O‘zbekiston | 13:16 / 02.03.2021
36490
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Buxoro viloyati hokimi yashab, ishlaydigan «konteyner»

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan boshlangan tashabbus boshqa hududlar rahbarlari tomonidan ham takrorlanmoqda.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati viloyat hokimi Botir Zaripovning shtabi joylashtirilgan g‘ildiraklar ustidagi vagon suratini e'lon qildi.

«Ayni paytda mazkur vagon-shtab Olot tumani «Davlatboy» mahallasiga joylashtirilgan. Botir Zaripov shu yerda yashab, olotliklarning muammolarini o‘rganmoqda. Ularni hal etish choralarini ko‘rmoqda», deyiladi xabarda.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati Botir Zaripov 2 mart kunini shu konteynerda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan boshlaganini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Buxoro viloyatida 4-sektor rahbari - soliq boshqarmasi boshlig‘i ham Kogon tumanidagi ko‘chma shtabga ko‘chib o‘tgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi oxirida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov shaharning «Bunyodkor» mahallasiga konteyner o‘rnatib, vaqtinchalik o‘sha yerda yashashini ma'lum qilgandi. Keyinroq yirik konteyner atrofi beton panjaralar bilan o‘ralgani, hovliga fuqarolarni qabul qilish uchun shiypon o‘rnatilgani aks etgan suratlar tarqaldi.

26 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev barcha viloyat hokimlari va prokurorlariga mahallalarda hech bo‘lmasa bir oy yashab, muammolarni «pastdan» o‘rganishni taklif qilgandi.

Mavzuga oid