Jamiyat | 11:43 / 02.04.2019
11035
5 daqiqa o‘qiladi

OAV OAK haqida yozmoqda. Sohada islohotlar davom ettiriladimi?

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan boshlab mamlakatda ilmiy daraja va unvonlar berish tizimi ikki marta (2012 va 2017 yillarda) keskin o‘zgarishlarga yuz tutganidan ko‘pchilikning xabari bor. Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatining asosiy qismi mana shu tizim bilan bog‘liq bo‘lgani uchun uning samarali faoliyatiga ko‘p narsa bog‘liq.

2016 yilning sentyabriga qadar ommaviy axborot vositalari ma'lum bosimlar ostida faoliyat yuritgani bois, ko‘p mavzular qatori bu mavzuda ham tanqidiy chiqishlar bo‘lmadi. 2012 yilda joriy etilgan bir pog‘onali ilmiy daraja tizimidan aksariyat soha odamlari norozi bo‘lgani sir emas. Lekin OAVda ochiq chiqishlar kuzatilmadi. Bu tizim haqidagi dastlabki ochiq chiqish falsafa fanlari doktori, professor Mamashokirov Saidmurod tomonidan bo‘ldi. Bu maqolada professor amaldagi tizim muammolarini birma-bir sanab o‘tadi. Xususan, dissertatsiya ishlari mavzusining tanlash, tahrir qilish va e'lon qilishdan boshlab, OAK tomonidan tasdiqlangan ilmiy jurnallar ro‘yxati irratsional ekanligi, ilmiy natijalarni joriy qilish borasidagi rasmiyatchilik haqida to‘xtalib, yakuniy taklif sifatida o‘sha paytdagi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi (keyinchalik bu qo‘mita hozirgi innovatsiya vazirligi tarkibiga kiritildi) va OAKni qo‘shib yuborish haqida taklif bergan.

Shu maqolaga aks-sado sifatida e'lon qilingan keyingi maqolada muallif OAKning oldingi maqolada tilga olingan kamchiliklariga atroflicha to‘xtalib, bu ishlarda bevosita OAK raisini aybdor qilib ko‘rsatadi. Muallif maqola so‘ngida OAK tugatilib, uning vakolatlari OTM va ITIlarida tashkil etiladigan ilmiy kengashlarga berilishini taklif qiladi.

Bu orada OAK ikki tabaqali ilmiy daraja berish tizimiga oid Prezident farmoni va VM qarorini chiqartirib, qog‘ozbozlikni, dissertantlarga to‘siqni kamaytirgandek taassurot qoldiruvchi ishlarni boshladi. Tizimdagi bunday o‘zgarishlarga qaramasdan dissertantlar yo‘lidagi OAK tomonidan qo‘yilgan to‘siqlarga endi ilmiy kengashlar tomonidan qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar qo‘shildi. Oxir-oqibat bir yil o‘tar-o‘tmas innovatsiya vazirligi tashabbusi bilan OAK faoliyatini tugatib, uning o‘rniga vazirlik qoshida bo‘lim ochish, OAKning aksariyat vakolatlarini OTM va ITIlarida ochiladigan ilmiy kengashlarga berish haqidagi loyihasi omma e'tiboriga havola etildi. Afsuski, bu loyiha soha mutaxassislari keng jalb qilinmay tayyorlangani tufayli, turli davra uchrashuvlariga qaramasdan, ilmiy doirada yetarlicha qo‘llovga ega bo‘lmadi. OAK esa tizim o‘zgarishi tufayli erishilgan yutuqlarni turli davralarda targ‘ib etib bordi. Mazkur yilning fevral oyida OAK faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishni ko‘zlovchi, uning ma'lum bir vakolatlarini, masalan, ilmiy daraja berishni sinov tariqasida ma'lum OTM va ITIlarga berish kabi o‘zgartirishlar kiritishni o‘z ichiga olgan VM qaror loyihasi omma e'tiboriga havola etildi. ShUndan keyin OAK faoliyatiga nisbatan tanqidiy chiqishlar yana paydo bo‘la boshladi. Jumladan, O‘zbekiston Axborot agentligida chop etilgan «Oliy attestatsiya komissiyasi o‘z vazifasini qanday uddalayapti?» sarlavhali suhbat-maqola va unga munosabat tarzida xuddi shu OAVda ilmiy tadqiqotchi Baxtiyor Sheraliyevning munosabati nashr etildi. Shundan so‘ng, OAK matbuot kotibining bu tanqidiy chiqishlarga javob o‘laroq OAKning o‘ziga xos hisoboti shaklidagi javobi e'lon qilindi. Bu maqolada tanqidiy chiqishlarda tilga olingan kamchiliklarga javob berilmaydi. OAK faoliyati borasidagi tanqidiy chiqishlar davomi o‘laroq kecha yana bir maqola berildi.

«Buyuk Kelajak» eksperti, Pusan chet tillari universiteti professori Azamat Akbarovning ta'lim sohasidagi korrupsiyani yo‘qotishga oid, Oliy ta'lim vaziriga yo‘llagan ochiq xati, oliy ta'limdagi yangi trendlarga oid chiqishlarida OAK faoliyatiga oid ham fikrlarni bayon etgan.

Endi navbat OAKga. Umid qilamizki, bunday chiqishlarni sohani koordinatsiya qiluvchi yuqori martabali mas'ullar kuzatib borishmoqda va kelgusidagi islohotlarda turli tomonlarning fikrlarini inobatga olgan holda islohotni davom ettirishadi.

Mavzuga oid