O‘zbekiston | 20:45 / 02.10.2020
31088
4 daqiqa o‘qiladi

Senat qo‘mitasi raisi: Guljahon Yo‘ldoshevaga qo‘llangan ehtiyot chorasi o‘zgartirilishi kerak

Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori – viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha Bosh prokuratura rasmiylari bilan suhbatlashdi.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori – viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi. Qamoq ehtiyot chorasi tanlanishiga uning tergovdan yashiringani va rasmiy hujjatlarni nobud qilishga uringani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Kun.uz manbaasi qo‘lga kiritgan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha Bosh prokuratura rasmiylari bilan suhbatlashgan.

O‘zaro suhbat davomida jinoyat ishi tafsilotlari, sodir etilgan qilmishning og‘irlik darajasi, jinoyatni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar muhokama qilingan.

Suhbat davomida B.Matmuratov Guljahon Yo‘ldoshevaning birinchi galda ayol kishi ekanligi, qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi hamda ayollar huquqlarini himoya qilish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini inobatga olib, shuningdek, bordi-yu ayblanuvchining ochiqda qoldirilishi dastlabki tergovga xalal bermaydigan bo‘lsa, unga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasini garov, shaxsiy kafillik yoki uy qamog‘i tarzidagi, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirishni tavsiya qilgan.

Qo‘mita raisining tavsiyalariga Bosh prokuratura rasmiylari tomonidan qanday munosabat bildirgani hozircha noma'lum.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirusga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

Keyinroq bu masalada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov o‘z munosabatini bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashmagani, G.Yo‘ldosheva asossiz ma'lumotlar tarqatayotganini aytdi. 

8 sentabr kuni Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura bu holatga munosabat bildirib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘ladigan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgani va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma'lum qildi

Sudning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati JIB Toshkent viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, ayblanuvchiga nisbatan qo‘llangan qamoqda saqlash bilan bog‘liq ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov u aybsizligini aytib, tergov noxolis olib borilayotganini ta'kidlamoqda.

Mavzuga oid