Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy biznesi Trampning boj kiritishidan qanday naf ko‘radi
Xitoy mahsulotlariga nisbatan Donald Tramp kiritgan keng miqyosdagi bojlar bu davlat biznesiga yanada raqobatbardosh bo‘lishda yordam beradi, deb yozmoqda Wall Street Journal. Nashrda chop etilgan maqolaga ko‘ra, AQSh bilan savdodagi cheklovlar Xitoy kompaniyalarini yanada samaraliroq ishlashga va yanada murakkab va qimmat mahsulotlarni ishlab chiqarishga undaydi.
Masalan, Shenchjendagi TechTurbo Innovation kompaniyasi uzoq yillardan buyon Amerikaning Qualcomm kompaniyasidan mikrochiplar sotib olgan, so‘ngra ularni «aqlli» soatlar va buyumlar interneti qurilmalarini ishlab chiqarish uchun moslashtirgan. Bojlar joriy etilganidan so‘ng TechTurbo Innovation mijozlari kompaniyadan arzonroq chiplardan foydalanishni so‘radi va kompaniya e'tiborini Xitoyda ishlab chiqarilgan chiplarga qaratishga qaror qildi.
2017 yilda TechTurbo Innovation XXRda ishlab chiqarilgan chiplarning atigi 20%ini sotib olgan, qolgan chiplar Amerikadan olingan, deb yozadi Wall Street Journal. Endilikda kompaniya Xitoyning Telink Semiconductor kompaniyasi ishlab chiqargan chiplarga o‘tmoqda. Natijada 2019 yilda Xitoy kompaniyalarining ishlab chiqarishdagi ulushi 20%dan 50%gacha oshadi.
Apple bilan ishlayotgan yetkazib beruvchilarning boj to‘laydiganlar ro‘yxatiga kiritilmaganini Xitoy biznesining yana bir g‘alabasi deb aytish mumkin. Xususan, Xitoyning Foxconn Technology Group kompaniyasida yig‘ilgan iPhone smartfonlariga boj to‘lanmaydi. Bu kompaniyada 1 mlndan ortiq xodim mehnat qiladi.
Dunguan shahridagi Sintai Furniture kompaniyasi ham bojlardan qutulib qolgan. Kompaniya Amerikaning Home Depot va Costco savdo tarmoqlarida sotiladigan mebellarni tayyorlaydi. Wall Street Journal’ning ma'lumot berishi, Sintai Furniture ishlab chiqarishni Xitoydan Vetnamga ko‘chiradi va ortiqcha boj to‘lashdan qutuladi.
Bu ko‘chib o‘tish dastlab xarajatlarga olib kelsa-da, keyinroq kompaniyaga pullarini tejashga yordam beradi, chunki Vetnamda maoshlar Xitoydagiga nisbatan kamroq to‘lanadi. Natijada Donald Tramp tomonidan kiritilgan cheklov choralari Xitoy biznesining foydasiga ishlaydi: XXR kompaniyalari xarajatlarini kamaytiradi, ishlab chiqarish va amerikalik xaridorlarini saqlab qoladi.
Qo‘shma Shtatlar bilan savdo urushi Xitoy YaIM o‘sish sur'atining pasayishiga olib keladi. Bu yil mamlakatda YaIM 6,5%ga o‘sadi, kelgusi yili esa bu ko‘rsatkich 5,9%ni tashkil etadi, deb taxmin qildi Oxford Economics tadqiqot firmasi.
Buning oldini olish uchun Guandun viloyati hukumati xorij kompaniyalariga viloyat hududida xitoylik hamkorlar ishtirokisiz biznes yuritishga ruxsat berdi. Avvallari xorij kompaniyalari mazkur viloyatda faqatgina guandunlik aksionerlar ishtirokidagina korxona ochishi mumkin edi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyning 200 milliard dollarlik mahsulotlariga 10 foiz miqdorida boj to‘lovi joriy etilishini e'lon qilgandi. Bu qaror 24 sentabrdan kuchga kirdi, 1 yanvardan esa tariflar 25%ga oshadi. Shu bilan birga Amerika yetakchisi agarda Xitoy javob choralarini ko‘radigan bo‘lsa, 267 milliard dollarlik mahsulotlarga boj joriy etishning uchinchi bosqichi boshlanishi mumkinligini bildirgandi.
Bunga nisbatan xitoylik milliarder, Alibaba Group asoschisi Jyek Ma fikr bildirar ekan, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi 20 yil davom etishi mumkinligini aytdi.
Uning fikricha, bunday savdo urushidan ikkala tomon ham hech narsa yutmaydi va savdoda yuzaga keladigan taranglik Xitoy kompaniyalariga ham, xorij kompaniyalariga ham ta'sir ko‘rsatadi. Xitoy biznesi o‘rta muddatli istiqbolda AQSh tomonidan kiritilgan cheklovlarni aylanib o‘tish uchun o‘z mahsulotlarini boshqa mamlakatlarga o‘tkazishga majbur bo‘ladi.