O‘zbekiston | 13:31 / 27.09.2025
6809
4 daqiqa o‘qiladi

“Aybdor shaxslarga qat’iy javobgarlik ko‘rilishi shart” – Bolalar ombudsmani bog‘cha bolalari zaharlanishi haqida

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishiga ovqatlantirishda xavfsizlik talablari va standartlari buzilgani, yetarli nazorat bo‘lmagani sabab bo‘lgan. Bolalar ombudsmani bu holatga huquqiy baho berilib, aybdorlar qat’iy jazolanishini so‘ramoqda. Qolaversa, jarayonda MTT autsorserlarining faoliyati o‘rganilishi, ular bilan shartnoma tuzishda korrupsiyaviy xavflar bartaraf etilishi kerakligi aytildi.

Foto: Kun.uz

Bolalar ombudsmani Toshkent viloyatining bir qancha tumanlarida 2 mingga yaqin bog‘cha bolasi zaharlanganiga oid dastlabki o‘rganish natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, bunday noxushliklar bolalar ovqatlanishi xavfsizligini ta’minlashga oid qonunchilik talablari va belgilangan standartlarga rioya etmaslik, bu borada nazorat mexanizmlarining yetarlicha samarali yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida yuzaga kelmoqda. Bola huquqlari bo‘yicha vakil Toshkent viloyatidagi vaziyatni aynan shundan deb baholagan.

Albatta, tergov organlari tomonidan holatga to‘liq huquqiy baho berilib, barcha aybdor shaxslarga qonun doirasida qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishi shart.

Shu bilan birga, bunday noxush holatlarning oldini olish, jumladan ta’lim muassasalarida bolalarning ovqatlanishi xavfsizligini ta’minlash maqsadida sohani tartibga soluvchi standartlarga rioya qilinishi ustidan alohida qat’iy sifat nazorati o‘rnatilishi lozim.

Bunday sifat nazorati mexanizmi bolalar ovqatlanishiga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini doimiy monitoring qilish orqali amalga oshirilishi kerak. Xususan, xizmat ko‘rsatuvchi (autsorser) korxonalar o‘z faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq olib borayotganligi, oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan talablarga javob berishi va boshqa standartlarga rioya etish darajasi doimiy o‘rganilishi kerak”, – deyiladi izohda.

Qo‘shimcha qilinishicha, bolalar ovqatlanishiga oid xizmatlarni ko‘rsatishga oid shartnomalar tuzishda inson omilini minimallashtirish orqali korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish zarur.

Bundan tashqari, xabarda yana bir muhim preventiv chora sifatida bolalar uchun sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarni yetkazib bergan sub’yektlarning mazkur faoliyat bilan qayta shug‘ullanishiga yo‘l qo‘ymaydigan qat’iy mexanizm joriy etilishi keltirilgan.

Ta’kidlanishicha, bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan bolalar ovqatlanishi xavfsizligi sohasidagi muammolarni o‘rganish natijalari va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar mutasaddi idoralarga taqdim etiladi.

Bolalar salomatligi - millat salomatligi demakdir, uni saqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishimiz, har qanday xatarli omillarni bartaraf etishimiz shart”, – deya post yakunlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 25 sentabr kuni ertalab Piskent va Bo‘ka tumanidagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanib kasalxonaga yotqizilayotgani haqida dastlabki xabarlar berilgandi. Bunga sifatsiz kefir sabab bo‘lgani aytilgandi.

Maktab vazirligi kun davomida Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘onda jami 109 nafar bola kasalxonaga yotqizilganini, ularning aksariyati Oqqo‘rg‘onda ekanini ma’lum qilgandi.

26 sentabr kuni Daryo.uz Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlangan bog‘cha bolalari soni 1940 nafarga yetgani, zaharlanish holatlari jami yetti hududda, Oqqo‘rg‘on (413 nafar), Bo‘ka (537 nafar), Piskent (430 nafar), Quyi Chirchiq (64 nafar), Bekobod (98 nafar) tumanlari hamda Olmaliq (285 nafar) va Nurafshon shaharlarida (113 nafar) qayd etilgani haqida xabar berdi.

Shu kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi bolalarning ommaviy zaharlanishi holatlari yuzasidan Bosh prokuraturaga deputatlik so‘rovi kiritdi. Partiya hodisa sabablarini tekshirish va aybdorlarni javobgarlikka tortish zarurligini bildirgan.

27 sentabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov Toshkent viloyatida 963 nafar bola o‘tkir gastroenterit tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilganini, ulardan 269 nafariga davolanishdan keyin uyiga javob berilganini aytib chiqdi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 694 nafar bola hozirda shifoxonada qolgan, 13 nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda.

Bemorlarning aniq hisobi yo‘q – Toshkent viloyati bog‘chalarida bolalar ommaviy zaharlandi

Mavzuga oid