Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘ona bog‘chalarida ommaviy zaharlanish: ovqat yetkazib beruvchi firma tendersiz tanlangan, kim aybdor?
“Garden Catering Trade” MChJ Farg‘ona va Quvasoy shaharlaridagi davlat bog‘chalariga keytering asosida ovqat yetkazib beradi. Qizig‘i, kelib chiqishi Quvasoy hokimi Zafarjon To‘raqulov bilan bog‘lanishi mumkin bo‘lgan bu firma hech qanday tanlovsiz viloyat hokimi imzolagan qaror bilan ushbu imkoniyatni qo‘lga kiritgan. Farg‘onalik shifokor va ayni keytering loyihasining muallifi Muazzam Ibrohimova hududda zaharlanish yuzaga kelishi haqida anchadan beri aytib kelardi. “Bolalar ovqatlanishini biznes qilmanglar, iltimos. Bu shaxslar jazolanishi shart”, deydi u Kun.uz bilan bo‘lgan suhbatda.
Farg‘ona shahridagi bir nechta bog‘chada bolalarning ommaviy zaharlanishi kuzatildi. Oxirgi ma’lumotlarda shifoxonada 70 dan ortiq bola qolayotgani, mas’uliyatni hech kim bo‘yniga olmayotgani aytiladi. Xo‘sh, bunga aslida kim javobgar? Kun.uzʼning navbatdagi materiali shu haqda.
“Garden Catering Trade” MChJ haqida
Gap shundaki, Kun.uz bu mavzuni birinchi marotaba ko‘tarayotgani yo‘q. Aynan zaharlanish kuzatilgan Farg‘onadagi davlat bog‘chalariga ovqat yetkazib beruvchi firma, “Garden Catering Trade” MChJ haqida avvalroq surishtiruv qilgandik.
Ayni keytering loyihasi uchun 2024 yil aprel oyida qo‘shma korxona sifatida “Turan Catering International” MChJ tashkil etilgan. Unga avvaliga 3 ta ta’sischi: turk investorlari (50 foiz), Muazzam Ibrohimova (10 foiz) va Quvasoy hokimi Zafar To‘raqulovning qarindoshi Elbek Jo‘rayev (40 foiz) egalik qilgan.
Bu firma yopilgach, keyin umuman boshqa “Garden Catering Trade” MChJ ochilgan. Kompaniya Iqboljon Bozorov va Yildirim Ademning teng sherikligida bo‘lgan. Hozirga kelib esa firma qo‘shma korxona emas, u 100 foizlik ulush bilan Iqboljon Bozorovga tegishli. 25 fevral sanasida Statistika agentligi bazasidan olingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, firmaning ta’sischisi Mo‘ydinjon G‘ofurovga o‘zgargan. Nega Iboljon Bozorov ta’sischilikdan chiqib ketgani noma’lum. Hujjatlarga ko‘ra, firmaga Shavkat Turdialiyev rahbarlik qilmoqda.
“Turan Catering International” ham, “Garden Catering Trade” ham bir manzil, ya’ni Quvasoy shahrining “Pakana” MFY Nurli yo‘l ko‘chasi 405A-uyda joylashgani qayd etilgan. Bundan ko‘rinadiki, ikkalasi ham nomi boshqa, lekin bitta firma hisoblanadi.
Firma tendersiz tanlab olingan
O‘zbekistonning deyarli barcha hududida bog‘chalar ta’minoti autsorsing – ya’ni mahsulotlar yetkazib berish tartibida ishlasa, Farg‘ona viloyatining ayrim tumanlari keytering – tayyor ovqat yetkazib berish tartibida amal qiladi. Farg‘onadagi keytering xizmatini ana shu “Garden Catering Trade” MChJ amalga oshiradi.
Unga bunday eksklyuziv huquqni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov 2024 yil 25 iyuldagi qarori bilan taqdim qilgan. Hujjatga ko‘ra, aynan o‘sha yili 1 avgustdan boshlab Quvasoy shahridagi davlat bog‘chalarida 5 oy muddatga keytering tizimi joriy etilishi, taomlarni tayyorlash va yetkazish bilan esa Quvasoydagi “Garden Catering” qo‘shma korxonasi shug‘ullanishi bo‘yicha takliflar ma’qullangan. Yil yakuniga qadar tizim Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida ham tashkil etilishi belgilangan. Shunday qilib, firma Farg‘ona va Quvasoy shaharlaridagi bog‘chalarning ovqat yetkazib beruvchisiga aylangan.
Qonunchilikka tayanilsa, autsorsing asosida ishlovchi firmalar davlat xaridlarini tender asosida yutib olishi talab qilinadi. Keyteringga oid tartib esa biror hujjatda qayd etilmagan. Katta ehtimol rasmiylar mana shu lozeykadan foydalanib qolgan bo‘lishi mumkin.
Quvasoy shahar hokimligi matbuot kotibi Dilmurod Jumaboyev o‘sha vaqtda tenderga oid so‘rovlarimizga javoban Farg‘ona vodiysida keytering xizmatini ko‘rsatuvchi korxona yo‘qligi, hududdagi bog‘chalarda ovqatlanish tizimi qoniqarsiz holatga kelgani sababli “Garden Catering” qo‘shma korxonasi 5 oylik sinov uchun tanlab olinganini aytgandi.
Tahririyat o‘zining dastlabki surishtiruvida aynan “Turan Catering International” firmasining avvalgi ulushdorlaridan biri Elbek Jo‘rayev Quvasoy shahar hokimi Zafarjon To‘raqulovga aloqador ekanini dalillar bilan ko‘rsatgandi. Ammo bu sanab o‘tilgan holatlarning birortasiga na Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, na IIV va na Bosh prokuratura e’tibor qaratdi. Oqibatda esa yana o‘sha muammo – bolalarning ommaviy zaharlanishi yuzaga keldi.
“Hech bo‘lmasa shu sohani yemasdan, halol, to‘g‘ri ishlata olmaymizmi?”
Keytering loyihasining asli muallifi, farg‘onalik shifokor Muazzam Ibrohimova bunday muammo yuzaga kelishi mumkinligini avvaldan taxmin qilganini aytadi.
“Farg‘ona viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida ro‘y bergan ovqatdan zaharlanish haqidagi xabarni eshitib, larzaga tushdim, to‘g‘risi. Lekin bu haqida bir necha marta ogohlantirganman. Aytish joizki, ikki yildan beri tinmay ogohlantirib kelardim.
Bu loyiha, ya’ni biz tashkil qilgan “Turan Catering International” loyihasi umuman sohasiga begona va bu sohani yaxshi bilmaydigan odamlarning qo‘liga o‘tib ketgani haqida bir necha marta aytganman, yozganman. Lekin ming afsuski, hattoki prezidentga yozgan shikoyatlarimga ham xuddi mazax qilgandek Zafarjon To‘raqulovdan (Quvasoy shahar hokimi), yo Farg‘ona viloyati hokimligidan javob qaytgani judayam insoniylikdan tashqari narsa edi.
Men aynan o‘sha xatlarimda bolalar zaharlanishi mumkin, bular mutaxassis emas, bular bolalar uchun keytering qilgan odamlar emas, deb bong urganman, bilasizmi? Bu bolalar vafot etishi ham mumkin edi. O‘tkir diareyani qarang, qayt qilyapti, bolaning qayta-qayta isitmasi chiqyapti. Hech bo‘lmasa shu sohani yemasdan, halol, to‘g‘ri ishlata olmaymizmi? Bu sohada aynan shu To‘raqulovga o‘xshagan odamlarning qo‘li bo‘lmasa, soha g‘ildiragi yurmay qoladimi?
Bilasizmi, bolalar taomlanishi, bolalarni ovqatlantirish biznes bo‘lishi kerak emas. Bu sog‘liqni saqlash tizimining bitta bo‘lagi bo‘lishi kerak. Chunki aynan noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli turli xil kasalliklar kelib chiqyapti. Turan Cateringʼni tashkil qilishimdan ham yagona maqsadim bor edi: bolalar taomlarini individual, salomatligiga moslab turib va o‘sha orqali har xil og‘ir kasalliklarning oldini olish edi. Bolalarni jismonan, ruhan sog‘lomlashtirish edi. Lekin bu loyihani bizdan o‘g‘irlagan nokaslarning umuman niyati boshqa bo‘lgan”, – deydi u.
Ibrohimovaning qo‘shimcha qilishicha, aynan shu firmaning taomini hozirda 45 ming nafar bola iste’mol qiladi. Ularda ayni ovqatlardan zaharlanish holatlari avval ham uchragan, ammo ishlar yopdi-yopdi qilingani aytilmoqda.
“Masalan, bitta brutsellyozli tuxum agar go‘shtning ichiga tushib qolsa yoki bo‘lmasam, qanaqadir mikrobi bor ko‘kat, sabzavotlar, yana bir boshqa mahsulotlarning ichiga tushib qolsa, bu yerda tizimli zaharlanish kelib chiqadi, bolalar zaharlanadi. Bolalar qo‘y, mol, eshak emas. Bolalarni har tomonlama himoya qilish uchun ham talabga, sanitariya-gigiyenik talablariga mos keladigan jihozlarni qo‘yaylik, deb men aytganman. Buni turkiyalik investorlarimiz ham aytishgan. Lekin ming afsus, umuman bu talablarga javob bermaydigan holatda ishlashgan.
Bog‘chalarga ovqat tashishi kerak bo‘lgan maxsus termal idishlarning eng yaxshisini, talabga javob beradiganini, temperaturani bir xilda saqlab, achitmasdan olib boradiganini biz sal qimmatrog‘ini tanlab qo‘yganimizda, “eh, buning ikki baravar arzoni Xitoydan ham kirib keladi”, deb mana, nimaga olib keldi.
Bu yerda bitta yagona aybdor bor. U ham bo‘lsa, Quvasoy shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov. Chunki “Turan Catering”ga ham o‘zining jiyanini tiqqandi. 40 foiz ulushni berasan, deb oxiri hammamizni haydab chiqarib, loyihamizni o‘g‘irlab, ham o‘sha Pakana mahallasida, ham Buvaydada ikkita keyteringni qilib, o‘zining qarindosh-urug‘i yoki bilmayman [kiritgan], hozir Iqbol Bozorov degan[i bo‘lgan], hatto bu inson haqida ham yaxshiroq surishtirib ko‘rishingizni xohlayman.
Xullas, bolalar ovqatlanishini biznes qilmanglar, iltimos. Bu shaxslar jazolanishi shart. Mana, elektrdan yaqinda 9 milliard so‘mlik qarzlari bor. Ancha ishchilarni haydashgandi, ancha oshpazlarni, haydovchilarni bo‘shatishgandi va bilasizmi, o‘sha yerda ishlab kelayotgan, ishlab haydalgan sobiq ishchilar, oshpazlar bilan gaplashganimda shunday bir qo‘rqinchli gaplarni gapirishadiki, men qo‘rqib ketgandim. Shuning uchun qayta-qayta yozayotgandim”, – deydi Ibrohimova.
Suhbatdoshimiz bu holatlarga tegishli organlarning sergak bo‘lib, chora ko‘rishini qat’iy so‘rab talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa “Garden Catering Trade” korxonasi faoliyatini o‘rganib, xizmatlarida bir qancha talablarga rioya qilinmagani, xususan, taomlarning retseptura to‘plami, tarkibiy qismi hamda energetik qiymati sanitariya talablari asosida ishlab chiqilmagani, tarbiyalanuvchilarga yetkazib beriladigan taomlarni tashish, saqlash va iste’molga berilishiga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha tizimli ishlar belgilab olinmaganini aniqlagandi. Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hokimidan Quvasoydagi keytering korxonasiga oid qarorini bekor qilishni talab qilgandi.
Kun.uz shularning natijasi bo‘yicha vazirlik va qo‘mitaga savol yubordi. Maktab vazirligi doimgidek so‘rovlarimizni befarq qoldirishni ma’qul ko‘rdi. Raqobat qo‘mitasi esa ayni masalaga izohni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda mahalliy hokimlik berishini aytdi.
Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xozirda vaziyat Farg‘ona viloyati prokuraturasi, IIB hamda boshqa mutasaddi idoralarning ma’sullari tomonidan o‘rganilmoqda. Barcha tegishli turdagi ekspertizalar tayinlangan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Avvalroq Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Rahmonova ushbu vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ombudsmanning mintaqaviy vakili voqea joyiga yetib borgan, hozirda tergovga qadar tekshiruv doirasida hujjatlar tahlili va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘tgan yili zaharlanishga oid keyslar Toshkent viloyatining bir qancha tumanlarida ham kuzatilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Hozirda 11 kishi qamoqqa olingan va ularga sud yaqin kunlarda boshlanadi.
Mavzuga oid
17:44
Farg‘onada bolalar zaharlangan bog‘chalarga ovqat yetkazib bergan firma ta’sischisi o‘zgarib qoldi
17:25
Befarqlik ortidan fojia: Farg‘onadagi bog‘chada bolani yuqori kuchlanishli tok urdi
11:53
Farg‘ona bog‘chalaridagi zaharlanish: ta’minotchi korxona hokimlik imtiyozidan foydalangan
17:22 / 24.02.2026