08:22 / 05.01.2023
35086

1,5 trillion so‘m zarar: Parda ortidagi ishonchli boshqaruv oqibatlari

“Angren” va “Yangi Angren” IESlari ishonchli boshqaruvga berilishi ortidan o‘tgan uch yilda qariyb 1,5 trln so‘mlik zarar ko‘rdi. Rossiyadan karrasiga qimmat ko‘mir import qilingan. Oxir-oqibat shaharda odamlar sovuq kunlari oylab issiqliksiz qoldi. Davlat asosiy mulkini “ishonchli boshqaruvchi”dan qaytarib olishga shoshilmayapti.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati Angren shahrida oylab davom etgan issiqlik ta’minoti muammolari va “Angren” issiqlik elektr stansiyasidagi ketma-ket avariyalardan keyin stansiya ishonchli boshqaruvdan olindi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi eng yirik IESlardan hisoblangan “Yangi Angren” boshqaruvi davlatga qaytgan-qaytmagani noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Bu ikki stansiya bir necha yil oldin “Central Asia Energy” kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, xususiy kompaniyaning ishonchli boshqaruvi ostida o‘tgan yillar davomida stansiyalar yirik miqdorda zararga kirib ketgan.

“Central Asia Energy” MChJning 100 foizlik ta’sischisi – Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan – “Gornyye raboty” kompaniyasi. Bu kompaniya milliarder Fattoh Shodiyevga aloqador ekani aytiladi.

Ko‘zdan panadagi ishonchli boshqaruv va xorijdagi oligarxlar

2017 yanvarida O‘zbekistonda “SFI Management Group” MChJ tashkil etilgan. Shu yilning o‘zidayoq bu yangi kompaniyaga davlatga qarashli yirik korxonalar – OKMK, “O‘zmetkombinat” va “O‘zikkilamchiranglimetall” ishonchli boshqaruvga berilgandi. Bu boradagi kelishuvlar 2021 yil fevralida bekor qilindi.

Bu orada, Qozog‘istondagi kichik korxona (xodimlari soni 5 nafardan oshmaydigan) – “Gornyye raboty”ning ta’sischiligida 2019 yili O‘zbekistonda “Central Asia Energy” MChJ ochilgan. Bu kompaniya ham, avvalgisi kabi, ochilganidan keyin ko‘p o‘tmay uchta yirik davlat aktivining ishonchli boshqaruvini qo‘lga kiritgan: bular – “Angren” va “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyalari hamda “O‘zbekko‘mir”.

O‘zbekiston hukumati metallurgiya zavodlarini SFI guruhiga, ikkita IES va ko‘mir sanoatini esa qozoq kompaniyasiga nega hech qanaqa tanlovsiz berib yuborgani, ularga qanday majburiyatlar yuklatilganini hech qachon ochiqlamagan.

Milliarder Alisher Usmonov 2018 yilda ruscha Forbes'ga bergan intervyusida uning “Metolloinvest” holdingi SFI guruhi bilan hamkorlik qilishini, bu guruh boshqa bir taniqli milliarder Fattoh Shodiyevning akasi Kobul Shodiyevga tegishli ekanini aytgan. Ochiq manbalarda Shodiyev Bobur Kobulovich (“Paxtakor” FKning sobiq prezidenti) “SFI Management Group” MChJ kuzatuv kengashi raisi bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.

Aynan SFI'ning Shodiyevlarga aloqadorligi ehtimoli shunisi bilan ham muhimki, 2019 yili “Central Asia Energy” tashkil etilgan vaqtda uning yuridik manzili “SFI Management Group”niki bilan bir xil bo‘lgan (Toshkent shahri, Bunyodkor shoxko‘chasi, 42/1). Bu esa Angrendagi IESlarning “ishonchli boshqaruvchi”si ham Shodiyevlar bo‘lishi mumkinligiga ishora qiladi.

Foyda bilan ishlab kelgan kompaniyalar trillionlab zarar ko‘rgan

Kun.uz sovuqda uyi isimayotgan angrenliklarning shikoyatlarini yoritgan edi. Aholining noyabr oyidan buyon sovuq uylarda yashashga majbur bo‘lgani va ketma-ket avariyalar ro‘y berganidan keyin, 2023 yilning yanvar oyida Vazirlar Mahkamasi “Angren IES” AJni ishonchli boshqaruvdan qaytarib olishga qaror qildi.

Angren shahar prokurori Ulug‘bek Xabiljonovning Kun.uz'ga aytishicha, bunga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘z vaqtida mablag‘ ajratilmagani sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda stansiyadagi 3ta qozondan faqat bittasi ishlayapti.

“Qozog‘istonliklarga tegishli kompaniya bu IESlarga umuman qaramay qo‘ydi. Ikki marta nosozlik kuzatildi. Kuz-qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun 30 mlrd so‘m mablag‘ni ham kech ajratishgan. Shahar hokimi bilan birga yozdan beri bu bo‘yicha e’tiroz bildiramiz, yaqinda ham joyiga borib, shikoyat qilganimizdan keyin tuzatishga o‘tishdi.

Bu bo‘yicha bosh vazirgacha chiqildi, 2 yanvar kuni ikkala IES ham tashqi boshqaruvdan olinib, Energetika vazirligiga berildi. Yangi rahbar ham tayinlandi. O‘zimizga to‘liq o‘tganidan keyin pul ajratiladigan bo‘ldi, hozir nosozliklarni tuzatish uchun ishchi guruh jalb etilgan”, – dedi Ulug‘bek Xabiljonov.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, “Angren” IES 2022 yilning 9 oyida 111,8 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Stansiya ishonchli boshqaruvga berilganidan keyin o‘tgan vaqt ichida jami zararlar hajmi 577 mlrd so‘mga yetgan. Jamiyatning sof aktivlari qiymati 117 mlrd so‘mga qisqargan. Vaholanki, kompaniya 2017, 2018 va 2019 yillarni foyda bilan yakunlagan edi.

Yangi Angren” IES esa 2022 yilning 3-choragini 169 mlrd so‘mdan ortiq zarar bilan yakunlagan. Jamiyat ishonchli boshqaruvga berilganidan buyon yig‘ilgan zarar 875 mlrd so‘mdan oshgan. Sof aktivlari – minus 440 mlrd so‘m.

Bakirovning izohlashicha, bu raqamlar – IESlar “o‘z kapitalini yeb tugatgani”ni anglatadi: to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan 3 yil ichida ikkala stansiyada 1,5 trillion so‘mlik zarar jamlangan.

“Yana, shunday katastrofa oqibatlarga qaramay, davlat bu shovvozlarga ishonchli boshqaruv uchun komissiya haqi ham to‘lagan. To‘langan komissiyalar to‘g‘risidagi axborot biron marta ochiqlanmagan”, – deb yozadi iqtisodchi.

Rossiyadan karrasiga qimmat ko‘mir importi

2019 yilda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning o‘sha paytdagi raisi Ruslan Mubarakshin IESlar 3 yilga ishonchli boshqaruvga berilishi, tabiiy gazdan foydalanish maksimal qisqartirilishi va ko‘mirdan foydalanish oshirilishini aytgan edi.

Otabek Bakirovning yozishicha, Angrendagi IESlar – O‘zbekistondagi eng yirik ko‘mir importchilaridir, lekin “ko‘mir qayerdan, qanaqa narxlarda olib kelinayotgani, qanchasi yoqilayotgani, qanchasi qayoqqa ketayotgani haqida bironta ochiq axborot yo‘q”.

Gazeta.uz'ning Statistika qo‘mitasiga tayanib yozishicha, 2022 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 105,8 mln dollarlik 2,39 mln tonna ko‘mir import qilingan. Ko‘mirning o‘rtacha narxi tonnasiga 44,1 dollarga yetgan (o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 15,3 foizga qimmat).

O‘zbekistonga Rossiyadan import qilinayotgan ko‘mir Qozog‘istondan keltirilayotganiga qaraganda 8,8 barobar, Qirg‘iziston ko‘miriga qaraganda esa 11,1 barobarga qimmat tushyapti.

Bu – 2022 yilning yanvar–noyabr oylaridagi ko‘mir importiga oid quyidagi rasmiy statistikada ko‘rinadi:

  • Qozog‘istondan 51,1 mln dollarlik 1,3 mln tonna ko‘mir import qilingan (tonnasi o‘rtacha 39,4 dollar);
  • Qirg‘izistondan 32,3 mln dollarlik 1,03 mln tonna ko‘mir import qilingan (tonnasi o‘rtacha 31,2 tonna);
  • Rossiyadan 21,8 mln dollarlik 62,5 ming tonna ko‘mir import qilingan (tonnasiga o‘rtacha 347,8 dollar).

Otabek Bakirovning fikricha, ishonchli boshqaruvga berilgan barcha aktivlarda “zarari davlatga, foydasi cho‘ntakka” qabilidagi sxemalar ishlatildi va ishlatilmoqda.

“Bu sxemalar to‘liq taftish etilishi va hech qursa, xatolarga boshqa qaytmaslik uchun siyosiy baho berilishi lozim va lobud!” – deya yozgan iqtisodchi. U Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan barcha ma’lumotlarni ochiqlashni, prokuraturadan esa ish ochishni so‘ramoqda.

“Taftish o‘tkazilishi va siyosiy javobgarlik bo‘lishi zarur”

Bloger Qobil Xidirov (davletovuz) o‘zini oqlamagan ishonchli boshqaruvchilardan davlat butkul yuz o‘girishi kerakligini ta’kidladi.

“Avvalo, ishonchli boshqaruvning qonuniy asoslari yaratilishi, davlat xavfsizligi va milliy manfaatlar ustuvorligi qat’iy belgilanishi, javobgarlik masalalari hal etilishi lozim. Ungacha davlat aktivlari ishonchli boshqaruvga berilmasligi kerak.

Ikkinchidan, ishonchli boshqaruvga berilgan barcha davlat aktivlarida taftish o‘tkazilishi, taftish natijalari asosida ko‘rilgan zarar qoplanishi, siyosiy javobgarlik bo‘lishi zarur.

Uchinchidan, o‘zini oqlamagan ishonchli boshqaruv tashkilotlari va ularning benefitsiarlari biror davlat aktiviga yaqinlashtirilmasligi, xususiylashtirish jarayonida qatnashmasligi, davlat xaridlarida ishtirok etmasligi kerak”, – deya yozdi bloger.

“Yangi Angren” IES bo‘yicha xususiy boshqaruv davom etishi mumkin

Bloger talab qilgan javobgarlik masalasining o‘rniga boshqa masala ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin – shuncha zararga qaramay, “Yangi Angren” IESni xususiy boshqaruvchilarga qaytarib berish.

Angren prokurori shahardagi ikkala IES ham ishonchli boshqaruvdan qaytarib olinganini aytgan bo‘lsa-da, lekin hali “Yangi Angren” IES davlat boshqaruviga qaytmagan. Energetika vazirligi matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban hozircha “Angren” IES “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga o‘tkazilganini ma’lum qildi, lekin “Yangi Angren” IES masalasiga aniqlik kiritmadi.

Ta’kidlash kerak, 2100 megavatt quvvat o‘rnatilgan “Yangi Angren” IES – O‘zbekistondagi eng yirik elektr stansiyalaridan biri. Taqqoslash uchun, ishonchli boshqaruv bekor qilingan “Angren” IESning quvvati bundan ancha kam – 393 megavatt.

Otabek Bakirovga ko‘ra, “Central Asia Energy” MChJ “Yangi Angren” IES bo‘yicha ishonchli boshqaruv shartnomasini davom ettirmoqchi. “Mas’ullar orasida hatto bunga rozi bo‘layotganlar ham bor”, deya ma’lum qilgan iqtisodchi.

Shu tariqa, ayni paytda qator savollar ochiq qolmoqda:

  • Xususiy kompaniyaning “Yangi Angren” IES va “O‘zbekko‘mir”dagi ishonchli boshqaruvi bekor qilinadimi yoki davom etadimi?
  • “Central Asia Energy”ga uchta davlat aktivi nega tanlovsiz ishonchli boshqaruvga berilgan? Qaysi shartlar asosida, qaysi sanagacha? Bu oddiy ma’lumotlarning yillardan buyon yashirilishi hukumatning ochiqlik da’volariga soya solmaydimi?
  • Xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha shu va bundan avvalgi orttirilgan tajribalarga davlatning munosabati qanday?
  • Mavjud holatlarni ehtimoliy huquqbuzarlik alomatlari sifatida ko‘rgan holda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taftish o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma beriladimi?
  • Angrenda odamlar oylab sovuq uylarda yashagani hech qanaqa siyosiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydimi?
Top