O‘zbekiston | 00:41 / 15.05.2020
53372
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan bir necha shaharga aviaqatnovlar va yo‘lovchi poyezdlari harakati tiklanmoqda

O‘zbekistonda 18 may kunidan hududlararo transport harakatiga ruxsat beriladi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, shu yilning 18 mayidan Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar (borish va qaytish) tiklanadi, shuningdek, Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, avia va temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.

Mazkur tartib talablarini buzish epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

Bundan avvalroq O‘zbekistonda karantin 1 iyunga qadar uzaytirilgani, shu bilan birgalikda karantin tartiblarida yumshatishlar joriy etilgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 13 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan epidemiologik vaziyat bo‘yicha muhim chora-tadbirlar belgilab berilgan, olis hududlarning poytaxt bilan transport aloqasini tiklash juda dolzarb masala bo‘lib turgani qayd etilgan va bu bo‘yicha cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.

Mavzuga oid