O‘zbekiston | 12:07 / 04.03.2021
15781
5 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar axborot sohasidagi cheklovlar bo‘yicha qonun loyihasini ma'qulladi. Safar Ostonov esa jurnalist va blogerlarni tabrikladi

Bugun, 4 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston respublikasining ayrim qonun va hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Foto: Kun.uz / arxiv

Loyihada Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritish masalasi ko‘zda tutilmoqda.

Unga ko‘ra, qonun barcha jarayonlarda ma'qullanadigan bo‘lsa, O‘zbekistonda quyidagi amaliyotlar kuchga kiradi:

Jumladan, Jinoyat kodeksining 244-moddasida:

  • hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka;
  • ommaviy tartibsizlikka;
  • fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da'vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash.

Bu jinoyat uchun jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga:

  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga ommaviy da'vat qilganlik;
  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, internet, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da'vat qilganlik uchun – BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi norma (201-modda 1-qism) kiritilishi.

Loyiha yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati Umid Jabborov chiqish qilgan va deputatlardan qonun loyihasini ma'qullab berishni so‘ragan.

Umid Jabborov

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, qonun loyihasi muhokamasida bir qator deputatlar ham so‘z olgan. Jumladan, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilganda ko‘plab jurnalist va blogerlar uni qo‘llab-quvvatlagani va takliflarini bergani haqida gapirgan.

«Bu qonun loyihani tushunganlar ma'qullayapti, ammo tushunmaganlar so‘z, namoyish erkinligiga qarshilik deb tushunyapti. Ammo bunday emasligini bilamiz. Hammasi qonuniy.

Bu kabi qonunchilik dunyoning ko‘pgina davlatlarida bor edi, bizda esa yo‘q. Bizda hatto nega O‘zbekistonda bunday qonunchilik yo‘q, degan savollar bo‘layotgandi», degan u.

Nurdinjon Ismoilov

Deputat Alisher Qodirov esa loyiha muhokamasida barcha fikrlar inobatga olingani va norozilik uyg‘otgan qator normalar chiqarib tashlanganini qo‘shimcha qilgan.

«Hurmatli OAV vakillari, hozir bu yerda tortishuv, muhokamalar bo‘lmayotganini har xil talqin qilmang. Hammasi muhokamadan o‘tgan, kelishilgan», degan u.

Alisher Qodirov

Deputat Safar Ostonov esa mazkur qonunni O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta'minlashdagi tarixiy qaror, deb atagan.

«So‘z erkinligi bu xayolga kelganini aytish emas. Axborot va so‘z katta bir qurolki, undan ham yaxshi, ham yomon maqsadda foydalanish mumkin. Hozir butun dunyoni kuzatyapsizlar, axborotdan qurol sifatida foydalanib, turli buzg‘unchiliklarni qilishyapti. Shunday sharoitda O‘zbekistonda ham axborot, so‘z erkinligi qonunchiligi juda muhim edi.

Mana qarang, 4-5 yil avval O‘zbekistondagi ahvol qanday edi. Hozirgidek erkin gapira olarmidik? O‘zbekiston tarixida hozirgidek so‘z va matbuot erkinligi hech qachon bo‘lmagan. Lekin so‘z erkinligidan to‘g‘ri foydalanish kerak. Afsuski, hozir so‘z erkinligini suiiste'mol qiladiganlar ko‘paymoqda. O‘ylashimcha, bu qonun so‘z erkinligini ta'minlashda juda muhim bo‘ldi.

Men bu tarixiy qonun bilan O‘zbekistondagi barcha jurnalist va blogerlarni qizg‘in tabriklayman», degan deputat.

Shu kabi fikrlardan keyin, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda ham ma'qullandi va senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Safar Ostonov

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun loyihasi jamoatchilik, jumladan, jurnalist va blogerlarda norozilik va xavotirlarni uyg‘otgan edi.

 

Mavzuga oid