Jamiyat | 22:31 / 17.04.2023
22989
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada hokimlik balansidagi zaxira yerni sotmoqchi bo‘lgan mulozim qo‘lga olindi

U hokimiyat balansida bo‘lgan zaxira yerlardan 3 gektarini onlayn auksionda yutib berish evaziga 4 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Foto: Videodan kadr

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani hokimligida ishlovchi shaxs jinoyat ustida qo‘lga olingan. Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu amaldorning jinoiy rejalari to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan va shundan so‘ng tezkor tadbir tashkillashtirilgan.

12 aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti, Farg‘ona viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

O‘zbekiston tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi yer nazorati inspektori hokimiyat balansida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun mo‘ljallangan yerlardan 3 gektarini ochiq elektron platforma orqali yutib berish evaziga tadbirga jalb etilgan maxsus xaridordan 4 ming dollar miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

To‘plangan hujjatlarga asosan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a” bandi va 25-modda (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda 4 gektar yerni 55 ming dollarga, Angrenda 20 sotix zaxiradagi yer maydonini 18 ming dollarga, Yangiyo‘lda 32 sotix yerni 29 ming dollarga, Yozyovonda 23 sotix yerni 15 ming dollarga, Shahrisabzda daryo muhofazasiga olingan 20 sotix yer maydonini 20 ming dollarga, Samarqandda 4 gektar yerni 42 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangandi.

Mavzuga oid