Moliya | 20:42 / 16.09.2025
8766
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda islomiy banklar uchun litsenziyalash joriy etiladi

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy etiladi. Mazkur litsenziya bilan to‘laqonli islomiy bank sifatida faoliyat ko‘rsatish yoki mavjud an’anaviy banklarda islomiy darcha yaratish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, islomiy faoliyatni amalga oshiruvchi banklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish taklif etilyapti.

Foto: Getty images

16 sentabr kungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida O‘zbekistonda islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning ta’kidlashicha, islomiy moliyada savdo va hamkorlikni moliyalashtirish asosiy usullar hisoblanadi. Biroq, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga muvofiq, banklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanish, yuridik shaxslar tashkil etish yoki ularning ustav kapitalida ishtirok etish taqiqlanadi, bu esa cheklovlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQS solish obekti sifatida e’tirof etiladi. Bu esa, savdo orqali amalga oshiriladigan islomiy moliyaviy xizmatlarning an’anaviy moliyaviy xizmatlarga nisbatan qimmatroq bo‘lishiga olib keladi.

Turdaliyevning ma’lum qilishicha, islomiy bankni to‘liq joriy etish nafaqat qonunchilikdagi cheklovlarni olib tashlashga, balki institutsional asoslarni yaratishga qaratilgan kompleks yondashuvni talab qiladi. Shu jihatdan Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, 8 ta qonunga xalqaro tajribadan kelib chiqib o‘zgartirishlar kiritish talab etilyapti.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy etiladi. Mazkur litsenziya bilan to‘laqonli islomiy bank sifatida faoliyat ko‘rsatish yoki mavjud an’anaviy banklarda islomiy darcha yaratish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, asosiy islomiy moliyaviy operatsiyalar: murobaha, mudoraba, mushoraka, vakala, salam aniqlanadi. Islomiy faoliyatni amalga oshiruvchi banklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo faoliyati bilan shug‘ullanishga, yuridik shaxslar tashkil etishga va kompaniyalarning ustav kapitalidagi ulushlarni cheklovlarsiz sotib olishga ruxsat berish taklif etilyapti.

Markaziy bankda va banklarda islomiy moliya kengashi tashkil etilishi, ularning vazifa va funksiyalari belgilanadi. Shuningdek, qonun loyihasi bilan O‘zbekistonda islomiy moliya operatsiyalari uchun maxsus soliq rejimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

«Bu aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga islomiy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi islomiy banklar, islomiy „darchalar“ va islomiy mikromoliyaviy tashkilotlarni tashkil etish imkonini beradi. Natijada muqobil moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi, shuningdek, biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalari joriy etiladi», dedi Turdaliyev.

Deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

BMT Taraqqiyot dasturi so‘rovnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 68 foizi, biznes vakillarining esa 60 foizi diniy e’tiqodi sabab an’anaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

Eslatib o‘tamiz, bundan uch yil oldin, o‘ndan ortiq banklarda islom darchalarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlar boshlangani xabar qilingandi. Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ham ularning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan.

O‘zbekistonda islom moliyasining keng ko‘lamda joriy etilishi 5 mlrd dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga va mamlakatdagi raqobat muhitiga ancha ijobiy ta’sir qilishi mumkinligini davlat rahbari ham aytib o‘tgandi.

2024 yilning may oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani, loyiha yil oxirigacha parlamentga kiritilishini ma’lum qilgandi

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid