O‘zbekiston | 18:36 / 07.01.2023
43206
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor Baxtiyor Fozilovning ukasi Azamat Fozilov Prezident administratsiyada ish boshladi

O‘zbekistondagi yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri SANEG’ga egalik qiluvchi tadbirkor Baxtiyor Fozilovning ukasi Azamat Fozilov Prezident administratsiyasi ijro apparati bosh maslahatchisi etib tayinlandi. Bungacha u Iqtisodiy taraqqiyot va Moliya vazirliklarida ishlagan.  

Foto: Moliya vazirligi.

Azamat Shuhratovich Fozilov O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi ijro apparati bosh maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga hukumatdagi manbasi ma’lum qilgan.  

Bungacha Azamat Fozilov Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining inson resurslari va xodimlar salohiyatini rivojlantirish departamenti direktori lavozimida ishlagan.   

Fozilovning mehnat faoliyati  

Azamat Fazilov 1980 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy. 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini bakalavr va 2003 yilda Bank-moliya akademiyasi magistraturasini tamomlagan. Mutaxassisligi – iqtisodchi. 

2019 yilda Moliya vazirligining g‘aznachilik boshlig‘i birinchi o‘rinbosari lavozimiga  tayinlangan.  

2021 yilda inson resurslari va xodimlar salohiyatini rivojlantirish departamenti direktori sifatida Iqtisodiy taraqqiyot vazirligida ish boshlagan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Azamat Fozilovning Samarqand viloyatida joylashgan  “Mironkul Stroy Servis” MChJ kompaniyasida ulushi bor. Bu kompaniyaning asosiy hissadorlaridan biri akasi – Baxtiyor Fozilov.  

Baxtiyor Fozilov haqida 

Tadbirkor Baxtiyor Fozilov so‘nggi yillarda eng yirik energetika kompaniyasiga aylangan “Canoat energetika guruhi” (SANEG) MChJga egalik qiladi. Hozirda kompaniyaning 99 foiz ulushi ofshor zona bo‘lmish Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan “Belvor Holding Limited” kompaniyasiga tegishli. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Belvor Holding Limited” ham tadbirkor Baxtiyor Fozilovning o‘ziga tegishli. 

2022 yil may oyidagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, SANEG kompaniyasi O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega 103 ta konga egalik qiladi. Mamlakatdagi neft qazib olishning taxminan 80 foizi, tasdiqlangan gaz zaxiralarining esa taxminan 22 foizi SANEG hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Fozilov, shuningdek, O‘zbekistonda burg‘ilash bo‘yicha asosiy pudratchi bo‘lmish Eriyell neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasiga ham egalik qiladi. 

Shu bilan birga, tadbirkor O‘zbekistondagi bir qancha yirik kompaniyalar egasi, xususan, “Family Park” MChJ, “Samarkand Touristic Center”, “TASS Primavera” MChJ, “Mironkul Stroy Servise”, “Wind rose” MChJ, “Tashkent International Medical Center”. 

Avvalroq, O‘zbekistonda kuzatilayotgan energetika inqirozi ortidan Kun.uz Energetika vazirligidan yopiq qaror asosida SANEG’ga gaz eksporti bo‘yicha imtiyozlar berilgani borasida so‘ragandi. Vazir o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev hukumat va investor o‘rtasida tuzilgan shartnomaning ayrim bandlari “tijorat siri” ekanini aytgan edi.

Mavzuga oid