O‘zbekiston | 15:50 / 19.10.2018
41523
3 daqiqa o‘qiladi

Angren hokimi ishdan olindi

Toshkent viloyati, Angren shahri hokimi Hakimjon Mamasodiqovich Abdulazizov 17 oktabr kuni ishdan ketgan.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati «Kun.uz»ga xabar qilishicha, Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimovning 18 oktabrdagi qaroriga binoan Xalq deputatlari Angren shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Shukurulla Nasimxonovich Maxmudov Angren shahrining yangi hokimi etib tayinlangan.

Shukurulla Maxmudov
Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Shukurulla Maxmudov shu kungacha «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi.

U 1974 yilda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1996 yil Toshkent davlat texnika universitetini (kunduzgi) bitirgan.

Shukurulla Maxmudov 2016-2018 yillarda «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi «Markazgazta'minot» unitar korxonasi direktori lavozimida ishlagan, keyinchalik «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali boshlig‘i bo‘lib o‘z ish faoliyatini davom ettirgan. 

2007-2017 yillarda O‘zbekiston respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Hakimjon Abdulazizov 2017 yildan buyon Angren shahri hokimi edi.

14 oktabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta yig‘im-terimi masalasiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda shu masalada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan hokimlar, mansabdorlar qattiq tanqid qilingandi. 

Bosh vazir selektor vaqtida viloyatlar hokimlariga respublika bo‘ylab 10 hokimni ishdan bo‘shatish bo‘yicha taqdimnomalar kiritish haqida topshiriq bergandi. Bu ro‘yxatda Angren shahri hokimi ham bo‘lgan.

Hozirgacha respublika bo‘ylab 5 hokim ishdan ketgani ma'lum bo‘ldi. Farg‘ona viloyatida Farg‘ona shahri va Farg‘ona tumani hokimi, Xorazm viloyatida Urganch tumani hokimi, Andijon viloyatida Oltinko‘l tumani hokimi, Sirdaryo viloyatida esa Guliston tumani hokimi paxta hosilini yig‘ib-terib olishdagi sustkashligi uchun ishsiz qolgan.

Mavzuga oid