O‘zbekistonda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, o‘tgan yillar davomida soha rivoji yo‘lida davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik alohida ahamiyatga ega.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yili imzolangan «Mahalliy nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqarish kengaytirilishini rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori fikrimizning ifodasi.

9 yil muqaddam qabul qilingan, raqobatbardosh yuqori sifatli nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va turlarini kengaytirishni rag‘batlantirish, ichki iste'mol bozorini ular bilan yanada to‘liqroq boyitish, tayyor nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqaruvchi yangi mahalliy korxonalarni tashkil etish hamda mavjudlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, buning asosida aholi bandligini ta'minlash, insonlarning daromadlari va farovonlik darajasini oshirish maqsadi bilan hayotga tadbiq etilgan qaror bugungi kunga kelib o‘z samarasini berdi. Xususan, charm tayyorlash va charmpoyabzallari, charmdan ishlangan turli buyumlar ishlab chiqarishda ham qator yutuqlarga erishildi.

Birgina Namangan viloyatini oladigan bo‘lsak, 2017 yil yakuni bilan viloyatda charm mahsulotlari bilan ishlash yo‘nalishidagi 79ta korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular 11,4 mln. dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-fevral oylarida viloyatda ishlab chiqarilgan 638,8 ming dollarlik charm-poyabzali va teri mahsulotlari jahon bozorlarida sotilishiga erishildi.

Albatta, bu natijalarga erishishda davlatimiz rahbari tomonidan yuqoridagi qaror bilan mazkur sohaga berilgan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar muhim rol o‘ynab keldi.

Afsuski, Prezidentning o‘sha 1050-sonli qarorida belgilangan barcha imtiyoz va imkoniyatlar 2018 yil 1 yanvar sanasida o‘z kuchini yo‘qotdi. Tabiiyki, bu bugungi kunda yuzlab korxonalarga salbiy ta'sirini ko‘rsatdi. Kun.uz tahririyati mazkur muammo yuzasidan Namangan viloyatiga bordi va bir qancha tadbirkorlarning xavotirli vaziyati bilan tanishdi.