O‘zbekiston | 15:22 / 20.05.2021
22117
21 daqiqa o‘qiladi

Xorijdagi shifokorlarni katta maosh va'da qilib qaytarish qanchalik to‘g‘ri qaror? Mutaxassislar bilan suhbat

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev Kun.uz'ga bergan intervyusida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonlik yuqori malakali tibbiyot xodimlarini vatanga qaytishga chaqirdi va xorijdan qaytgan shifokor-mutaxassislarga uyoqdagidan kam bo‘lmagan maosh to‘lanishi, ular yaxshi lavozim va uy-joy bilan ta'minlanishi, ularni qaysi tumandagi qaysi klinikaga joylashtirish masalasi bilan Vazirlar Mahkamasida shaxsan o‘zi shug‘ullanishini aytgandi.

Kun.uz professor, nevrolog Zarifboy Ibodullayev, Saudiya Arabistoni Madina shahridagi qirol Fahad shifoxonasi shifokor-anesteziologi, tibbiyot fanlari doktori Abror Akmalov hamda lor shifokori, uzoq yillar Somalida faoliyat olib borgan, ayni paytda O‘zbekistonga qaytgan Ilhom Mirvaliyevning ushbu tashabbus qanchalik samara berishi haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

– Xolis aytadigan bo‘lsak, bu xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan shifokorlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ikkinchi urinish. Avvalroq ham bunday tashabbus bildirilgan, biroq berilgan katta-katta va'dalarga ishonib vatanga qaytganlarning ko‘pchiligi salohiyatiga munosib joylarga qo‘yilmagani uchun ko‘plab mutaxassislarning hafsalasi pir bo‘lib, ortlariga qaytib ketganini orqavarotdan eshitib yuribmiz. Sizningcha, bu galgi urinish qanday natija beradi? O‘tgan galgi ssenariy takrorlanmasligiga kafolat bormi?

Zarifboy Ibodullayev, professor, nevrolog:

– Avvalo, muhtaram Behzod Musayev bu masalada Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan maslahatlashdimikan, degan savol paydo bo‘ladi. Ikkinchidan, men eng katta tibbiyot dargohi bo‘lmish Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘ttiz yildan buyon ishlayman, kelib hurmatli professorlar, ahvolingiz qanday, akademiyani xorij darajasiga olib chiqish uchun sizlarga qanday sharoitlari qilib berish kerak, nima kamchiliklar bor, deb shu paytgacha kattalarimizdan hech kim yurakdan qiziqqani yo‘q.

Eng qizig‘i, Behzod Musayevning bu intervyusidan keyin men Human.uz’ga chiqib bu haqda gapirdim. Menga hamkasblarim haligacha qo‘ng‘iroq qilib, intervyudan keyin hukumatdan, bosh vazir o‘rinbosari yoki u kishining yordamchilari aloqaga chiqdimi, bildirgan fikrlaringiz bo‘yicha yuzma-yuz suhbatga chaqirishdimi, deb so‘rashadi. Hech kim shu paytgacha men bilan bog‘langani ham, fikrlarimga rasman munosabat bildirgani ham yo‘q.

Zarifboy Ibodullayev

Tizimdagi muammolarni hal qilish uchun birgina SSVning kuchi yetmasligini bilaman. Bu moliyalashtirish bilan bog‘liq. Moliya vazirligi kerakli mablag‘larni ajratmay kelayotgani uchun qanchadan-qancha g‘oyalar amalga oshmay yotibdi. Xorijdan olib kelinadigan shifokorlar bilan ham xuddi shu muammo kuzatilishi ehtimoldan xoli emas.

Shu paytgacha xorijlik mutaxassislar O‘zbekistonda murakkab operatsiyalarni bajarib, kelib-ketib yurishibdi. Ammo ular ma'lum bir ish uchun vaqtincha olib kelinadi, topshirilgan vazifani bajarganidan so‘ng qaytib ketishadi, ya'ni muqim ishlab qolishayotgani yo‘q.

Behzod Musayevning fikricha, xorijdagi o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini doimiy ishlashga olib kelib, ayni paytda chet elda olayotgan oyliklarini berishmoqchi. Buning ostida bir tagma'no bor: hurmatli o‘zbek professorlari, sizlar o‘sha oylikka loyiq emassizlar, sizlar ular darajasida emassizlar degan mazmun chiqadi.

Ta'kidlash kerakki, nazariy bilimni xohlagan joydan olib kelishsin, bunga qarshi emasman. Lekin o‘zbek olimiga kitobda yozilgan dasturlar asosida davolash uchun sharoit qilib berilsin. O‘zbekistondagi tibbiyot xodimlariga xorijdagi sharoitni qilib beramiz, hech bo‘lmasa, Toshkent tibbiyot akademiyasiga eng zamonaviy jihozlarni olib kelamiz, sizlarning darajangizda tibbiy yordam ko‘rsatadigan assistentlar, yordamchilarni ta'minlab beramiz, deyishganda boshqacha gap bo‘lardi. Aslida bu ishlarni 2016 yildayoq boshlash kerak edi. Avval chiroyli sharoitni yaratib qo‘yishsin, keyin xohlagan davlatdan mutaxassislarni chaqiraverishsin, marhamat.

– Sizningcha, O‘zbekiston meditsinasi ahvolini o‘nglash uchun islohotlarni nimadan boshlash to‘g‘ri bo‘lardi? Yoki xorijdagi mutaxassislarni ortga qaytarish eng oqilona qaror hisoblanadimi?

Abror Akmalov, Madina shahridagi Qirol Fahad shifoxonasi anesteziolog-konsultanti, tibbiyot fanlari doktori:

– Rasmiylar biror fikr aytishdan, muhim qaror qabul qilishdan oldin bo‘lib turgan voqealarni tahlil qilish kerak, deb hisoblayman. Bir savol bor, nega xorijga chiqqan shifokorlar O‘zbekistonga qaytib kelishi kerak? Bunga sabab ko‘p fuqarolarimiz murakkab operatsiyalarga ehtiyoji bo‘lgani uchun chet elga chiqishyapti. Qolaversa, aholimiz yurtimizdagi sog‘liqni saqlash tizimidan minnatdor emas.

Nima qilibdi chetga chiqib davolansa deyish mumkin. Birinchidan, davolanish uchun chet elga borgan fuqarolarimiz turli murakkab vaziyatlarga tushib qolishmoqda, ikkinchidan esa O‘zbekistonda yetarli shart-sharoit bo‘lmagani, ayrim turdagi operatsiyalarga haligacha ruxsat berilmayotgani uchun juda katta miqdordagi valuta chet elga chiqib ketmoqda.

Abror Akmalov

Savol tug‘iladi, fuqarolarimiz sog‘lig‘ini tiklash uchun chet elga chiqishyapti? Har bir davlatda bunga sabab bo‘luvchi bir necha omillar bo‘ladi. Fikrimcha, ushbu omillarning birinchisi, o‘zida o‘sha darajadagi operatsiyalarni qila oladigan shifokorlarning yo‘qligidir. Ikkinchisi, O‘zbekistondagi tibbiyotdan ko‘ngli to‘lmasligi bilan bog‘liq. Uchinchisi esa kimdir chet elga chiqib, chet elda yaxshiroq shifo topishiga ishonadi, puli bor va xorijda davolanaman, operatsiyani xorijda qildiraman deyishi mumkin.

O‘zbekistonda bir yilda qancha bemor davolanish uchun xorijga boryapti, asosan qanday operatsiyalar uchun qaysi davlatlarga chiqyapti, buni tahlil qilish, statistikasini yuritish kerak. Shundan so‘ng O‘zbekistonning bu boradagi sharoiti yetarlimimi yoki yo‘q, baho bersa bo‘ladi. Bemorlar O‘zbekistonning o‘zida qilinishi mumkin bo‘lgan operatsiyalar uchun ham xorijga ketishyaptimi yoki yuqorida aytilganidek, ma'lum bir jarrohlik amaliyotlari yurtimizda amalga oshirilmayotgani uchun dardiga chet eldan shifo izlab ketishyaptimi? Chunki aslida chetga chiqib qilinayotgan operatsiyalarning ko‘pini O‘zbekistonda qilsa bo‘ladi.

Ayniqsa, transplantologiya sohasi rivojlanishdan ortda qolib ketdi. O‘zbekistonda 30-40 yillar avval buyrak ko‘chirib o‘tkazishlar juda rivojlangan edi. Keyinchalik yuridik tomondan taqiqlangani uchun ham ortga surilib ketdi. Xayriyatki, so‘nggi yillarda ushbu amaliyot qayta tiklandi.

Muammoning sababi nimada, O‘zbekistonda bu narsani qilish uchun moddiy texnika bazasi bormi-yo‘qmi, agar bo‘lsa, vrachlar yetishmayaptimi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy.

Menimcha, hozir yurtimizdagi tibbiyot muassasalarining moddiy texnika bazasi talabga javob bermaydi. Xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik shifokorlarni olib kelish kerakdir, buni inkor etmayman. Lekin masalaning boshqa jihatlari ham bor.

Menda aniq statistika yo‘q, biroq eshitishimcha, ayni paytda 5-10 ming nafar tibbiyot xodimlari chet elda yuribdi. Bularning hammasini olib borib ish bilan ta'minlab bo‘lmaydi, bu birinchidan. Ikkinchidan, bular chet elda eng kamida ming dollar – yo‘qsa o‘n minglab dollar maoshga ishlayapti. O‘rtacha 3 ming dollar deylik. Xorijdan O‘zbekistonga qaytarib olib kelinadigan tibbiyot xodimlarining har biriga oyiga uch ming dollardan maosh berish – aqlga sig‘maydigan narsa. Bu shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorga o‘xshayapti. Bu masalani yaxshilab tahlil qilish kerak.

Hozir chet elda ishlayotgan shifokorlar O‘zbekistonga olib kelindi ham deylik. Biroq ularga xorijdagidan o‘n baravar ko‘proq oylik bergan taqdirda ham O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarining moddiy texnika bazasi bilan ular xorijda qilgan ishini qila olmaydi. Eng avvalo, shuni to‘g‘rilash kerak.

Fikrimcha, O‘zbekistonda salohiyati, bilimi yuksak bo‘lgan vrachlar ko‘p. Ularning ma'lum bir qismigina chetga chiqib ishlayapti, xolos. Keyingi paytda tibbiyot xodimlariga kuch ishlatish, ularni do‘pposlash, obro‘sizlantirish holatlari ko‘paygani sabab ham bu kasb egalari chet elga chiqib ketishmoqda. Shifokorlarni himoya qiluvchi qonun qabul qilish uchun harakatlar boshlanganiga ham bir necha yil bo‘ldi. Ammo nimagadir qabul qilinmayapti.

Zarifboy Ibodullayev:

– Yaqinda tibbiyot va ta'lim sohasi xodimlari O‘zbekistonda korrupsiyaga eng ko‘p qo‘l urayotgani aytildi. Menimcha, avval tibbiyotning ahvolini yaxshilash, oyliklarni ko‘tarish, xodimlar uchun sharoitlarni yaxshilash lozim. Shundan keyin ham korrupsiya holatlari ko‘pligi saqlanib qolsa, aybdorlar so‘zsiz jazolansa adolatdan bo‘ladi. Men professor ilmiy unvoniga ega bo‘la turib, oyligim ming dollardan sal oshadi. Kezi kelganda 2016 yildan maoshlarimiz ancha ko‘tarilganini aytmoqchiman, buning uchun minnatdorchilik bildiraman. Lekin boshqa mamlakatlar, uzoqqa bormasdan qo‘shni Qozog‘iston bilan solishtirganda bu ancha kam hisoblanadi.

Keling, kichik tahlil o‘tkazamiz. O‘zbekistonda yaxshi vrachlar nega kam? Professor soat 14:00gacha ishlaydi-da, ish vaqti tugagach uyiga ketmaydi yoki o‘z ustida ishlamaydi. Balki aksariyat tibbiyot xodimlari kabi xususiy klinikalarga borib, yana 3-4 so‘m pul topay deydi. U fan nomzodi, doktor bo‘ldi, u yanada rivojlanishi uchun tinmay izlanishi kerak aslida. Ishdan keyin assistentlari bilan birga o‘tirib ishlashi, sohasiga oid yangiliklarni tahlil qilishi kerak.

Agar professor ilmiy unvoniga ega shifokorlar besh ming dollar, ularning assistentlari uch ming dollar ish haqi olishganda edi, ular ish vaqti tugashi bilan xususiy klinikalarga qarab yugurishmasdi. Balki professor assistenti bilan birga ilm qilardi. Assistent ham bilimini oshirardi va talabalarga o‘rgatardi.

– Ilhom aka, nima deb o‘ylaysiz, xorijdagi o‘zbek shifokorlarini ortga qaytarish qanchalik to‘g‘ri qaror? Bu harakat chindan ham tibbiyotimizdagi tizimli muammolarga yechim bo‘lishi mumkinmi?

Ilhom Mirvaliyev, LOR shifokori:

– Bugungi kunda o‘zim tanigan shifokorlardan 50 nafari chet elda. Xorijda ishlab yurgan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini vatanga qaytarish – juda qiyin ish. Chunki qaytib kelib sarson bo‘lib ish topa olmay yurishi mumkin. Masalaning boshqa tarafi ham bor. Biror xorijiy mamlakatda ishlab yurganlar O‘zbekistonga qaytgan taqdirda bu yerdagi tartib va sharoitlarga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi. Chunki u tomondagi sharoitlar, imkoniyatlar, umuman, tibbiyot, davolash ishi umuman boshqacha.

Ilhom Mirvaliyev

Shu sababli avval moddiy-texnik bazani yaxshilab qo‘yish kerak. Kelsa, shuncha oylik berilsayu, ishlash uchun sharoit bo‘lmasa, bu kutilgan natijani bermaydi. Bu bilan faqat muammolar ko‘payadi. Senga oylik berildi, ishlamayapsan, degan gaplar boshlanadi. Bir ishni amalga oshirishdan oldin poydevorini yaratib qo‘yish kerak.

– Siz 13 yil davomida ham xorijda ishlab keldingiz. Oilaviy sharoit taqozosi tufayli O‘zbekistonga qaytgansiz. Qaytganingizdan so‘ng viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kadrlar boshqarmasiga borib uchrashibsiz. Shundan so‘ng ish topa oldingizmi?

Ilhom Mirvaliyev:

– O‘zbekistonga dekabr oyida qaytgandim. Pandemiya vaqti edi, tekshiruvlardan o‘tgan bo‘lsak ham 15 kunlik karantinda bo‘ldik. 2021 yilning yanvar oyi boshida Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining kadrlar bo‘limiga bordim. Xorijdan qaytib kelganimni, ishlamoqchi ekanimni aytdim. Uzoq vaqt chet elda bo‘lganim uchun malaka oshirish muddatim o‘tib ketgan. Shu masalani so‘radim. Ular bu masalani SSVdagi tegishli mutasaddilar bilan maslahatlashib, javob beramiz deyishdi. Bunga ham ancha bo‘ldi. Menga ulardan hech qanday xabar bo‘lmadi. Keyin o‘zim ham bormadim. Xususiy klinikada ishlash taklifi tushdi. Malaka oshirish ishlari hal bo‘lsa, borib ishlash rejamizda bor.

– Abror aka, o‘n yildan beri xorijda ishlayapsiz Boshqa davlatlardagi hamkasblaringiz bilan aloqada bo‘lsangiz kerak. Hech bo‘lmasa so‘nggi 3-4 yil mobaynida Vazirlar Mahkamasi, SSV yoki boshqa mutasaddi idoralardan kimdir sizlar bilan bog‘landimi? O‘zbekiston tibbiyotini rivojlantirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida maslahat, yo‘l-yo‘riq so‘radimi? Hech bo‘lmasa ZOOM orqali xorijdagi o‘zbek shifokorlarining konferensiyasi tashkil etildimi?

Abror Akmalov:

– Bular bo‘yicha murojaatlar bo‘lgani yo‘q. Sizlar bilan oktabr oyida qilgan intervyumizdan keyin boshqa hech kim aloqaga chiqqani yo‘q.

– Ayni paytda xorijda faoliyat yuritayotgan shifokorlarni qaytarib, ularga o‘sha yerda olib turgan maoshlarini beramiz deyishdan oldin ularning fikrini o‘rganish kerak emasmidi? Balki ular qaytmoqchi emasdir?

– Avvalo, qaysi sohadagi shifokorlar yetishmayotganini ko‘rib chiqish kerak. 10 ming vrach chetda yurgan bo‘lsa, ularning ko‘pi oddiy vrachlar. O‘rnini hech kim bosolmaydi, qaytmasa bo‘lmaydi deydigan vrachlar kam. 10-20 nafar bo‘lishi mumkin.

Xorijdan shifokorlar qaytarilishi kerak bo‘lsa, buni ommaviy e'lon qilib ham o‘tirmasdan o‘shalarning o‘ziga chiqib chaqirish mumkin edi. Shifokorlar O‘zbekistonga qaytgach, ish topolmay qolishi mumkinligini Ilhom aka misolida ham ko‘rish mumkin.

Xorijdan olib kelinadigan shifokorlarga xorijdagidek ish haqi to‘lash uchun davlatning juda katta mablag‘i sarf bo‘ladi. Xorijda ishlayotgan tibbiyot xodimlari ham bu yerdagi shifokorlardan katta farq qilmaydi. To‘g‘ri tushunish kerak. Ularga xorijda olgan oyligi berilib, bu yerdagilarning maoshi o‘zgartirilmasa, bu O‘zbekistondagi shifokorlar uchun, qo‘pol qilib aytganda, tarsaki urgandek bo‘ladi. Sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lgan, O‘zbekistonga olib kelmasa bo‘lmaydigan shifokorlarni taklif qilib ishlatsa arzir, lekin hammasini vatanga qaytarib, ularga xorijda olayotgan oyligini berish xato bo‘ladi. Buning o‘rniga mahalliy mutaxassislarga xorijdagidek sharoit yaratish, agar ular eplay olmasa, shundan so‘ng boshqa variantlarni o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi.

Bir shogirdimiz bundan 3-4 yil oldin men bilan aloqaga chiqdi. Magistraturani Koreyada o‘qiyapman, respublika tibbiy markazlaridan birida anesteziolog bo‘lib ishlardim, rahbariyatimga chet elga chiqib o‘qib kelaman deganimda agar shunday qilsang, qaytib kelganingda seni ishga olmaymiz deyishgan. Shunaqa bo‘lsa ham 3 yil magistraturada o‘qidi, o‘qishning barcha xarajatlarini o‘zi to‘ladi. O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng 1-2 yil ish topa olmay yurdi. Hech qayerga ishga olishmadi. U hozir Saudiyaga kelib ishlayapti.

Endi o‘sha bir paytlar oylik berilmagan odamni olib borib, bu yerdagi oyligi berilishi aytilyapti. Bu gaplar qandaydir mantiqqa, reallikka to‘g‘ri kelmayapti. Shuning uchun avval bu masalaning barcha jihatlarini ko‘rib chiqish kerak, tahlil qilish kerak. Masalan, xorijdan olib kelinadigan fuqarolarga o‘sha joydagi ish haqi qaysi manba hisobidan beriladi? Yoki buning uchun maxsus jamg‘arma tashkil etiladimi? Odatda, foydali g‘oya va dasturlarga ham qiynalib pul ajratadigan, ko‘p hollarda pul yo‘q deb turadigan Moliya vazirligi bu tashabbusga rozi bo‘lganmi? Ertaga shifokorlar yaxshi ish joyini tashlab kelsayu, sansalorlik va aldov qurboni bo‘lmaydimi? Xullas, savollar juda ko‘p.

– Ayni paytda xorijda faoliyat yuritayotgan shifokorlarni qaytarib, ularga o‘sha yerda olib turgan miqdordagi maoshlarini berilishi vatanda hamma muammolarga sabr qilib ishlab kelayotgan shifokorlarimizning xorijga ommaviy bosh olib chiqib ketishi bilan bog‘liq yangi to‘lqinni yuzaga keltirmaydimi?

Zarifboy Ibodullayev:

– Birinchidan, bizda hisobot berish o‘ziga xos an'anaga aylandi. Odatda prezident yaxshi takliflarni beradi. O‘zlari ham videoselektor yig‘ilishlarining birida qancha topshiriqlar bajarilmay qolayotganini aytib o‘tdilar. Bugun bir topshiriq berilsa, ertasi kuni hamma mas'ullar OAVga chiqib unday qilamiz, bunday qilamiz deb gapiradi. Ming afsuski, shu bilan barchasi unut bo‘ladi, ko‘p narsa qog‘ozda qolib ketadi, topshiriqlar ijrosi qog‘ozda bajariladi.

Mutasaddilar yoshlar chet elga malaka oshirishga yoki o‘qitishga yuborilsa u yerda qolib ketadi deb menga ko‘p marta aytishgan. Ammo buning mexanizmini qilsa bo‘ladi-ku? Xorijlik olimlar keladi-ketadi, ulardan oladigan foydamiz kam bo‘ladi. O‘zimizning olimlarni chet elga yuborib, xorijlik mutaxassislarga beradigan oylikka o‘qitib olsak, ular vatanga qaytib kelishadi. Tibbiyotimizga buning foydasi ko‘proq bo‘ladi.

Yana aytaman, xorijdan shifokorlarni olib kelaman deyishdan oldin o‘zimizning vrachlar o‘qishi uchun sharoit yaratinglar. Kafedraga kelinglar, bittayam laboratoriya yo‘q. Apparatura yo‘q. Qanaqa o‘qitish mumkin? O‘zbek talabalariga o‘zbek institutlarida xorij sharoitini yaratib bering. Besh yildan keyin biz sizlarga natija beramiz.

– O‘zbekistonda oddiy shifokorlarning o‘rtacha ish haqi 2-3 mln so‘m atrofida. 0,25 stavka asosida 800 ming so‘mga ishlayotganlar ham bor. To‘g‘ri, ilmiy unvoni bor bo‘lsa, 5-6 mln so‘m atrofida oylik olishi mumkin. Biroq xorijdagi tibbiyot mutaxassislariga to‘lanayotgan ish haqlari bilan solishtirganda bu juda kam. Mana shu sharoitda ishlayotgan shifokorlardan kasbiga sadoqat kutish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Zarifboy Ibodullayev:

– Tibbiyot xodimi, vrach doimi o‘z ustida ishlashi, izlanishi, mutaxassisligi bo‘yicha eng yangi kitoblarni sotib olib o‘qib borishi kerak. Hozir yaxshi kitoblar kamida 200-300 ming so‘m. Oyligi hozirgi ahvolda bo‘lsa, bunday qimmat kitoblarni qanday sotib oladi? Bugun tibbiyot kundan-kunga rivojlanib bormoqda, har kuni bir yangilik bor. Ularni o‘zlashtirib bormasa, u normal shifokor bo‘la olmaydi.

Bugungi kunda ba'zi shifokorlarimiz topayotgan puli oilasining ehtiyojlarini qondirishga yetmayotgani uchun bir necha joyda ishlashmoqda. Ishdan keyin navbatchiliklarda turishadi. Es-u dardi faqat pul topish, ro‘zg‘or tebratish, bolasini o‘qitish bo‘lib qolgan. U qachon o‘z ustida ishlashga, bilimini boyitishga vaqt topadi? Qachon tibbiyotga oid yangi adabiyotlarni o‘qib chiqishga vaqt topadi? Qachon sohasiga oid eng so‘nggi kitoblarni birinchilar qatorida qiynalmay sotib oladigan bo‘ladi? Mana shu savollarga javob topilgandan keyin qolgan masalalarga o‘tsa bo‘ladi, nazarimda.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid