O‘zbekiston | 15:53 / 06.07.2021
21343
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yo‘llaridagi fotoradar va kameralar ro‘yxati e'lon qilindi

Toshkent shahrida YHQ buzilishini onlayn qayd etuvchi fotoradarlar va kameralar o‘rnatilgan manzillar to‘g‘risida ma'lumot berildi. YHXBB rasmiysining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, kelgusida viloyatlar bo‘yicha ham shu kabi ma'lumotlar ochiqlanadi.

Toshkent shahrining 28ta nuqtasida tezlikni nazorat qiluvchi 28ta fotoradar ishlamoqda. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ularning ro‘yxatini e'lon qildi.

Unga ko‘ra, poytaxtdagi eng ko‘p fotoradar Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida (5tadan) o‘rnatilgan; Yunusobodda 4ta fotoradar ishlab turibdi.

YHXBB poytaxtdagi intellektual rejimda ishlovchi kameralar ro‘yxatini ham taqdim etdi.

Unga ko‘ra, ayni paytda Toshkentda bunday turdagi 89ta kamera bor. Ular 5 turdagi qoidabuzarliklarni (svetofor qizil chirog‘ida o‘tish, to‘xtash chizig‘ini bosish, yo‘l chizig‘ini bosish, to‘xtab turish qoidalarini buzish va qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish) qayd etadi.

Eng ko‘p kamera Chilonzor tumanida o‘rnatilgan – 20ta. Shayxontohurda 17ta, Yashnobodda 12ta va Yunusobod yo‘llarida 10ta kamera bor. Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida 7tadan, Olmazorda 5ta, Yakkasaroy 4ta, Mirobodda 3ta, Sergeli va Bektemir yo‘llarida esa 2tadan kamera joylangan.

Ro‘yxatdagi radar va kameralarning joylashuvi Sherzod Sh. ismli foydalanuvchi tomonidan Google-xaritaga ham joylangan.

IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, yuqorida keltirilgan ma'lumotlar shu kungacha davlat tomonidan o‘rnatilgan radar va kameralarga tegishli bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan o‘rnatiladigan kamera va radarlarga aloqador emas.

YHXBB rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, kelgusida yuqoridagi kabi ma'lumotlarni viloyatlar bo‘yicha ham e'lon qilib borish maqsad qilingan.

Radar va kameralar manzillarining ochiqlanishi o‘tgan oyda qabul qilingan ochiqlik haqidagi prezident farmonida ko‘zda tutilgandi.

Avvalroq hukumat qarori bilan yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlash uchun xususiy kameralar o‘rnatish tartibi belgilangandi. Radar va kameralar o‘rnatish huquqi auksion savdolariga chiqarila boshlangan.

Mavzuga oid