O‘zbekiston | 10:40 / 17.05.2026
1979
12 daqiqa o‘qiladi

P2P monitoringi, yangi tariflar va migratsiyadagi korrupsiya - hafta dayjesti

Kartadan kartaga o‘tkazmalar monitoringi boshlandi: aynan kimlar “radarga” tushyapti? Migratsiya sohasidagi mega-korrupsiya: Koreyaga ishga jo‘natishdagi sxema fosh bo‘ldi. Hamma ustozlarga tegishli imtiyoz loyihasi: ularning farzandlari kontrakt to‘lovidan 30 foiz chegirma olishi mumkin. O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xususiylashtirish: ilk xalqaro IPO'dan budjetga 600 mln dollar tushdi.

Ortda qolgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

Gaz va elektr energiyasi tariflari

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, elektr energiyasi va tabiiy gazning 1 iyundan kuchga kiradigan yangi tariflari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, maishiy iste’molchilar uchun bazaviy tarif elektr energiyasida 8,3 foizga, tabiiy gazda esa 10 foizga oshadi. Qayd etish kerak, 1 may holatiga rasmiy inflatsiya 7 foizgacha pasaygan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun ijtimoiy yordam choralari davom ettiriladi. O‘tgan yili yo‘lga qo‘ygan tartibga asosan, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bazaviy me’yordan oshgan taqdirda, xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu kompensatsiya faqat isitish mavsumida emas, butun yil davomida doimiy to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Kartadan kartaga o‘tkazmalar – nazorat ostida

Savdo sohasidagi tadbirkorlarning shaxsiy bank kartalaridagi aylanmalar soliq idoralari tomonidan tekshirilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha tadbirkorlar va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish deparatmentiga ogohlantirish xatlari chiqarilgan. Shuningdek, tarmoqlarda kartasiga tez-tez pul tushib turadigan ayrim fuqarolar soliq idorasiga chaqirilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Chorshanba kuni Soliq qo‘mitasi bayonot bilan chiqib, “yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilayotgani”ni ma’lum qildi. Ulardan shaxsiy kartalariga qabul qilingan savdo tushumlarini soliq hisobotlarida aks ettirish talab qilinyapti. Bunday harakat tasdiqlangan taqdirda, qo‘shimcha hisoblangan soliqni undirishdan tashqari, boshqa biror sanksiya qo‘llanayotgani yoki yo‘qligi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Tarmoqlarda bildirilayotgan ko‘plab savollarga Soliq qo‘mitasi bayonotida aniqlik kiritilmagan. Avvalo, tekshiruv doirasiga tushgan jismoniy shaxslar ro‘yxati qaysi mezonlar asosida tuzilgani – noma’lum, ya’ni “o‘yin qoidalari” ochiq e’lon qilinmayapti. Qolaversa, minglab odamlarning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlari haqida gap ketayotgan ekan, mazkur amaliyotning huquqiy asoslariga hech qanday savol bo‘lmasligi kerak, amalda esa tekshiruvlarning qanchalik qonuniy ekani tarmoqlardagi muhokamalarda ko‘p bora so‘roq ostiga olinyapti.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, P2P monitoringidan maqsad – yashirin iqtisodiyotni oqartirish. Lekin amaliyotda bu qanchalik o‘zini oqlaydi, oldindan aytish qiyin. Chunki rasmiy ishlashdagi xarajat va ovoragarchiliklardan qochadigan tadbirkorlar, bu choradan keyin shunchaki oila a’zosining kartasini ishlatishga o‘tishi, yoki mijozdan naqd shaklda to‘lov qilishni so‘ray boshlashi mumkin. Savdogarlar: “Endi kartamni tekshirar ekan, shuning uchun bugundan boshlab 100 foiz qonuniy ishlayman!” deyishini tasavvur qilish qiyin, albatta. Shunday ekan, tadbirkorlar P2P'ni afzal ko‘rayotganining tub sabablari ham kun tartibida bo‘lishi maqsadga muvofiq ko‘rinadi.

90 mln dollarlik korrupsiya

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament

Odamlarni Koreyaga ishlash uchun yuborishdagi yirik korrupsion sxema fosh bo‘ldi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabariga ko‘ra, migratsiya sohasidagi uyushgan jinoiy guruh Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari fuqarolardan 7-12 ming dollardan yig‘ib olgan. Ular to‘plagan mablag‘ qariyb 90 mln dollarga (!) baholanyapti.

Guruh tarkibida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqa shaxslar bo‘lgan. Hozirda Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ziyod fuqarodan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, undirish choralari ko‘rilmoqda. Tergovchilar bu sxemadan jabrlangan fuqarolarni Departament bilan bog‘lanishga chaqiryapti.

Mazkur tergov bilan bir paytda, Migratsiya agentligining sobiq xodimi xalqaro qidiruvga berilgani ham oydinlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, agentlikda mas’ul lavozimda ishlagan Azizbek Toshtemirov Interpol qidiruvidagi shaxslar ro‘yxatida paydo bo‘lgan. Qidiruv kartochkasida ko‘rsatilishicha, u firibgarlik jinoyatida ayblanmoqda. Ayni paytda, yuqorida keltirib o‘tilgan korrupsiyaviy sxemaga Toshtemirovning aloqasi bor-yo‘qligi ma’lum emas.

E’tiborlisi shundaki, Koreyaga ishga yuborishda korrupsion sxema ishlayotgani, Azizbek Toshtemirov bu zanjirning bir halqasi bo‘lishi mumkinligi haqida Kun.uz bundan 3 yil oldin xabar bergan edi. Biz 2023 yildagi surishtiruvlarimizda bir qator shubhali holatlarni aniqlab, seriyali materiallar e’lon qilgan edik. Lekin ajablanarlisi, o‘shanda huquq organlaridan reaksiya bo‘lmagandi.

Tafsilotlarga kelsak, bu sxema doirasida Koreyaga ishlash uchun bormoqchi bo‘lganlardan turli hududlarda 12 ming dollargacha pul yig‘ib olingan. Pora bermagan nomzodlar “ko‘zingiz yaxshi ko‘rmaydi” degan yolg‘on bahona bilan keyingi bosqichlarga o‘tkazilmagan. Ayrim holatlarda nomzodlardan olinadigan imtihonlar ochiq e’lon qilinmasdan, imi-jimida o‘tkazib yuborilgan. Bundan tashqari, koreys tili imtihonida birovning o‘rniga birovni kiritib yuborish holatlari ham bo‘lgan. Kun.uz shunday holatlardan birini video-isboti bilan ochib berganiga qaramay, negadir tegishli idoralar o‘sha vaqtda surishtiruv boshlashga shoshilmagan edi.

“Kutilgan pasayish”

Hafta davomida yoqilg‘i-energetika sohasiga oid boshqa xabarlar ham kun tartibida turdi. Ma’lum bo‘lishicha, bir necha yil oldin belgilangan narxlarga ishonib quyosh paneli o‘rnatgan tadbirkorlar bugun xavotirga tushib qolgan. Chunki muhokama bosqichida turgan hujjat loyihasiga ko‘ra, o‘z ehtiyoji uchun quyosh paneli o‘rnatgan tadbirkorlarning ortiqcha energiyani davlatga sotishida 1 kWh uchun belgilangan 800 so‘mlik narx 250 so‘mga tushirilishi mumkin.

Bu masalani tadbirkorlardan biri O‘zLiDeP o‘tkazgan ochiq muloqotda ko‘tardi. Deputat Bobur Bekmurodov va partiya raisi Aktam Hayitov bu masalani atroflicha o‘rganib chiqishga va’da berarkan, tadbirkorlarda nafaqat “o‘yin qoidasining o‘zgarishi”, balki davlat o‘zi sotib olgan tok uchun vaqtida to‘lov qilmayotgani muammosi ham borligini qayd etdi. “Bu bilan tizimli shug‘ullanish uchun qo‘mitamizning kuchi yetarli”, dedi Aktam Hayitov.

Aholi va tadbirkorlardagi gaz muammosiga kelsak, qazib chiqarishdagi keskin pasayishga bu hafta energetika vaziri shaxsan izoh berdi. Avvalroq xabar berganimizdek, mart oyida qazib olish hajmi 30 foizga qisqarib ketgan. Vazir Jo‘rabek Mirzamahmudov bu holatni “kutilgan pasayish” deb izohladi. Uning aytishicha, asosiy pasayish Sho‘rtanda, ya’ni Buxoro-Xiva va Qashqadaryodagi, 85-90 foizga o‘zlashtirib bo‘lingan konlarga to‘g‘ri keladi.

“Bu bo‘yicha oldin ham aytganmiz, bizda yildan yilga baribir tabiiy pasayish kuzatilmoqda. Gaz qazib chiqarish pasayishi aniq edi, buni ko‘rsatganmiz. Asosiy maqsad – buni barqarorlashtirish va [hajmlarni] ushlab borish”,dedi vazir.

Hukumat ayniqsa Ustyurtdagi yangi konlarga katta umid bog‘layapti. U yerdagi yirik gaz loyihasiga Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasidan tashqari, chorshanba kuni Britaniyaning BP holdingi ham qo‘shildi. Toshkentda imzolangan mahsulot taqsimotiga oid bitimga asosan, Ustyurt mintaqasidagi 6 ta blokni qamrab oladigan loyihada BP'ning ulushi 40 foizni tashkil etadi. SOCAR va “O‘zbekneftgaz” esa 30 foizdan ulushga ega bo‘ladi.

Bu kelishuv doirasidagi birinchi razvedka qudug‘i 2027 yilda burg‘ilanishi kutilyapti. Aynan hozir esa, gaz qazib olishning tezlashib ketgan qisqarishi fonida, propan narxi oshmoqda. So‘nggi kunlarda vodiy viloyatlaridagi yonilg‘i quyish shoxobchalarida propan bahosi 5700-6000 so‘mdan 6400-7000 so‘mgacha ko‘tarilgan. Birjadagi ulgurji narxlar ham bir necha kun ichida qariyb 6 foizga oshgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xususiylashtirish jarayoni qariyb yakunlandi. Milliy investitsiya jamg‘armasining ma’lum qilishicha, hukumat jamg‘arma aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi doirasida fondning 31 foiz ulushini sotish orqali 603,6 mln dollar jalb qilgan. London fond birjasidagi qo‘shimcha opsion hisobiga, IPO'da realizatsiya qilingan ulush 35 foizgacha, tushum esa 692 mln dollargacha yetishi mumkin. Bu mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat budjetiga tushadi. Jamg‘armaning bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarni tashkil etdi. Aksiyalarning ochiq bozordagi erkin muomalasi 18 maydan boshlanadi.

Pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt to‘lovidan imtiyoz berilishi kutilyapti. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, bog‘cha, maktab, texnikum yoki oliygohda ishlashidan qat’i nazar, barcha pedagoglarning bakalavriat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydigan farzandlari uchun kontrakt to‘lovidan 30 foiz chegirma joriy etilishi mumkin. Chegirmadan foydalanish uchun pedagog sifatidagi ish stajining davomiyligi yoki pedagogning malaka toifasiga oid talablar nazarda tutilmagan. Ya’ni agar keyingi bosqichlarda bunday talab qo‘shilmasa, endigina ishga kirgan va hali toifasi yo‘q o‘qituvchilar ham mazkur imtiyozdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Ekologik huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilmoqda. 4 may kuni imzolanib, 5 avgustdan kuchga kiradigan qonunga binoan, issiqxonalar va ishlab chiqarish binolarida shina, bitum, mazut yoki shunga o‘xshash narsalardan yoqilg‘i sifatida foydalanish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Suvni ifloslantirish, daraxtlarni kesish kabi huquqbuzarliklar uchun ham jazo og‘irlashadi: endi bunday holatlarda moliyaviy sanksiya tabiatga yetkazilgan zarar qiymatiga bog‘liq bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, aprel oyidagi yig‘ilishda ba’zi kompaniyalar uchun huquqbuzarlikni bartaraf etishdan ko‘ra, jarima to‘lab, faoliyatini davom ettirish qulayroq bo‘lib qolgani aytilgan edi.

Samarqand tumani Oqbo‘yra turizm qishlog‘idagi tog‘-kon portlatish ishlari muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz'ga murojaat qilgan qishloq ahliga ko‘ra, 15 aprel kungi portlatishda uylar tomiga toshlar kelib tushgan, devorlarda yoriqlar paydo bo‘lgan. Kadrlardan birida qo‘rqib ketgan qizaloqni bobosi xavfsiz joyga olib o‘tganini ko‘rish mumkin. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi konda ishlayotgan xususiy korxonalarning hujjatlari joyida ekani, ular aholiga yetkazilgan moddiy zararni qoplaganini ma’lum qildi. Voqeadan keyin u yerdagi portlatishlarni 10 tonnadan 5 tonnaga kamaytirish buyurilgan. Kelgusida sohadagi me’yorlar qayta ko‘rib chiqilishi aytilyapti.

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid