Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urgut tumaniga prokuror hokimlik qiladi
Urgut tumanini 2020 yildan buyon boshqarib kelgan Botir Jabborov boshqa ishga o‘tmoqda. Uning o‘rniga Samarqand viloyat prokurori o‘rinbosari Dilmurod Sayidqulov yangi hokim etib tayinlandi.
Foto: Samarqand viloyati hokimligi
Samarqand viloyatining yana bir tumanida hokim almashdi.
Bugun, 5 avgust kuni Urgut tumanida ham xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.
Unda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi va Urgut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalarga to‘xtaldi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Botir Jabborov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Urgut tumani hokimi vazifasidan ozod etildi.
Viloyat rahbari Dilmurod Bastamovich Sayidqulov nomzodini Urgut tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Dilmurod Sayidqulov tayinlovga qadar Samarqand viloyat prokurori o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Viloyat rahbari yangi hokimga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi hamda faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Ma’lumot uchun, Botir Jabborov Urgut tumaniga 2020 yil noyabridan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. Uning keyingi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun Samarqand viloyatining yana ikki tumanida hokim o‘zgargandi: Payariq tumanida Isroil Jabborov o‘rniga Shunqor Xudoyberdiyev, Toyloq tumanida Bahodir Bobonazarov o‘rniga Behzod Rahmatullayev yangi hokim sifatida ish boshladi.