O‘zbekiston | 13:10 / 07.10.2018
29852
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tumanida «beshik to‘y»ga kelgan mehmonlar ovqatdan zaharlandi

4 oktabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumani, «Oltintepa» mahallasi, Ko‘ksaroy-4 ko‘chasida joylashgan 26-uyda bo‘lib o‘tgan «beshik to‘yi» marosimida ovqatdan zaharlanish holati ro‘y berdi. Bu haqda «Kun.uz»ga Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

30 nafarga yaqin kishi ishtirok etgan marosimda dasturxonga olive va funchyoza (pentuza) salatlari, manpar, gril, somsa taomlari, tort hamda tarvuz tortilgan.

Ushbu tadbirda ishtirok etganlardan 2 nafari 5 oktabr kuni soat 19:30da, yana 15 nafari 6 oktabr kuni soat 11:00dan soat 22:30ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, tana harorati ko‘tarilishi kabi kasallik belgilari bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya mikrobiologiya yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti shifoxonasiga yotqizilgan. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng, ularga «O‘tkir diareya», «Ovqat toksikoinfeksiyasiga gumon» birlamchi tashxislari qo‘yilgan. Shuningdek, 1 nafar bemor homilador bo‘lgani uchun Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

«Shifoxonalarda bemorlardan tegishli laboratoriya tahlillari uchun namunalar olinib, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, dori-darmon zaxiralari yetarli. Bemorlarning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda.

Qayd etilgan epidemik vaziyatni joyga chiqib o‘rganish, amalga oshirilayotgan davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirib borish uchun Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, Q.Boqiyev, Toshkent viloyati va Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining malakali mutaxassislari jalb qilindi. Ular tomonidan tadbirda ishtirok etgan mehmonlar ro‘yxatini aniqlash, profilaktika maqsadida shifokor ko‘rigidan o‘tkazish hamda dasturxonga qo‘yilgan taomlar, salatlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini qayerda tayyorlangani va kim tomonidan olib kelingani to‘g‘risida surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Xonadonda taom tayyorlash uchun ishlatilgan oziq-ovqatlar va tayyor mahsulotlar qoldiqlaridan namunalar olinib, Toshkent viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga laboratoriyasiga topshirildi.

Bunday salbiy holatlar kelgusida takrorlanishining oldini olish maqsadida, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga taomlar, salatlar tayyorlash va saqlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iyan rioya qilinishi zarurligidan yana bir bor ogohlantiradi», deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 28 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi to‘yxonalardan birida mehmonlar ovqatdan zaharlangan, bir necha kun mobaynida jami 90 kishi shifoxonaga murojaat qilgandi.

Mavzuga oid