O‘zbekiston | 10:03 / 26.01.2023
35896
5 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida bir kunda 13 tumanga yangi hokimlar tayinlandi

25 yanvar kuni Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq va Sherobod tumanlarida ham yangi rahbarlar ish boshladi.

Surxondaryo viloyatining 13 ta tumanida xalq deputatlari kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida yangi hokimlar tasdiqlandi. Sessiyalarda viloyat hokimi v. b. Ulug‘bek Qosimov va O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi vakillari ishtirok etishdi.

Ulug‘bek Qosimov

Sessiya ishlarida so‘zga chiqqan faollar mahalliy hokimlar Davlat rahbarining talabi bilan aytganda bugungi kunning zamonaviy fikrlovchi, odamlarni rozi qilish harakati bilan yashovchi, hududda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan islohotlarning amalga oshirilishini ta’minlaydigan kadrlar bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Yangi tasdiqlangan hokimlar atrofida birlashib, har bir tuman o‘zining rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha belgilab olingan dasturlari ijrosini ta’minlash yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi lozimligi aytib o‘tildi.

So‘nggi uch tayinlov

Xalq deputatlari Bandixon tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, shu kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan O‘tkir Abduzoirovich Choriyev vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Abdumalik Allamuradov tasdiqlandi.

Abdumalik Allamuradov

Abdumalik Abduqodirovich Allamurodov 1977 yil 17 aprelda Termiz tumanida tug‘ilgan. 1998 yil Termiz davlat universitetini, 2003 yil Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi, huquqshunos.

A.Allamurodov 2000-2022 yillarda adliya, prokuratura, ichki ishlar organlari, Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi hamda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Denov tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • O‘tkir Choriyev 2020 yil fevralida yangi tashkil etilgan Bandixon tumani rahbarligiga tayinlangandi.

Xalq deputatlari Sherobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi Ziyodulla O‘roqovich Davlatov vazifasidan ozod etildi. Tuman hokimi lavozimiga Zaynobiddin Xalilov tasdiqlandi.

Zaynobiddin Xalilov

Zaynobiddin Jalolitdinovich Xalilov 1973 yil 19 iyunda Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. 1995 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 2006 yil Termiz davlat universitetini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi gidrotexnika qurilishi, iqtisodchi.

Z.Xalilov 2006-2022 yillarda monopoliya, qurilish vazirligi, raqobat qo‘mitasi, hisob palatasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2022 yildan buyon Hisob palatasining shu’ba mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Sherobod tumanining oldingi hokimi Ziyodulla Davlatov bu lavozimga 2020 yil dekabrida tayinlangandi.

Qiziriq tumanida ham yangi hokim ish boshladi. Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Rustam Ubodullayevich Pardayev tuman hokimi lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Sherzod Rajabov yangi hokim etib tasdiqlandi.

Sherzod Rajabov

Sherzod Abdimuratovich Rajabov 1984 yil 26 yanvarda Qiziriq tumanida tug‘ilgan. 2007 yil Termiz davlat universiteti, 2014 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi iqtisodchi.

Sh.Rajabov 2008-2021 yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi, «O‘zvinosanoat-holding» AJ, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2021 yildan buyon Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Tumanning endilikda sobiq hokimiga aylangan Rustam Pardayev 2022 yil fevralida Denov tumani hokimligidan Qiziriq tumani hokimligiga o‘tkazilgandi.

Shu tariqa, Surxondaryo viloyatida bir kunda 13 ta tuman hokimi yangilandi. Faqat Termiz shahri va Qumqo‘rg‘on tumani hokimlari o‘z lavozimida qoldi (shuningdek, Muzrabot tumani hokimligi 2022 yil sentabridan buyon vakant edi). 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham shu kuni o‘tkazilgan videoselektorda Surxondaryoning barcha tumanlariga respublikadan tajribali kadrlar hokim qilib qo‘yilganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Termiz shahriga 2022 yil sentabrida qurilish vaziri o‘rinbosari O‘ktam To‘rayev hokim etib tayinlangandi (shaharning sobiq rahbari Isroil Xudoyberdiyev va uning o‘rinbosarlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda gumonlanib hibsga olingan), Qumqo‘rg‘on tumanida esa 2022 yil iyunida Termiz shahri IIO FMB boshlig‘i Anvar Normamatov yangi hokim sifatida ish boshlagandi.

25 yanvar kuni tayinlangan 13 hokimdan 11 nafari bungacha Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va agentliklarda, shuningdek boshqa yuqori idoralarda ishlashgan. Faqat Muzrabot va Bandixon tumanlarida rotatsiya asosida tayinlovlar amalga oshirildi.

Mavzuga oid