Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
MH17 halokati. Kreml rad etib chiqdi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Vladimir Putin xalqaro tergov guruhining Malayziya Boeing’i halokati bo‘yicha xulosalarini hali o‘rganib chiqmadi. Bu haqda RIA «Novosti» xabar bermoqda.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti ish jadvalida bo‘sh vaqt yo‘qligi sababli hisobot bilan tanishib chiqmagan. Matbuot kotibidan halokat natijasida qurbon bo‘lganlar yaqinlariga tovon pullari haqida so‘rashganida, u mamlakat tashqi siyosat idorasiga murojaat etishni maslahat bergan. Peskovning ta'kidlashicha, Rossiya ro‘y bergan holatga aloqador ekanini rad etmoqda.
«Niderlandiyada tergov guruhi tomonidan amalga oshirilgan surishtiruv o‘z ichiga Rossiya tomonini qamrab olmadi. Ammo, u yerda Ukraina bor edi», - deya ma'lum qildi Peskov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomoni surishtiruv natijalariga qanday darajada ishonishni bilmayapti, sababi uning to‘laqonli ishtirokchisi bo‘lmagan. Shu bilan birga, Rossiya barcha kerakli yordamni taqdim etishga tayyorligini ma'lum qildi.
«O‘sha paytda Ukraina hududida jangovar harakatlar ro‘y bergandi. Aynan ushbu davlat o‘z havo hududini yopish bo‘yicha kerakli choralarni ko‘rmagan», - dedi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada Malayziya laynerini urib tushirgan «Buk» Rossiyaga tegishli bo‘lgani aniqlangandi.
AQSh hukumati esa Rossiyani Boeing MH17 bo‘yicha yolg‘on bayonotlar berishni to‘xtatishga chaqirdi.
Shuningdek, Niderlandiya va Avstraliya hukumati Rossiyani Malayziyaning Boeing MH17 layneri halokatida rasman aybladi.