O‘zbekiston | 16:58 / 05.07.2020
8014
8 daqiqa o‘qiladi

«Biz tomonimizdan ham kamchilik o‘tmagan deb aytolmayman» – Davergeodezkadastr qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bo‘stonliqdagi «snos»lar haqida

Davergeodezkadastr qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzodxo‘ja Habibullayev Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi 24 «dacha» bilan bog‘liq muammolarga joylardagi vakolatli organlarning o‘z vazifasiga mas'uliyatsizligi ham sabab bo‘lganini, davlat idoralari xodimlaridan ham xato o‘tgan joylari borligini ta'kidladi. U bu haqda 2 iyul kuni jurnalistlar uchun Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur doirasidagi brifingda ma'lum qildi.

«Joylardagi vakolatli organlarning o‘z vazifasiga mas'uliyatsizligi qaysidir ma'noda bu muammolarga sabab bo‘lgan deb aytsak bo‘ladi. Kadastr, shu joydagi mahalliy hokimlik, ichki ishlar, prokuratura organlari uy-joylarining qonuniy qurilishiga mas'ul hisoblanadi. Biz tomonimizdan ham kamchilik o‘tmagan deb aytolmayman.

Lekin shu o‘rinda bitta narsani aytib o‘tmoqchiman. Bitta joyda kimdir o‘zboshimchalik bilan nimadir qura boshlasa borib ogohlantirish beramiz. Ogohlantirish berish tartibi bor. Undan keyin hujjatlarni prokuraturaga beramiz, ular protest kiritadi. Hamma jarayondan o‘tishimiz uchun uch oy ketarkan. Bu vaqt orasida odamlar noqonuniy imoratni tiklab qo‘yishayapti. Hozir sendvich-panellar orqali 20 kunda qurib bitkazilayapti «dacha»lar. Biz hamma bosqichlardan o‘tib, sudga hujjatlar tayyorlagunimizcha uyni qurib oladi-da, internetga chiqib, oldinroq qayerga qaragansizlar deb jar soladi.

Qo‘limizda Bo‘stonliq tumani bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qurilgan yoki tomorqasini kadastr hujjatlarida ko‘rsatilganidan ko‘proq yerni noqonuniy egallab olgan holatlar bo‘yicha 2 mingga yaqin ogohlantirish xatlari berganimizni tasdiqlovchi hujjatlar bor. Lekin davlat organi bo‘lganimiz va fuqarolarga bosim qilmaslik uchun bizda cheklov ko‘proq», deya Sherzodxo‘ja Habibullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutasaddining qayd etishicha, uylarning amaldagi kadastr hujjatlari, tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori qalbaki ekanini Google Earth geografik axborot tizimining onlayn xaritasi orqali ham isbotlash mumkin.

«Google Earth’ning onlayn xaritasini hammamiz bilamiz. Hamma uchun ochiq, ishonchli dastur. Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi 24 uy o‘zboshimchalik bilan qurilganini Google Earth xaritasi ham tasdiqlaydi.

Ushbu xarita orqali davolash maskani atrofidagi yerlarning 2010 yil mart oyidagi holatini ko‘rsak, atrof yam-yashil, bugungi kunda muhokamalarga sabab bo‘layotgan, noqonuniy qurilgan 24 ta dacha qurilmaganini ko‘rish mumkin. Bu joylar to‘liq bolalar sil kasalliklari sihatgohining yerlari bo‘lgan.

2010 yildagi xaritada yo‘l 24 ta «dacha»ning yonidagi yo‘l umuman bo‘lmaganini ko‘rish mumkin. Buni istalgan odam Google Earth’ga kirib solishtirib ko‘rishi mumkin.

2014 yil avgustda olingan suratda bir chetda uchta imoratga poydevor tashlanib, atrofi devor bilan o‘rab olinganini ko‘rish mumkin. Bu poydevorlar bugun ham turibdi, hali ham imorat qurilmagan.

2015 yil iyuldagi holatda bugungi kunda muhokamalarga sabab bo‘layotgan 24 ta «dacha» joylashgan yer atrofi devor bilan o‘rab olinganini ko‘rish mumkin. Ammo o‘sha paytda bu yerda 2014 yilda paydo bo‘lgan uchta poydevordan tashqari birorta qurilma bo‘lmagan.

Endi 2016 yilning avgustida yana uchta joyning hududi alohida-alohida devorlar bilan o‘rab olingan. Ammo hali bu yerda poydevorlar ko‘zga tashlanmaydi. Ularning yonidan yo‘l izlari sal ko‘zga tashlanadi. Ushbu yo‘lning qarama-qarshi tarafida ikkita imorat paydo bo‘lgan.

2017 yildagi suratda yo‘lning qarama-qarshi tarafida yana bir nechta imorat barpo etilgani, 2016 yilda paydo bo‘lgan uylarda basseynlar qurilganini ko‘rish mumkin. Sihatgohga yondosh tarafda esa 2014 yilda tashlab qo‘yilgan uchta poydevordan boshqa hech qanday qurilma bo‘lmagan.

Endi Google Earth orqali hududning 2019 yil sentyabrdagi holatini ko‘rib chiqamiz. Ko‘rib turibmizki, bolalar sihatgohiga yondosh hududda «dacha»lar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek paydo bo‘lgan.

Bunga nima sabab bo‘lganini tushuntiraman. Prezident qarori bo‘yicha 2018 yil may holatigacha qurib bitkazilgan va odam yashayotgan uylarga egalik huquqi berilishi mumkin. Shu bilan birga, hujjatda imoratlar xavfli hududlarda qurilmagan bo‘lishi kerak deyilgan. 24 «dacha» Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskaniga tegishli yer deb qaralmagan taqdirda ham bu «dacha»lar sel yo‘liga qurilgan.

Google Earth orqali olingan ma'lumotlar ko‘rsatmoqdaki, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan qo‘llanilgan bir martalik aksiya tugab bo‘lgandan keyin bu sihatgoh atrofidagi imoratlar birin-ketin qad rostlagani, shundayam ko‘pchiligi «korobka» holatida bo‘lgani, tomi yopilmaganini ko‘rish mumkin.

Dron orqali olingan yuqoridagi suratda hozirgi holat aks etgan. Tegishli organlar tomonidan hamma devorlar qulatilib, «dacha»larning o‘zlariga tegilmay turilibdi», deydi u.

Habibullayevning ta'kidlashicha, bu «dacha»larning noqonuniy qurilgani haqida ogohlantirishlar berilgan.

«Qo‘limizda «dacha»lar o‘zboshimchalik bilan qurilgani bo‘yicha fuqarolarni ogohlantirganimizni tasdiqlovchi hujjatlar bor. Ular ijtimoiy tarmoqlarga chiqib hech kim bu haqda ogohlantirmaganini aytishmoqda. Unday emas. Sudlar ham ogohlantirish bo‘lmasa, o‘zidan-o‘zi qaror chiqarib yubormaydi, ish birdaniga sudga oshmaydi. Hamma protseduralardan o‘tilgach, ish sudgacha kelgan», deb aytgan u.

Avvalroq Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan 24 ta «dacha»ning hujjatlari 1998 yilda rasmiylashtirilgani, ularni mahalla raisi qalbakilashtirib, korrupsiya orqali tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib olgani, davlat xizmatlari markaziga borib mulkka nisbatan egalik huquqini olganini aytgan edi. Biroq u bu ishlardan mutlaqo bexabar odamlar tomonidan sotib olingan, ya'ni aybsiz aybdor bo‘lib qolgan «dacha»larning yangi egalariga nima uchun kompensatsiya to‘lanmasligiga qonuniy asos keltira olmagan.

Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgani aytilayotgan 24ta uy egalari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda buzilishi rejalashtirilgan imoratlar joylashgan yer sihatgohga tegishli emasligini aytishgan. Buni ushbu muassasa direktori Norinboy Niyozmetov ham tasdiqlagan.

Toshkent viloyati prokurori Salom Samadovning ma'lum qilishicha, Bo‘stonliq tumanidagi sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi dala hovlilar noqonuniy qurilishiga aloqadorlikda ayblanib 10 kishi qamoqqa olingan, ular orasida tuman hokimi o‘rinbosari, tuman «Yermulkkadastr» bo‘limi xodimi, mahalla raisi, maklerlar bor.

Mavzuga oid