Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi va xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan kasalliklar – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi 2026 yil 1 yanvardan ishga tushadi
Prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi.
Sug‘urtaning majburiy va ixtiyoriy shakllari joriy etiladi. Majburiy qamrov — O‘zbekiston Respublikasining “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni bilan belgilanadigan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan moliyalashtiriladi. Ixtiyoriy qamrov — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 foiziga teng oylik sug‘urta badali to‘lash orqali amalga oshiriladi.
Barcha to‘lovlar fuqarolarning minimal sug‘urta staji hamda to‘langan sug‘urta badallariga mutanosib aniqlanadi. To‘lovlar Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.
Xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan kasalliklar ro‘yxati tuzildi
Transport vositasini boshqarishda xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan kasalliklar va holatlar ro‘yxati haqidagi buyruq loyihasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Ro‘yxatga 17 ta kasallik va holat kiritilgan. Ushbu kasalliklar mavjudligi to‘g‘risidagi «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimi orqali shakllantirilgan QR-kodli (shtrixli kod) elektron tibbiy ma’lumotnoma fuqaro biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tomonidan beriladi. Tibbiy ma’lumotnomaning amal qilish muddati 6 oy.
Buyruq loyihasi 14 noyabrga qadar muhokama qilinadi.
Orfan va irsiy kasalliklarga chalingan bolalarga yordam dasturi tasdiqlandi
Prezident qarori bilan 2026–2030 yillarda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat budjeti hisobidan bepul davolanadigan orfan va irsiy-genetik kasalliklar turi 5 tadan 10 tagacha kengaytiriladi. Ushbu toifadagi bolalarning dori vositalari, maxsus oziq-ovqat va tibbiy jihozlar bilan ta’minlanish darajasi 95 foizdan 99 foizgacha ko‘tariladi.
Qo‘shimcha tartibga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan orfan/irsiy-genetik kasalliklarga chalingan 18–21 yoshli bemorlar bepul tibbiy kuzatuvga olinadi va davolash ishlari davom ettiriladi.
Toshkentda bir necha talaba narkotik modda saqlash va sotishda gumonlanib ushlandi
Toshkentda bir nechta oliy ta’lim muassasalari talabalari narkotik moddalarni saqlash va sotishda gumonlanib qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tezkor chora-tadbirlar doirasida gumonlanuvchilardan biri yashash uyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida qator moddalar aniqlandi va olib qo‘yildi.
2025 yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda 46 nafar talaba narkotik moddalar aylanmasi (sotish) bilan bog‘liq ishlarda fosh etilgani xabar qilingan.
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi jahon chempionatida debyut qiladi
Boku shahridagi O‘zbekiston—Ozarboyjon ayollar milliy jamoalari o‘rtasidagi match-turnirda o‘zbekistonliklar 2,5:1,5 hisobida zafar quchib, 2025 yil noyabr oyida Ispaniyaning Linares shahrida bo‘lib o‘tadigan ayollar o‘rtasidagi jamoaviy jahon chempionatiga ilk bor yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Nafisa Mo‘minova rahbarligidagi milliy jamoa tarkibida Afruza Xamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova muvaffaqiyat qozondi.
Mavzuga oid
21:14 / 19.01.2026
Loukoster chiptalari narxining oshishi va dorixonalarda spirt o‘rniga loson – mahalliy dayjest
23:16 / 16.01.2026
Ko‘p kitob o‘qigan xodimga mukofot va poyezd chiptasi narxining oshishi – mahalliy dayjest
21:55 / 15.01.2026
O‘zbekiston uchun 4 tahdid va dronlarning jangovar shay operatorlari – mahalliy dayjest
22:03 / 14.01.2026