O‘zbekiston | 20:04 / 15.10.2018
11749
4 daqiqa o‘qiladi

Yana bir Nobel mukofoti sovrindori - turkiyalik Aziz Sanjar O‘zbekistonda

O‘zbekistondagi o‘quv jarayonlariga yetakchi xorijiy olimlarni jalb qilish maqsadlarida O‘zbekiston Milliy Universiteti hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tashabbusi bilan kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, janob Aziz Sanjar O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bugun, 15 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov turkiyalik Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar bilan uchrashdi.

Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev

Shuningdek Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbari Inom Majidov ham olim bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston tomon mashhur olimning yurtimizga tashrifi yoshlarimizning ilmiy tadqiqot ishlariga bo‘lgani qiziqishi ortishida, ularning o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yib, tanlagan sohasida ijobiy yutuqlarga erishishida sezilarli turtki bo‘lishini qayd etdi.

O‘z navbatida, janob Aziz Sanjar O‘zbekistonda o‘zini Ona-Vatanidagidek his qilayotgani, o‘ziga berilgan Nobel mukofoti butun turkiy xalqlar mukofoti deb hisoblashini alohida ta'kidladi. Shuningdek, taniqli olim o‘zbek allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini e'tirof etar ekan, ilm-fan taraqqiyoti fundamental tadqiqotlar bilan uzviy bog‘liqligini qayd etdi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Turkiyalik olim, Shimoliy Karolina Universiteti (AQSh) biokimyo va biofizika fanlari professori 15-22 oktabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib, Milliy Universitetning yosh mutaxassislari, bakalavr, magistrant va doktorantlari uchun ma'ruzalar o‘qiydi, shuningdek molekulyar biologiya sohasida mutaxassislar bilan tajriba almashadi. Bundan tashqari, u respublikamiz yosh olimlarini ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga jalb qiladi.

Janob Sanjar Azizning Toshkentga tashrifi vaqtida uning shuningdek Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Bashar Shen, Milliy Universitet rektori A.Marahimov, TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Isxan Chag‘lar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Nobel mukofoti sovrindori tashrifi davomida O‘zbekiston Milliy Universiteti molekulyar biologiya sohalararo qo‘shma laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, 18-21 oktabr kunlari Aziz Sanjar O‘zbekistonning tarixiy shaharlari - Xiva, Urganch, Buxoro va Samarqandda bo‘ladi hamda u yerlarda ham yosh olimlar bilan uchrashadi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, bu - joriy yilning o‘zida ikkinchi Nobel mukofoti sovrindorining O‘zbekistonga tashrif buyurishi. Bundan avval KUN.UZ'da Nobel mukofoti sovrindori Ryodzi Noyorining O‘zbekistonga tashrifi haqida ma'lumot berilgan edi.

Noyori o‘zbekistonlik talabalar bilan muloqot qilib, ilm-fanning so‘nggi yutuqlari, o‘z hayotiy tajribasi va ilmiy natijalari bilan o‘rtoqlashgan.

Mavzuga oid