Panadagi boshqaruv va savolli oqibatlar: “O‘zbekko‘mir” qanday shartlar bilan berilgandi?
2020 yilda Qozog‘iston kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga tortiq qilingan “O‘zbekko‘mir” bilan bog‘liq majburiyatlar ochiqlanmay kelyapti. “Angren” va “Yangi Angren” IESlari ham ishonchli boshqaruvga berilishi ortidan milliardlab zarar jamlangan. Kun.uz'ga yetib kelgan ishonchli boshqaruv shartnomasi boshqaruvchiga qanaqa majburiyatlar yuklatilganiga oydinlik kiritdi.
Tendersiz, tanlovsiz, ammo imtiyozlar bilan topshirilgan “O‘zbekko‘mir”
2019 yilda Rossiyaning “ProgressGortex” MChJ “O‘zbekko‘mir” AJga ishonchli boshqaruvchi sifatida jalb qilindi. Bunda “O‘zbekko‘mir” ustav kapitalidagi 45 foiz aksiyalar paketi ishonchli boshqaruvga berilishi nazarda tutilgandi.
Biroq o‘sha yili oktyabr oyida qarorga o‘zgartirishlar kiritildi va “O‘zbekko‘mir” Rossiya kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilmaydigan bo‘ldi.
Ishonchli boshqaruvchi tendersiz, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida tanlanadigan bo‘ldi.
2020 yilda davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘tkazgan matbuot anjumanida “O‘zbekko‘mir” AJ Qozog‘istonning “Central Asia Energy” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilgani ma’lum bo‘ldi.
Qarorga ko‘ra, “O‘zbekko‘mir”ni ishonchli boshqaruvga oladigan kompaniya jamiyatning rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishi kerak edi. Biroq bu rivojlantirish strategiyasida nimalar nazarda tutilgani, ishonchli boshqaruvchining qanday majburiyatlari borligi kabi masalalar yopiqligicha qoldi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil noyabrdagi 909-sonli qarori, ishonchli boshqaruvchining jamiyatni rivojlantirish strategiyasi va ishonchli boshqaruvga berish to‘g‘risida tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma – yopiq.
Majburiyatlar, javobgarlik masalalari ochiqlanmagan holda, 2019 yildagi qaror bilan, istisno tariqasida, 2024 yil 1 yanvarga qadar ishonchli boshqaruvchiga bir qator imtiyozlar berildi. Jumladan, u yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, litsenziyalash va sertifikatlash bilan bog‘liq to‘lovlar, yig‘imlar va davlat bojlari hamda bojxona bojlarini to‘lashdan ozod qilindi.
O‘z navbatida, “O‘zbekko‘mir” AJga ham soliq va bojxona imtiyozlari berildi.
Majburiyatlar
Ko‘mir sanoatining bevosita ichidagi manba Kun.uz'ga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Central Asia Energy” va “O‘zbekko‘mir” AJ o‘rtasida 2020 yilda tuzilgan shartnomani taqdim etdi.
Shartnomaga ko‘ra, “O‘zbekko‘mir” ustav kapitalidagi 90,08 foiz (35 930 547 ta aksiya) davlat ulushlari “Central Asia Energy”ga ishonchli boshqaruvga berilgan.
Hujjatga asosan, ishonchli boshqaruvchi quyidagilarni kafolatlashi kerak:
- Angren konida kafolatlangan va barqaror ko‘mir qazib olish;
- “Angren IES” AJ, “Yangi-Angren IES” AJ va “O‘zbekko‘mir” AJni yagona kompleks sifatida, ular o‘rtasida moliyaviy oqimlarni oqilona taqsimlagan holda boshqarish; bunda ular o‘rtasida elektr va issiqlik energiyasining taqsimoti, shuningdek ko‘mir mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshqarish;
- mahalliy ko‘mirdan birinchi navbatda “Angren IES” AJ, “Yangi Angren IES” AJ, aholi va budjet tashkilotlari ehtiyojlari uchun foydalanish;
- zarur hollarda, ehtiyojni qoplash uchun import qilinadigan ko‘mirning kafolatlangan yetkazib berilishini Iqtisodiyot vazirligi yoki boshqa vakolatli organlar bilan kelishish.
Shuningdek, loyiha kompaniyasi yil davomida ko‘mir yoqishga o‘tish muddatlarini va ishlab chiqarish hajmini oshirishi, “Angren” konida ko‘mir ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni hisobga olgan holda foydalanish xarajatlari va elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirishi va maqbul tariflarni aniqlashi belgilangan.
Oqibatda nima bo‘ldi?
Angren va Yangi Angren IESlarni kompleks sifatida boshqarishni zimmasiga olgan ishonchli boshqaruv ortidan IESlar zararga kirib ketdi. O‘tgan davrda ikkala stansiyada 1,5 trillion so‘mlik zarar jamlandi. “O‘zbekko‘mir” ham 2020 yilda ishonchli boshqaruvga berilgach, yilni 184 mlrd so‘m zarar bilan yakunladi.
Aholi sovuq uylarda yashashga majbur bo‘lgani va ketma-ket avariyalar ro‘y berganidan keyin, 2023 yilning yanvar oyida Vazirlar Mahkamasi “Angren IES” AJni ishonchli boshqaruvdan qaytarib olishga qaror qilgani aytildi.
Biroq “O‘zbekko‘mir”ning ishonchli boshqaruvga berish shartnomasini o‘rganishlar chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, aslida rasmiylar muammolar ortidan Angren IESni ishonchli boshqaruvdan qaytarib olmagan, balki ishonchli boshqaruv shartnomasi muddati 2022 yil dekabrda tugagan.
Garchi 2023 yil boshida ikkala IES ham ishonchli boshqaruvdan olingani aytilgan bo‘lsa-da, aslida Angren IES boshqaruvdan olinib, Yangi Angren IES va “O‘zbekko‘mir” AJ bo‘yicha ishonchli boshqaruv davom ettirilgan.
Kun.uz bilan suhbatda “O‘zbekko‘mir” AJ mas’uli shartnoma muddati 2023 yil yakuniga qadar uzaytirilganini tasdiqladi.
“Ishonchli boshqaruvchi majburiyatlaridagi birinchi masala: boshqaruvchi kompaniya “Angren” ko‘mir konida kafolatlangan ko‘mir qazib olishi nazarda tutilgan. Nega “Apartak” ko‘mir koni yo‘q degan savol tug‘iladi. Holbuki, “Yangi Angren” koniga ko‘mir butkul “Apartak” konidan yetkazib beriladi.
Ikkinchi masala, IESlar va “O‘zbekko‘mir”ni bir kompleks sifatida boshqarishga qarasak, bunda kondan ko‘mirni qazib olib, uni IESlar uchun ishlatish nazarda tutilgan. Ishonchli boshqaruvchi kompleks sifatida ratsional boshqarishni eplay olmadi. 2022 yil yanvardan avariyalar, undan oldin portlashlar sodir bo‘ldi. 2023 yildan ishonchli boshqaruvdan chiqarilgan “Angren” IES ishonchli boshqaruvchidan tortib olinmadi, balki boshqaruvchi shunchaki undan voz kechib yubordi. Ular yuqori kaloriyali Qozog‘iston ko‘mirini yoqa olmadi, yonib ketaverdi. Angren IES ma’naviy eskirgani sababli, o‘zlariga manfaatsiz korxonani boshqaruvdan chiqarib yuborib, Yangi Angren va “O‘zbekko‘mir”ni saqlab qolishdi”, – deydi manba.
Shartnomada “Central Asia Energy”, “O‘zbekko‘mir” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda tuproqni tozalash va ko‘mir qazib olishni bosqichma-bosqich boshlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish majburiyatini ham olgan.
Unga ko‘ra, boshqaruvchi kompaniya loyiha kompaniyasining moliyaviy-iqtisodiy sog‘lomlashtirish, boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi, shuningdek, “Angren” koni holatini barqarorlashtirish uchun moliyalashtirish manbalarini ko‘rsatgan holda zarur bo‘lgan investitsiyalarning aniq hajmlarini aniqlashi kerak.
“Boshqaruvchi kompaniya yangi texnikalar olib kelishi kerak edi, biroq haligacha yangi texnikalar olib kelinmadi. Texnologik qayta jihozlash borasida ishlar ketyapti, 2022 yil o‘rtalarida bittagina qazib olishlarni bajaruvchi ekskavator olib kelindi”, – deydi vaziyatdan xabardor suhbatdoshimiz.
Bundan tashqari, shartnomada “Angren” karerida foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini barqaror va xavfsiz olib borish, ekspluatatsiya xarajatlarini to‘liq qoplash hamda jalb qilingan kreditlarni o‘z vaqtida qaytarish imkonini beruvchi zarur minimal rentabellikni hisobga olgan holda ishlab chiqarish va tozalash ishlari hajmini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritish ham belgilangan.
“Bizda ko‘mir kon ustki qatlamini ochish jarayoni amalga oshirilmayapti, ya’ni kon ishlari xavfsiz olib borilmaydi. Bu shuni anglatadiki, ustki qatlam olib tashlanmasdan ko‘mir olinyapti. Kon tagidan ko‘mir olinib, ustki qatlamdagi tuproq qolib ketyapti, oxir-oqibat ustki qatlam to‘kilib tushadi. Davlatga “plan”ni bajarib berish kerak, ustki qatlam esa ular uchun katta ahamiyatga ega emas: uni sotib bo‘lmaydi, sotsa ham unchalik katta foyda keltirmaydi. Ustki qatlamni olib tashlash uchun texnika va ehtiyot qismlari yetishmayotganini aytishyapti. Boshqaruv kompaniyasi shu ishlarni qilishi kerak: texnologik jihozlash va shu vaqtgacha davlatning o‘zi qilolmagan ishni qilish uchun kelgan-ku? Maqsad faqat foydamizga sherik bo‘lish bo‘lganmi? Agar boshqaruvchi kompaniya hech narsani o‘zgartira olmasa, aktivlar davlatda turgani yaxshi emasmidi?”
Maqola boshidagi imtiyozlarni eslaymiz: boshqaruvchi kompaniya ayni shu ishlarni amalga oshirish uchun 2024 yilgacha ko‘rsatiladigan xizmatlar, olib kiriladigan tovarlar, uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi va ehtiyot qismlar, materiallar va texnologik jihozlarni olib kirishda, O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlarida litsenziyalash va sertifikatlashda tegishli to‘lovlar, yig‘imlar va davlat bojlarini to‘lashdan ozod qilingan.
Bundan tashqari, ishonchli boshqaruvchi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlarga muvofiq chetdan olib kiriladigan loyiha va texnik hujjatlar, metall prokati, qurilish va yordamchi materiallar, asboblar va ularning qismlari, butlovchi buyum va qismlar, kimyoviy reaktivlar va laboratoriya mebellari uchun bojxona bojlarini ham to‘lamaydi.
Boshqaruvchining majburiyatlari qatorida “Angren” IES va “Yangi Angren” IES AJda mahalliy va import qilinadigan ko‘mirdan optimal nisbatlarda foydalanishni ta’minlash ham nazarda tutilgan. Bunda tabiiy gazdan foydalanishni maksimal darajada qisqartirish kerakligi belgilangan.
Amalda esa, ko‘mir importi statistikasi jamoatchilikda bahsli savollarni tug‘dirdi. 2022 yilning 11 oyida Rossiyadan karrasiga qimmat ko‘mir import qilindi. Bu davrda O‘zbekistonga 105,8 mln dollarlik 2,39 mln tonna ko‘mir import qilingan. Ko‘mirning o‘rtacha narxi tonnasiga 44,1 dollarga yetgan (o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 15,3 foizga qimmat). O‘zbekistonga Rossiyadan import qilinayotgan ko‘mir Qozog‘istondan keltirilayotganiga qaraganda 8,8 barobar, Qirg‘iziston ko‘miriga qaraganda esa 11,1 barobarga qimmatga tushgan.
Ishonchli boshqaruvchiga ish haqi
Shartnomada ishonchli boshqaruvchiga ma’muriy xarajatlarni qoplash uchun “O‘zbekko‘mir” AJ mablag‘lari hisobidan 1 mlrd 630 mln so‘m asosiy ish haqi belgilangan. Bu mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvardan boshlab har yili asosiy to‘lov miqdorini 15 foizga oshirib borish nazarda tutilgan.
Shuningdek, strategiyaning moliyaviy natijalaridan kelib chiqib, benefitsiar aksiyalari ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlarning bir qismi hisobidan bonus to‘lanishi haqida ham so‘z boradi.
“O‘zbekko‘mir” Strategik islohotlar agentligiga o‘tishi kerak edi. Ishonchli boshqaruv nima bo‘ladi?
2023 yil 1 martdagi 83-sonli prezident qarori bilan, 31 ta davlat korxonasi aksiyalari prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilishi belgilandi. Bu korxonalar qatorida “O‘zbekko‘mir” ham bor edi.
Qaror bilan mazkur korxonalar ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) “UzAssets” investitsiya kompaniyasi boshqaruviga berilishi belgilangan (“UzAssets”ning o‘zi ham Davaktivdan olinib, Strategik agentlikka bo‘ysundirildi).
“UzAssets” iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega yirik korxonalarni isloh qilish, ularning rentabelligi va operatsion samaradorligini oshirish, samarali boshqarilishini va barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Xo‘sh, “O‘zbekko‘mir” Davaktivdan Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilsa, ishonchli boshqaruv nima bo‘ladi? Kun.uz'ning bu boradagi so‘roviga agentlik matbuot xizmati quyidagicha javobni taqdim etdi:
“Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga asosan, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xo‘jalik shartnomasi taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin. Shunga ko‘ra, shartnomani bekor qilish yoki davom ettirish tomonlarning kelishuviga asosan hal qilinadi”.
Oligarxiya?
2017 yil yanvarda O‘zbekistonda “SFI Management Group” MChJ tashkil etilgan. Shu yilning o‘zidayoq bu yangi kompaniyaga davlatga qarashli yirik korxonalar – OKMK, “O‘zmetkombinat” va “O‘zikkilamchiranglimetall” ishonchli boshqaruvga berilgandi. Bu boradagi kelishuvlar 2021 yil fevralida bekor qilindi.
Bu orada, Qozog‘istondagi kichik korxona (xodimlari soni 5 nafardan oshmaydigan) – “Gorniye raboti”ning ta’sischiligida 2019 yili O‘zbekistonda “Central Asia Energy” MChJ ochilgan. Bu kompaniya ham, avvalgisi kabi, ochilganidan keyin ko‘p o‘tmay yuqorida aytib o‘tilgan uchta yirik davlat aktivining ishonchli boshqaruvini qo‘lga kiritgan (“Angren” va “Yangi Angren” IESlar hamda “O‘zbekko‘mir”).
O‘zbekiston hukumati metallurgiya zavodlarini SFI guruhiga, ikkita IES va ko‘mir sanoatini esa qozoq kompaniyasiga nega hech qanaqa tanlovsiz berib yuborgani, ularga qanday majburiyatlar yuklatilganini hech qachon ochiqlamagan.
Milliarder Alisher Usmonov 2018 yilda ruscha Forbes'ga bergan intervyusida uning “Metolloinvest” holdingi SFI guruhi bilan hamkorlik qilishini, bu guruh boshqa bir taniqli milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Kobul Shodiyevga tegishli ekanini aytgan. Ochiq manbalarda Shodiyev Bobur Kobulovich (“Paxtakor” FKning sobiq prezidenti) “SFI Management Group” MChJ kuzatuv kengashi raisi bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.
Kun.uz avval ham yozganidek, aynan SFI'ning Shodiyevlarga aloqadorligi ehtimoli shunisi bilan ham muhimki, 2019 yili “Central Asia Energy” tashkil etilgan vaqtda uning yuridik manzili “SFI Management Group”niki bilan bir xil bo‘lgan (Toshkent shahri, Bunyodkor shohko‘chasi, 42/1). Bu esa Angrendagi IESlarning “ishonchli boshqaruvchi”si ham Shodiyevlar bo‘lishi mumkinligiga ishora qiladi.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
14:36 / 13.11.2024
Imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni sotayotgan shaxslar ushlandi
10:02 / 19.10.2024
Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
12:08 / 27.09.2024
Xorazmda MChJ mas’ul shaxslari ijtimoiy soha obektlariga beriladigan ko‘mir uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirdi
07:55 / 10.07.2024