O‘zbekiston | 22:10 / 18.04.2018
13728
3 daqiqa o‘qiladi

Charm poyabzalchilar muammosi. Bosh vazir o‘rinbosarining va'dasi bajarilmay qolmoqda

Foto: Kun.uz

Saytimiz orqali «Charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar kasod bo‘lish yoqasida – minglab kishilar ishsiz qolishi mumkin» sarlavhasi ostida charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarning muammosi ko‘tarib chiqilgandi.

Maqolada ayni kunda charm mahsulotlarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan xom ashyoni mamlakatimizga olib kirishda berilgan imtiyoz muddati tugagani tufayli, tadbirkorlar qiyinchilikka duch kelgani bayon etilgandi. 

Mazkur maqola e'lon qilingandan so‘ng, bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov, Respublika bosh prokurori o‘rinbosari Erkabay Aminovich Tadjiyev, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasining mutasaddilari ishtirokida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida charm mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tgan. 

Yig‘ilishni viloyat hokimi Xayrullo Hayitbayevich ochib berib, bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirgan, shundan so‘ng Bosh vazir o‘rinosari Nodir Otajonov bugungi kunda hukumat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha katta ishlar olib borilayotgani, aynan charm poyabzal tizimini kompleks rivojlantirish buyicha Prezident qarori imzolanish arafasida turganligini aytib o‘tgan. Shuningdek, u o‘z so‘zida tadbirkorlarga ishlab chiqarish uchun kerakli bo‘lgan xom ashyoni o‘zimizda ishlab chiqarish bo‘yicha takliflar bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlagan.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot samimiy ruhda bo‘lib, savol-javob tarzida davom etgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1050 qarorida belgilangan imtiyoz masalasi atroflicha muhokama qilingan, muloqot yakunida Bosh vazir o‘rinbosari masalaga ijobiy yechim sifatida tegishli choralar ko‘rilishini e'lon qilgandi.

Biroq, tadbirkorlarning ma'lum qilishicha, uchrashuv bo‘lib o‘tganidan beri ushbu masala yechimi bo‘yicha oldinga siljish kuzatilmagan, tadbirkorlarning faoliyati esa kundan-kunga og‘irlashib bormoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid