O‘zbekiston | 10:11 / 18.11.2021
43776
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyati hokimi o‘zgarishi kutilmoqda

O‘zbekistonda bir oy ichida ikkinchi viloyat rahbari ishdan olinmoqda.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Qashqadaryo viloyati rahbariyatida o‘zgarish yuz berishi kutilmoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev lavozimidan ozod etilishi kutilmoqda. Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, uning o‘rniga Bojxona qo‘mitasi raisi Murodjon Azimov viloyatning yangi hokimi etib tayinlanadi. 

Manbaning ta'kidlashicha, Toshkent viloyatida ham tayinlovlar kutilmoqda, bu haqda hozircha tasdiqlangan ma'lumot yo‘q.

Murodjon Azimov 

Murodjon Azimov 1976 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent yuridik institutini tugatgan. Qarshi shahar prokuraturasida tergovchi, Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga prokuror, keyinroq viloyat prokurorining o‘rinbosari va tuman prokurori lavozimlarida ishlagan.

2014 yilda u Buxoro viloyati prokurori etib tayinlanib, u yerda 2016 yilgacha ishlagan. 2016 yil sentabr oyidan boshlab u O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 

General-mayor Murodjon Azimov 2018 yil fevral oyida Bojxona qo‘mitasiga rais etib tayinlangandi. U qo‘mita rahbarligida Muidjon Tohiriyning o‘rnida ish boshlagandi.

Zoyir Mirzayev 1968 yil 10 mart kuni Samarqand viloyati Jomboy tumanida tug‘ilgan. 1994 yil Toshkent moliya institutini tamomlagan.

2003-2004 yillarda Jomboy tumani hokimi, 2004-2008 yillarda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, 2008-2010 yillarda Samarqand shahri hokimi bo‘lgan, 2010 yildan 2016 yilgacha Samarqand viloyatini boshqargan.

2016 yildan 2018 yilgacha bosh vazir o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari, 2018 yildan - bosh vazir o‘rinbosari - agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste'mol mollari majmuasi rahbari bo‘lib ishlagan. 2018 yil 7 noyabr kuni Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan.

U 2019 yil oktyabrida Qashqadaryo viloyati hokimi sifatida ish boshlagandi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma'lumot yo‘q.

  • Ma'lumot uchun, bu O‘zbekistonda oy boshidan buyon ikkinchi viloyatda rahbar o‘zgarishidir. Avvalroq 2016 yildan buyon Navoiy viloyatiga rahbarlik qilib kelgan Qobul Tursunov ishdan olinib, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Normat Tursunov viloyatning yangi hokimi bo‘lgandi.

Mavzuga oid