Jamiyat | 19:07 / 24.10.2025
41817
4 daqiqa o‘qiladi

IIB boshlig‘i ustidan sud: “Davlat siri” degan vaj bilan sudda OAV ishtiroki cheklandi

24 oktyabr kuni Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda jabrlanuvchi ayol yechintirilgani aytilayotgan “tezkor tadbir” ishtirokchisi bo‘lmish IIB xodimlari guvohlik berdi. “Soliq idorasi boshlig‘i maktab o‘quvchisini xizmat uyiga olib kirib ketdi, deb xabar berishgandi”, dedi o‘z ko‘rsatmasida IIB tezkor xodimi Yusufbek Yoqubov.

Furqat tumani sobiq IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va Gulira’no Qosimova

Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan Gulira’no Qosimova ishi doirasida navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyida o‘tkazilgan “tezkor tadbir” ishtirokchilari G‘ayrat Otaqulov, Yusuf Yoqubov, Tohir Bashirov, Sohib Nazarov, A’zam Hamidjonov, Aziz Mamajonov, Elbek Muhammadjonov, Dilshod Qahhorov hamda Muhammadjon Ortiqov guvoh tariqasida so‘roq berish uchun qatnashdi.

Dastlab “tezkor tadbir”ning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan, o‘sha paytda Furqat tumani IIBning terrorizm bo‘limida tezkor xodim bo‘lib ishlagan Yusufbek Yoqubovning ko‘rsatmasi tinglandi:

2025 yil 17 aprel kuni tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i xizmat xonasiga maktab o‘quvchisini olib kirib ketdi, degan xabar kelib tushdi. Bu xabarni ro‘yxatdan o‘tkazmaganman. Tezkorlik bilan o‘sha yerga bordik. Biz hovliga eshikdan kirdik, devordan sakrab o‘tmaganmiz. Eshikdan kirgan zahoti 2-qavatga ko‘tarildik. 2-qavatda soliq boshlig‘i va maktab direktorini qip-yalang‘och holatda ko‘rdik. Bizga xabar bergan shaxs xizmat uyiga maktab formasidagi yosh qiz kirib ketdi degandi. Ko‘rdikki, u yerda maktab o‘quvchisi emas, maktab direktori ekan. Shundan keyin boshliq o‘rinbosari Jasur Rasulov bizga hammasi joyida pastga tushaveringlar, dedi”, deya ko‘rsatma berdi Yusufbek Yoqubov.

Shundan so‘ng JIB Quva tumani sudi raisi Avazbek Rahimov tezkor xodimlar ko‘rsatmasida davlat siri borligini aytib, guvoh tariqasida chaqirilgan tezkor xodimlarning ko‘rsatmasi yopiq tarzda eshitilishini ma’lum qilib, Kun.uz muxbirini sud zalidan chiqarib yubordi.

Ma’lumot uchun, ochiq sud majlisida ommaviy axborot vositalaridan faqat Kun.uz muxbiri ishtirok etmoqda.

Keyinroq sud ishi 29 oktyabrga qadar tanaffus e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishini so‘ragan.  

Avvalgi sud majlisida ko‘rsatma bergan Furqat tuman soliq inspeksiyasi sobiq boshlig‘i, ish bo‘yicha jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan Qurbonali Abdurahmonov o‘zi bilan bir vaqtda ishlagan tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev unga militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topshiriq berganini, u rad etganidan so‘ng IIB boshlig‘i “IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish” bilan tahdid qilganini eslagandi.

22 oktyabr kuni o‘tgan sud majlisida esa guvoh tariqasida chaqirilgan IIB xodimlari G‘ayrat Otaqulov va Yusuf Yoqubov sudga kelmagani bois sudlanuvchilar Akmal Xo‘jayev (sobiq IIB boshlig‘i) va Jasur Rasulov (IIB boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari) guvohlar eshitilmay turib ko‘rsatma bermasliklarini aytgandi.

Mavzuga oid