Jamiyat | 18:50 / 05.04.2023
72840
6 daqiqa o‘qiladi

Sergelidagi fojia: vaziyat puxta tergovni talab qiladi

Toshkent shahrining Sergeli tumanida ayol o‘zi va uch farzandining joniga qasd qilgani ko‘pchilikni qayg‘uga soldi. 27 yoshli ayol avvaliga 5 va 4 yoshli o‘g‘illarini 9-qavat derazasidan tashlab, keyin o‘zi hali bir yoshga to‘lmagan qizalog‘i bilan birga pastga sakragan, natijada ularning to‘rtalasi ham voqea joyida halok bo‘lgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhuma ayol turmush o‘rtog‘i bilan yashab kelgan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi ikki qavatli uyda 2022 yil oktyabr oyida yong‘in sodir bo‘lgan. Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, shu yong‘in sababli ayol uch farzandi bilan onasining Sergeli 8-mavzesida joylashgan 2 xonali uyiga kelib, yashay boshlagan. “Ushbu holatlar uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan”, – deyiladi prokuratura xabarida.

Internetda uyga ayolning o‘zi o‘t qo‘ygani haqida mish-mishlar yuribdi. Oila yashab kelgan Zangiotadagi Nazarbek mahallasi raisi Abdubosit Yo‘ldoshev biz bilan suhbatda buni inkor etmadi.

“Bu xonadon mahalla idorasi yonida joylashgan, juda yaxshi bilamanki, biror marta murojaat bilan chiqishmagan. Haqiqatan ham ancha avval uyda yong‘in bo‘ldi, 80 kvadrat metrcha joy zarar ko‘rdi. Yong‘in xavfsizligi xodimlari yong‘inni qisqa tutashuvdan chiqqan deb bayonnoma tuzishdi, men mahalla raisi sifatida imzo chekdim. Oradan 3-4 kun o‘tib ustalar ishlayotganini ko‘rdim, birato‘la uyni ta’mirlashayotgan ekan”, – dedi Abdubosit Yo‘ldoshev.

Mahalla raisi ayol va 3 farzandning Sergelida yashab turganini ularning uyi yong‘indan keyin ta’mirga tushgani bilan izohladi.

“Bu voqeani [Sergelidagi fojia nazarda tutilmoqda – tahr.] eshitib, xonadonga telefon qilsam, kuyovning onasi yig‘lab gapirdi. “O‘shanda uyni kelinimiz yoqqan, lekin uchta nabiram borligi uchun o‘g‘limni tinchlantirib, hech kimga aytmagandik. Mahallada gap-so‘z chiqib, kelini uyini yoqqan deyishmasin, deganmiz. Oilani saqlash uchun sir tutgan edik”, degan gaplarni aytdi”, – deb ma’lumot berdi rais.

Uyga o‘t qo‘yish ayblovini marhumaning biz suhbatlashgan dugonasi rad etdi.

“Uyi yonib ketgani haqida ham gapirib bergandi. Tunda bolalarini uxlatayotganda uyi yonayotganini sezib qolgan. Yong‘in boshlanganini sezib, erini ogohlantirganda birinchi bo‘lib mashinani olib chiqish kerakligini aytgan. Uyi yongani sabab onasinikiga kelganda xursand bo‘lgandi, o‘sha uydan qutuldim deb.

Lekin tushkunlikka tushganini, ruhiyatida biror o‘zgarish bo‘lganini sezmaganman. Eshitib shokka tushib qoldim, ishonmadim. Uni sabrsiz ayol deya olmayman. Yarashtirish uchun erining qarindoshlari kelishganda, ketmadi qaytib. Bormayman u uyga, meni shunchalik xor qilgan xonadonga qaytmayman, dedi.

Erining qarindoshlari yarashtirmoqchi bo‘lib kelishgandayam, unga shart qo‘yishgan. Kechirim so‘rab borasan, ering ustingga xotin olishiga rozi bo‘lasan, o‘sha bilan bitta uyda yashaysan, deyishgan.

Yaqindayam dugonamning onasi “eringning qarindoshlari kelishadi, uylarni yig‘ishtirib qo‘y”, deganda qarshilik qilganini aytib bergandi”, – dedi marhumaning shaxsi sir qolishini istagan dugonasi.

Oiladagi yana bir ko‘ngilsiz voqea kelinning homiladorlik paytida sodir bo‘ladi.

“Hatto homiladorligida ham kaltaklangan ekan, shu uchun kichik farzandi 6,5 oylik tug‘ilgan. Shu sababli uni juda qiyinchiliklar bilan katta qilayotgan edi”, – dedi biz bilan suhbatda ayolning dugonasi.

Mahalla raisi bu vaziyat boshqacha bo‘lganini aytdi:

Nazarbek mahallasi raisi Abdubosit Yo‘ldoshev

“Men sanasigacha bilaman. 2022 yilning 30 mart kuni kelin oxirgi farzandiga homiladorligida yiqilib tushgandi. Shunda “Tez yordam” kelgan. Ular “02” qilishgan. Biz xabar olishga kirganimizda yiqilishiga homiladorlik paytidagi holati, kamqonligi sabab bo‘lgan, deb xulosa berishgan ekan”.

Biz Sergeli tumani Sohibqiron mahallasida ham bo‘ldik, ammo na mahalla raisi, na uning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini topishning iloji bo‘lmadi. Faqat mahalla faollaridan biri Qobiljon Rasulov oila haqida qisqa fikr ayta olishini bildirdi:

“Bu oilani 1990 yildan beri bilaman. Namunali oila, hech kim bilan “san-manga borganini” eshitmaganman. Qizi turmushga chiqqanini bilaman xolos”.

Surishtiruv davomida oila haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli ma’lumotlarni tasdiqlash yoki inkor etishning imkoni bo‘lmadi. Holatdan xabardor, biz bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan bir nechta guvohlar shaxsi sir qolishi sharti bilan bo‘lsa bo‘lsa-da OAVga gapirishni istamadi.

Kun.uz ayanchli fojiaga, marhumadagi ruhiy zo‘riqishlarga olib kelgan sabablar (ehtimol shaxslarga ham) tergov va sud tomonidan qonuniy baho berilishiga umid qilib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishi qasddan odam o‘ldirish va o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish moddalari bilan qo‘zg‘atilgan.

Gulmira Toshniyozova,
Javohir G‘ayratov,
Kun.uz

Mavzuga oid