etuvchi apparat boshlig‘i tomonidan bu masalada bizga yaqindan yordam berilmoqda. Natijada biror topshiriq bajarilmay qolsa yoki bajarilmaslik xavfi yuzaga kelsa, biz hukumatga vaqtida ma'lumot kirityapmiz. Deyarli har haftalik hukumat yig‘ilishlarida bu masalalar tanqidiy muhokama qilinadi.

Oxirgi paytlarda ko‘plab mansabdorlarning, davlat tashkilotlari rahbarlarining javobgarlikka tortilayotgani ham aynan ijro nazorati bilan bog‘liq», dedi Xudoyor Meliyev.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, 1300 nafardan ortiq davlat xizmatchisi prezident hujjatlari ijrosi bo‘yicha o‘qitilgan. Respublika, viloyat, tuman, mahalla prinsipi asosida prezident topshiriqlarining ijrosi ta'minlanmoqda. Prezident hujjatlari va videoselektor yig‘ilishlari bayonnomalariga kiritilgan topshiriqlari, byurokratiyaga qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan farmon, qaror va farmoyishlar ijrosi alohida nazoratga olinib, har hafta hukumat yig‘ilishlarida muhokama qilinmoqda.

«Yaqindagina bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarov tomonidan joriy yilning mart oyida qabul qilingan byurokratiyaga qarshi farmon ijrosi bo‘yicha jiddiy muhokama bo‘lib o‘tdi. O‘rganishlarimiz natijasi bo‘yicha 10 nafar vazir o‘rinbosari darajasidagi shaxslarga ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirganmiz. Ushbu shaxslar allaqachon ma'muriy javobgarlikka ham tortilgan.

Shu o‘rinda prezident hujjatlari ijrosi bo‘yicha mas'ul sifatida, qolaversa, byurokratiyaga qarshi hujjatlar alohida nazoratda bo‘lgani bois ta'kidlab o‘tishim kerakki, bir qator vazirlik va idoralarda, masalan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida, Xalq ta'limi vazirligida, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Turizm va sport vazirligi va boshqa 29ta tashkilot o‘rganilganda, 24tasida aholidan ortiqcha hujjatlar talab qilish holatlari aniqlandi. Vazirliklarning o‘zi bo‘lmasa ham qaysidir tuzilmasi yoki bo‘limi so‘rab qo‘ygan. Bu masala biz tomonimizdan aniqlandi.

Har bir holat – tartib buzish, bu bo‘yicha ma'muriy javobgarlik bor. Dastlabki bosqichlarda mas'ullarga tushuntirish berish bilan kifoyalanganmiz. Ya'ni farmon qabul qilindi, u ijro qilinishi kerak, ijro uchun yetarlicha muddat berilgan edi. Biroq prezident farmon va qarorlari bilan aholidan so‘rash taqiqlangan hujjat va ma'lumotnomalarni talab qilish holatlari haligacha uchramoqda. O‘n nafar yuqori lavozimdagi mulozim ma'muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, qolgan qoidabuzarlar intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Bu masalada istihola qilish, yuz-xotirchilik bo‘lmaydi. Kerak bo‘lsa shafqatsizroq bo‘lamiz. Bu borada bosh vazir maslahatchisi tomonidan ham kuni kecha topshiriq berildi. Barcha prezident topshiriqlari ijrosini ta'minlashda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan vazirlik va idoralar bilan kelishib oldik.

Bundan keyin yana shunday holat takrorlanadigan bo‘lsa, aybdorlarni ma'muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘taramiz va ularning shaxsiga oid ma'lumotlarni OAVda e'lon qilamiz. Hukumat rahbariyati ham bizni quvvatlab, kerak bo‘lsa mansabdorlarning qoidabuzarligi uchun javobgarlik tashkiliy masalalargacha borib yetishi mumkinligini ma'lum qildi. Bir so‘z bilan aytganda, byurokratiyaga qarshi qabul qilingan har bir hujjat, topshiriq qattiq nazoratga olingan», deydi Meliyev.

To‘liq videoni Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid