O‘zbekiston | 14:30 / 25.10.2018
20588
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta-2018. Bo‘ka tumanida bosh soliqchi ham o‘zgardi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumaniga davlat soliq inspeksiyasining yangi rahbari tayinlandi. Bu haqda «Kun.uz» manbasi xabar bermoqda.

Davlat soliq qo‘mitasining tegishli buyrug‘iga asosan, bu lavozimni Shuhratali Imomov Toyirovich egallagan.

Shuhratali Imomov 1977 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2005 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

2008-2012 yillarda Davlat soliq qo‘mitasining Rejim va kadrlar bilan ishlash bosh boshqarmasi davlat soliq xizmati organlarida xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimi sifatida faoliyat olib borgan.

2012-2016 yillarda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining rejim va kadrlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, 2016-2017 yillarda Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining rejim va kadrlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, 2017 yildan yangi lavozimga tayinlangunga qadar esa Chilonzor tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Bo‘ka tumani DSI sobiq boshlig‘ining ishdan ketishi ko‘p ehtimol bilan 2018 yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bilan bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, 12 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga tashrif buyurib, paxta terimini ko‘zdan kechirgandi. Prezident tashrifi davomida qator kamchiliklar aniqlangan, ayrim davlat amaldorlarining faoliyati tanqidga uchragandi.

Ushbu tashrif ortidan Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov hayfsan olgan, viloyat IIB boshlig‘i va prokurori o‘zgargan, Bo‘ka tumani hokimi No‘monali Izbosarov ikki oylik maoshidan mahrum etilgan, tuman prokurori va tuman IIB boshlig‘i ham ishdan olingan.

Mavzuga oid